Diktatorlar, diktaturalar va ularning o‘ziga xosliklari

Yaqinda Britaniyaning Essex universiteti olimasi Natasha Ezrouning "Diktatorlar va diktaturalar; Avtoritar tuzumlar va ularning liderlarini tushunish" nomli kitobi nashrdan chiqdi.

Olima o‘z monografiyasida dunyo bo‘ylab qudratda bo‘lgan diktatorlarni turli guruhlarga ajratib, ularning o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsatishga harakat qilgan.

Biz muallifning o‘zi bilan bog‘lanib, diktatorlarni qanday toifalarga ajratgani va ularning shakllanish jarayoni bilan qiziqdik:

Natasha Ezrou: Deyarli har bir rahbar iloji boricha ko‘proq hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlashga harakat qiladi. Buning oldini olish uchun mamlakatda ularning faoliyatini tekshirishga haqli va imkonli idoralar mavjud bo‘lishi kerak. Ya‘ni, xoh siyosiy partiyalar bo‘lsin, xoh qonunlar va mahkamalar va yoki fuqaroviy jamiyat shakllangan bo‘lishi lozim. Ammo bu kabi tashkilotlar bo‘lmasa, rahbarlar asta-sekinlik bilan qudratni o‘z qo‘llariga olishadi. Ular o‘zlari chiqargan farmonlari yoki olib borayotgan qatag‘onlari orqali hokimiyatni boshqarishadi. Boshqa tomondan, bunday rahbarlar atrofidagilarning o‘ziga bo‘ysunishlari va ularning sadoqatini qo‘lga kiritish uchun shahsga sig‘inish tizimini shakllantirishadi. Bularning sirasiga hamma yerda, hattoki, soatlargacha o‘z suratlari va haykallarini o‘rnatish, ularni madh etuvchi qo‘shiqlar yaratish, hafta va oy kunlarini ularning nomlariga moslab, o‘zgartirish kabi harakatlar kiradi. Shuningdek, bu kabi shaxsga sig‘inish ularni bir sirli liderlarga ham aylantiradi. Bu esa, o‘z navbatida, odamlarda laganbardorlikni keltirib chiqaradi va bu kabi holat bir shaxsga asoslangan tuzumlarda keng tarqalgan bo‘ladi. Laganbardorlikni kuchaytiruvchi yana bir omil – atrofdagilarining boshini silashdir: Ya‘ni, davlat rahbarining shaxsan o‘zi ularga turli lavozimlarni taqsimlab beradi, pul yoki boshqa imtiyozlar berib, uning oldida qarzdor bo‘lib qolgan odamlarni sadoqatlarini davlatga emas, o‘ziga ko‘rsatishlariga harakat qiladi. Boshqa bir yo‘li esa, bu bosimni kuchaytirib, repressiyalar kampaniyasini avj oldirishdir.

BBC: Diktatorlarni qaysi kuchlar yoki shaxslar shu darajagacha olib keladi? Atrofidagilarning laganbardorliklarimi?

Natasha Ezrou: Yon-atrofidagi shotirlari yakkahokimlik qilayotgan rahbarning sa‘y-harakatlarini hech kim nazorat etmayotganligini yaxshi bilishadi va sezishadi. Bu kabi tuzumlarda rahbarlar qudratni o‘z qo‘llarida tutib qolish vasvasasiga yo‘liqqan bo‘lishadi. Shuning uchun ham ular hokimiyatga juda ham tashna bo‘lishadi. Chunki jamiyatda bu kabi vaziyatni tinch yo‘l bilan o‘zgartirish tizimi shakllanmagan. Ya‘ni qonuniy yo‘l bilan hokimiyatni o‘zgartirish imkoni yo‘q. Shu bois ham, ular har doim qo‘rquvda yashashadi, o‘zlarini kimdir o‘ldirmoqchi yoki unga qarshi fitna uyushtirmoqchi, degan fikrda yashashadi. Bu esa, o‘z navbatida, atrofidagilarning davlat rahbariga doimo, "Ha, siz haqsiz", deb turishlari va faqat rahbar xohlaydigan gapnigina gapirishlariga olib keladi.

BBC: "Diktatorlar va diktaturalar" nomli kitobingizning boblaridan biri "Diktaturalarni aniqlash mezonlari", deb atalgan. Markaziy Osiyo mintaqasining avtoritar rahbarlariga kelganda, siz ularni qanday aniqlagan bo‘lardingiz?

Natasha Ezrou: Markaziy Osiyodagi rejimlar mohiyatan ko‘proq shaxsiyatga asoslangan. Mintaqada kuchli partiyalar yo‘qligi, qonunlar ojiz bo‘lgani va mahkama tizimining zaifligi tufayli, bir shaxs hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlashga muvaffaq bo‘ladi. Qozog‘istonga kelganda, ayrim farqlarni ko‘rish mumkin. Bu yerda mintaqaning boshqa davlatlariga qaraganda, hukumatning faoliyatini nazorat etishga qodir bo‘lgan institutlar bor. Ammo qolgan Markaziy Osiyo davlatlari siyosiy nuqtai nazardan juda ham ojiz. Tojikiston va Qirg‘iziston bunga yaqqol misol. Butun hokimiyatning bir shaxs qo‘lida to‘planishi jamiyatga katta ziyon keltiradi. Nafaqat demokratiyaning bo‘g‘ilishi, balki barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotning yo‘liga ham g‘ov bo‘ladi.

BBC: Hokimiyatga yangi kelgan paytlarida aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘zlarini oddiy xalqqa yaqin tutishgan, ammo yillar o‘tishi bilan odamlarni o‘zlariga yaqin yo‘latmaydigan avtoritar rahbarlarga aylanganliklarining dalolati bir talay. Siz ularni diktator deb aytgan bo‘lardingiz?

Natasha Ezrou: Gapning po‘stkallasini aytganda, Markaziy Osiyo rahbarlarining hammasini "diktator", deb atash mumkin. Chunki ular hali-hanuz qudratdalar. Yaqinda hokimiyatni o‘zgartirishga qaratilgan ayrim xatti-harakatlar ham kuzatilgandek ko‘rindi. Ammo jamiyatda ochiq va adolatli saylovlar kabi buning qonuniy yo‘llari bo‘lmasa, bularning hammasini diktatura, deb atasa bo‘ladi. So‘zsiz, saylovlarga yo‘l berilgan mamlakatlarni demokratik yo‘ldan ketayapti, deb aytish mumkindir. Ammo aslini olib qarasangiz, bu kabi davlatlarda ijroiy hokimiyatning o‘zgarishiga umuman yo‘l qo‘yilmagan.