Afg‘on askari to‘rt nafar NATO zobitini otib o‘ldirgan

Image copyright AFP
Image caption NATO tarkibidagi frantsuz qo‘shinlari shu yil oxirida Afg‘onistonni tark etishi kutiladi

Kobul shimolidagi Kapisa viloyatida Afg‘oniston armiyasi askari frantsiyalik harbiylarga qarata o‘t ochgan.

Ulardan to‘rt kishi halok bo‘lgan, 16 nafari yaralangan. Frantsuz harbiylari voqea joyida afg‘on askarini qo‘lga olishganini aytishmoqda.

To‘rt askari o‘ldirilganini tasdiqlagan NATO esa hodisa borasida qo‘shimcha ma‘lumot bergani yo‘q. Ushbu hujum ortida kim turgani va yo afg‘on askari Tolibon tarafidan yollangan bo‘lganmi yo yo‘qmi, degan savollar ham ochiq qolmoqda.

So‘nggi hujum sodir bo‘lgan Tag‘ob tumanida hali yarim yil ilgari ham besh nafar frantsiyalik askar xudkushlik hujumida o‘ldirilgandi.

Hozir NATO kuchlari tarkibida Afg‘onistonda joylashtirilgan 3 yarim mingdan ko‘proq frantsuz askarlari joriy yil oxirida chiqib ketishni boshlashlari kerak.

Afg‘on askarlari tarafidan xorijiy kuchlarga qarata o‘t ochish so‘nggi yillari bir necha marotaba kuzatilgan. Ko‘p hollarda bu askarlar aslida Tolibon yollagan jangarilar, deb aytiladi.