Mashhur fotograf Umida Ahmedova Kodak kasodga uchraganidan afsusda

Image copyright Umida Ahmedova
Image caption Umida Ahmedovaning suratlari ko‘plarga tanish...

Amerikaning Istman Kodak shirkati kasodga uchragan. Kodak bir asr avval qo‘l kamerasini ixtiro qilgan va oddiy odamlarga surat olish imkoniyatini taqdim qilgan. Biroq, tahlilchilarga ko‘ra, Kodak shirkati raqamli kamera kabi zamonaviy rusumdagi texnologiyalar bilan raqobatga bardosh bera olmadi.

1880-yillarda Jorj Istman kashf qilgan Kodak 20-asrning eng taniqli mahsulotlaridan biriga aylandi. Uning fotokameralari "Kodak lahzalari" deya tamg‘alangan oilaviy suratlardan tortib tarixiy hodisalargacha millionlab voqealarni hujjatlashtirdi.

Niyl Armstrong odamzotning ilk marta oyga qo‘nishini Kodak kamerasi bilan suratga olgandi.

Biroq, raqamli texnologiyalar bobida oqsagan Kodakning qiymati o‘tgan 15 yil ichida 31 milliard dollardan 150 million dollarga tushib ketdi.

U o‘zini qayta tiklash ilinjida bir milliard dollarlik kredit yiqqan. Shirkat rahbariyati Kodakni saqlab qolish uchun uning mahsulotlari patentlarini sotib ko‘proq daromad yig‘ishga umid qilmoqda.

Image copyright BBC World Service
Image caption Jorj Istman (chapda) 20-asrning eng ajoyib mahsulotlaridan birini kashf qilgani e‘tirof etilgan

O‘zbekistonlik taniqli fotograf va hujjatli kino ustasi Umida Ahmedovaning aytishicha, Kodakning tugatilishi bilan butun boshli davr nihoyasiga yetayotgan bo‘lishi mumkin, ammo fotoplyonkali tasvir bilan xayrlashishga xali erta.

Uning aytishicha, Kodak rusumidagi kameralardan hozirda professional suratkashlar emas, balki havaskorlar va oddiy odamlar foydalanadi, lekin uning kino va fotoplyonkalari ommabop.

"Shu kunlarda plyonka ishlatish kamayib ketganiga, shuncha narsani ushlab turish og‘ir bo‘lsa kerak firmaga", - deydi u.

Umida Ahmedova fotograflarning avvalgi avlodi namoyondasi sifatida plyonka bilan ishlashni afzal ko‘rishini aytadi.

"Lekin, plyonkani chiqarish, proyavka degan gaplar og‘ir bo‘lib ketayapti, shuning uchun tsifrovoy apparatga o‘tishga majbur bo‘ldik", - deydi taniqli suratkash.

Ko‘p professional fotograflar raqamli kameralar plyonka bilan olingan suratlardagi sifatni yetkazib bera olmasligini aytishadi. Ahmedova xonim ham shunday fikrda.

"Masalan, ton degan narsa bor, fotoplyonka o‘sha tonni yumshoqroq ko‘rsatadi. Fotoplyonkada boshqacha kayfiyat bor. Tsifrovoyda esa kontrastlari ko‘payib ketishi mumkin. Plyonkada portretlar olganingizda boshqacha kayfiyat bo‘ladi, kontrastlar yumshatiladi", - deydi Umida Ahmedova.