BBC navigation

Nima uchun Rossiya Tolibonni quvvatlashga rozi bo‘lmagandi?

Сўнгги янгиланиш 20 январ 2012 - 15:42 GMT

Sergey Ivanov Tolibon taklifiga Rossiya keskin javob qaytarganini xotirlaydi

2001-yilda toliblar Rossiyaga AQShga qarshi birgalikda kurashishni taklif qilgan, ammo bu taklifga Rossiya keskin javob qaytargan, deyiladi BBC tomonidan tayyorlangan "Putin, Rossiya va G‘arb" nomli hujjatli filmda.

O‘sha paytda Rossiya mudofaa vaziri bo‘lgan Sergey Ivanov film mualliflariga Tolibon harakatining mazkur taklifi Afg‘onistonda AQSh boshchiligidagi ittifoqchi kuchlar amaliyoti boshlanishidan bir necha kun o‘tib ilgari surilganini aytgan.

"Tojikston va Afg‘oniston chegarasida toliblar vakillari bizning chegarachilarga aloqaga chiqishdi, - deb xotirlaydi Sergey Ivanov. - Vakillar ularda Mullo Umar vakolati borligini aytishdi va Rossiyaga Tolibon bilan birgalikda AQShga qarshi kurashishni taklif qilishdi".

"Bu taklifga butun dunyoda ma‘lum "F… off" degan inglizcha haqorat bilan javob qaytardik," - deb eslaydi Sergey Ivanov.

Rezidentdan prezidentgacha

To‘rt qismdan iborat filmning birinchi qismi "Hukumatga kelish" deb ataladi.

Unda Vladimir Putinning avval Rossiya bosh vaziri va so‘ngra prezidentiga aylanishidan tortib, milliarder biznesmen Mixail Xodorkovskiyning hibsga olinishiga qadar bo‘lgan davr haqida hikoya qilinadi.

Film asosan mazkur hodisalarda bevosita ishtirok etgan sisyosatchilar va guvohlar, jumladan Vladimir Putinning o‘zi, Mixail Kasyanov, Andrey Illarionov, Mixail Xodorkovskiy, Kolen Pauell, Kondoliza Rays va Gerxard Shreder bilan bo‘lgan suhbatlardan iborat.

AQSh sobiq davlat kotibi Kondoliza Rays 2001-yilda prezident Jorj Bushning Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvini eslaydi.

Unga ko‘ra, Putin Amerika rahbarini Pokistonning afg‘on toliblarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashi va "vaziyat Bush prezidentligi davrida izdan chiqib ketishi" haqida "o‘ta dramatik tarzda" ogohlantirgan.

Raysi xonimning afsus bilan qayd etishicha, Jorj Bush "Putinning payg‘ambarona so‘zlariga quloq solmadi".

Sobiq davlat kotibiga ko‘ra, 2011-yil 11-sentyabrida Putin unga Moskva zaruriy yordamni berishga tayyor ekanini aytgan.

Ana o‘sha suhbatdan keyin Kondoliza Rays "birinchi marta sovuq urush haqiqatan ham tugadi, deb ishondim," deya e‘tirof etadi.

NATO sobiq bosh kotibi lord Robertsonning xotirlashicha, Bryusselda bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuvda Putin undan: "Rossiyani NATOga qachon taklif qilmoqchisiz?" - deb ochiqcha so‘ragan.

"Men, taklifnoma jo‘natmaymiz, NATOga qo‘shilmoqchi bo‘lganlar ariza berishadi, dedim… U esa har kim bilan ham navbatga turavermaymiz, degan gapni aytdi", - deydi Robertson.

Ayni damda Olmoniyaning sobiq kantsleri Gerxard Shreder Rossiyaning NATOga qo‘shilishi ham unga va ham ittifoqqa foydali ekaniga, ishonchi komil bo‘lganini qayd etadi.

Terrorizmga qarshi kurash

Kondoliza Rays Iroq masalasida Fransa va Olmoniyaning Rossiya bilan bir mavqeni egallagani uni ranjitganini aytadi

Afg‘oniston urushining boshlanishini xotirlar ekan Sergey Ivanov nima uchun AQShning Markaziy Osiyo respublikalari hududlaridan foydalanishi masalasida qat‘iy mavqeni egallaganini tushuntirdi.

"Biz mintaqaga Amerika joylashishi bilanoq demokratiyani o‘rgata boshlaydi va mintaqada biz uchun foydasiz siyosiy jarayonlar boshlanib ketadi, deb xavotirga tushgandik", - deb ta‘kidlaydi Ivanov.

"Yaxshi eslayman, (Afg‘onistonda amaliyot) 7-oktyabrda Putin tug‘ilgan kunda boshlandi. Biz birga ovqatlandik… va men, Vladimir Vladimirovich, mana sizga tug‘ilgan kuningizga tuhfa, deb hazillashdim", - deya xotirlaydi Sergey Ivanov.

Amalda Vladimir Putin Rossiya mudofaa vaziri fikriga qarshi chiqib, amerikaliklarga Markaziy Osiyoda o‘z harbiy bazalarini joylashtirishga ruxsat bergan.

Ammo Iroq urushi arafasida bo‘lib o‘tgan ommaviy qirg‘in qurollari haqidagi bahslashuv amerikaliklar istaganday yakun topmadi.

"Men Rossiya biz taqdim etgan ma‘lumotlarga ko‘nmasa ham, hech bo‘lmasa, bizga qarshi chiqmaydi, deb o‘ylardim", - deb hikoya qiladi Kondoliza Rays.

AQSh davlat kotibini alohida ranjitgan holat Iroqqa bostirib kirish masalasida Rossiyaning Fransa va Olmoniya bilan bir bo‘lib, Vashingtonga qarshi chiqishi bo‘lgan.

"AQSh ittifoqchilarining biz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalada Rossiya bilan bir mavqeda bo‘lib olishgani bizga yoqmadi", – deb xotirlaydi Kondoliza Rays.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.