Nazarboyev: "Bundan buyon tanqidchi kuzatuvchilar saylovlarga kelmaydi"

Image copyright Reuters
Image caption Nazarboyev bundan buyon saylovlarga xalqaro kuzatuvchilar taklif etilmasligini bildirdi

Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev bundan buyon mamlakatga boshqalar tomonidan yollangan xalqaro kuzatuvchi va mutaxassislar taklif etilmasligini ma‘lum qildi.

15 yanvar kuni muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarini Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hamda AQSh Davlat Departamenti nodemokratik bo‘lganini qayd etishgandi.

"Saylovlarimizni tanqid qiluvchi kuzatuvchilar, boshqalar tomonidan yollangan ekspertlarni Qozog‘istonga boshqa taklif qilmaymiz", - deb aytdi "Nur otan" partiyasi siyosiy kengashining yig‘ilishida chiqish qilgan Nursulton Nazarboyev.

Davlat rahbari ko‘pchilik kuzatuvchilar va mutaxassislar o‘tgan parlament saylovlarini adolatli va shaffof o‘tganini tan olishganini ta‘kidlagan.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qozog‘iston parlament saylovlari nodemokratik o‘tganini ta‘kidlagan. Tashkilot kuzatuvchilari saylovchilarning soni borasida ham shubha bildirishgan.

"Endi parlamentingizda uch partiya bo‘ldi. Biroq ushbu natija boshqarilgan jarayon oqibatida olingan bo‘lishi mumkin. Biz guvohi bo‘lgan va Markaziy Saylov Komissiyasi keltirgan qatnashuvchilar sonini, hatto Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish mumkin", - deya kinoya qilgan OXHT tomonidan kelgan kuzatuvchilar hay‘atining rahbari Miklosh Xarrasti.

AQSh Davlat Departamenti ham bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarini "xalqaro me‘yorlardan yiroq," deya baholadi.

Qozog‘iston muxolifati esa saylovlarni mustaqil Qozog‘iston tarixidagi "eng nopok saylovlar" deya atadi.

1,5 foizdan sal ko‘proq ovoz olib parlamentga kira olmay qolgan "Azat" umummilliy sotsial demokratik partiyasi 17 yanvar kuni Olma ota shahridagi markaziy maydonda norozilik aktsiyasi o‘tkazdi.

Partiya o‘z tarafdorlarini 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan yana bir namoyishga taklif etdi va ushbu namoyishning ommaviy bo‘lishini va‘da qildi.

"Azat" partiyasining raisdoshlaridan Bo‘lat Abilov prezidentning xalqaro kuzatuvchilarni taklif etmaslik taklifiga o‘zining Facebook dagi sahifasi orqali munosabat bildirdi.

"Unga (prezident Nazarboyev) Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan saylovlar haqidagi xulosalar yoqmadi. Unga saylovlar erkin bo‘lmadi, adolatsiz o‘tdi deya haqiqatni gapirishsa, yoqmaydi. Unga hukumat tepasida avtoritar rejim turgan sobiq Sovet davlatlarida bo‘lib o‘tgan saylovlarni ma‘qullovchi MDHdan kelgan kuzatuvchilar yoqadi", - deydi Bo‘lat Abilov.

Muxolifatchi Nursulton Nazarboyevning 2010 yilda OXHT ga raislik qilib "davrinii surganini", hammaga islohot o‘tkazishni va‘da qilib, oqibatda hech narsani bajarmaganini qo‘shimcha qiladi.

15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarning natijalari ma‘lum qilindi.

Parlamentda Prezident Nazarboyevning "Nur otan" partiyasi 83 o‘rinni, "Aq jo‘l" 8 o‘rin va Qozog‘iston Kommunistlar Xalq partiyasi 7 o‘rinni egalladi.

Parlamentning yangi tarkibi ertaga ish boshlashi kutilmoqda.