Karimov O‘zbekistonda o‘sish sur‘atlari yuqori bo‘lishini bashorat qildi

Image caption Islom Karimovning ishonishicha, O‘zbekistonda kelgusi yillarda o‘sish sur‘atlari yuqori bo‘ladi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov mamlakatda o‘sish sur‘atlari kelgusi yillarda yuqori bo‘lishini bashorat qildi.

Uning bu bashorati O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2011-yil yakunlari va 2012-yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida yangradi.

Islom Karimov o‘z chiqishida Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi missiyasi hisob-kitoblariga tayandi.

"Missiya 2011-yilda Yalpi Ichki Mahsulot 8.3% ko‘payishini kutmoqda va o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur‘atlari saqlanib qolinishini bashorat qilmoqda," - deb aytdi Islom Karimov.

Shuningdek, u o‘tgan besh yilda O‘zbekistonda o‘rtacha o‘sish sur‘atlari 8.5 foizni tashkil etganini aytdi.

Unga ko‘ra, bu Markaziy Osiyodagi o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichlaridan "ancha yuqoridir".

Islom Karimov global moliyaviy inqiroz O‘zbekistonni chetlab o‘tganini aytdi.

"Qator yillar davomida kuzatilgan byudjet profitsiti, rasmiy zahiralar darajasining yuqoriligi, davlat qarzining kamligi, barqaror bank tizimi va xalqaro moliyaviy bozorlardan qarz olishga ehtiyotkorlik bilan yondashish, mamlakatning global inqirozning bevosita oqibatlaridan himoya qildi," - dedi Islom Karimov.

O‘zbekiston prezidenti mamlakat bank tizimini ham olqishladi.

"Bir vaqtlar, ya‘ni o‘n yil oldin bizning zahiralarimiz va boyliklarimiz, hammasi bo‘lib, 54% chetdan olingan qarzlar hisobidan bo‘lsa, mana o‘tgan yili - 2011 yilda bizning banklarda saqlanayotgan depozitlarni 85.3% endi o‘zimizni, avvalambor, topgan pullarimizdan bo‘layotganini, bu nimaning ifodasi deb javob beradigan bo‘lsak, bu avvalambor, biz tobora mustahkam bo‘lib borayotganimiz, avvalambor o‘z kuchimizga, o‘z salohiyatimizga ishonib yashayotganimizning yaqqol dalilidir," - dedi Islom Karimov.

Internet xizmatlari uchun tariflarni qisqartirish siyosati tufayli, Islom Karimovga ko‘ra, O‘zbekistonda intrenetdan foydalanuvchilar soni deyarli 8 millionga yetgan.

"Internet xizmatlaridan foydalanish tariflarini 27%ga kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etdi. Hozirgi kunda, buni juda katta mamnuniyat bilan ta‘kidlashimiz kerak, mamlakatimiz aholisining 8 millionga yaqini internet tarmog‘idan faol foydalanmoqda," - deb aytdi O‘zbekiston prezidenti.

Islom Karimovning ta‘kidlashicha, 2012-yil uchun tasdiqlangan davlat byudjetida jami xarajatlarning 60%dan ko‘prog‘ini aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 6%dan 5% tushirilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining eng past stavkasi 10%dan 9%ga pasaytirilgan.

Bu, Islom Karimovning qayd etishicha, avvalo, kam daromad ko‘ruvchi aholi tabaqasi daromadlarining ko‘payishiga sezilarli ravishda ta‘sir ko‘rsatadi.

U kelgusi besh yil ichida qiymati 6 milliard dollardan ko‘proq bo‘lgan 270 dan ko‘proq sarmoya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilayotganini aytdi.