Prezidentlikka nomzod Putin muhojirlik masalasida nima deydi?

Image copyright AFP
Image caption Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin muhojirlarning madaniyatli integratsiyasi tarafdori...

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning aytishicha, milliy masala "mamlakati uchun fundamental xarakterga ega"dir.

Janob Putinning muhojirlik masalasiga bag‘ishlangan maqolasi uning saylovoldi amaliyotlari doirasida "Nezavisimaya gazeta"sida chop etilgan.

U o‘z maqolasida, "Rossiya ko‘pmillatli davlat bo‘lmasligi lozim"ligini aytarkan, "bugun mamlakat fuqarolarini ham ichki va ham tashqi ommaviy migratsiya bilan bog‘liq ko‘plab muammolar jiddiy xavotirga solishi, hatto, jig‘lariga tegishi"ni ham ta‘kidlaydi.

Rossiya Bosh vaziri matbuot voizi Dmitriy Peskovning aytishicha, ana shu saylovoldi maqolalari janob Putinning nomzodlik dasturi asosini tashkil etadi.

Kirish

Vladimir Putin "Rossiya: milliy masala" nomli maqolasini G‘arbdagi "turfamadaniyatlilik loyihasi"ni tanqid etishdan boshlaydi.

"Aksariyat davlatlarda nafaqat uyg‘unlashib ketish, hatto mahalliy shart-sharoitlarga moslashishdan ham bosh tortuvchi yopiq milliy-diniy jamoalar vujudga kelgan. Hanuz ijtimoiy yordamga yashaydigan va mahalliy tilni bilmaydigan muhojirlarning avlodlaridan tashkil topgan butunboshli mavze‘lar va shaharlar paydo bo‘lgan", deb davom etadi janob Putin.

Uning yozishicha, "Hattoki, ovro‘polik obro‘-e‘tiborli siyosatchilar ham "turfamadaniyatlilik loyihasi"ning chippakka chiqqani haqida so‘z yuritishmoqda. Va hozir majburiy assimilyatsiya haqida gapira boshlashgan".

O‘z o‘rnida, Rossiya Bosh vaziri tashqi ko‘rinishi jihatdan o‘zlaridagi vaziyat G‘arbdagisidan farqlanishini ta‘kidlaydi.

"Bizdagi milliy va muhojirlik muammolari SSSRning parchalanishi, mohiyatan esa, hali 18-asrda asos solingan buyuk tarixiy Rossiyaning parchalanishi bilan bog‘liq", deb yozadi.

Va shundan so‘ng o‘zi eng yoqtirgan mavzulardan biri - ya‘ni Sho‘rolar Ittifoqining qulashi oqibatlariga o‘tadi.

"Ittifoq pachalanishi ortidan, biz jar yoqasida qoldik, hammangizga yaxshi ma‘lum ayrim mintaqalar aynan milliy zaminga asoslangan fuqarolar urushi xavfi bilan ro‘baro‘ qolishdi. Biz katta kuch sarflab, shuncha qurbonlar berib, urushlar o‘chog‘ini so‘ndirishga muvaffaq bo‘ldik. Lekin, shunda ham, bu ushbu muammolar butkul bartaraf bo‘lganini anglatmaydi", deydi janob Putin.

"Madaniyatli integratsiya"

Ammo bularning barchasi manzarasida ham Vladimir Putin milliy masala Rossiya uchun og‘riqli mavzulardan biri ekanini tan oladi.

Bosh vaziri avvaliga, "o‘z mamlakatiga tahsil olish, yashash va ishlash uchun kelayotgan har bir kishi Rossiyaning to‘laqonli fuqarosi ekani"ni ta‘kidlaydi.

Buning ortidan esa, "Rossiyaga boshqa madaniyat va tarixiy an‘analar bilan kelayotgan har bir muhojir mahalliy urf-odatlarni hurmat qilishi shart"ligi bilan ogohlantiradi.

"Qattiq jazolanadi"

Rossiya Bosh vazirining bayon qilishicha, "Boshqa har qanday - nomaqbul, tajovuzkor, kishining g‘ashiga teguvchi va xurmachaga sig‘maydigan xulq-atvor hozirgi kunda pashsha qo‘rib o‘tirgan hukumat idoralari tomonidan qonun doirasida, ammo qattiq jazolanishi shart".

Vladimir Putinga ko‘ra, so‘z ayni o‘rinda tartib-qoidalarni kuchaytirish, muhojirlik va rasman qayddan o‘tish me‘yorlarini buzganlarni jinoiy javobgarlikka tortish haqida ketmoqda.

"Aksariyat hollarda qonunlar amal qilmaydigan yopiq, yakkanishin milliy jamoalarning shakllanishiga qarshi chiqarkan, janob Putin "muhojirlarning madaniyatli integratsiyasi tarafdori" ekanini urg‘ulaydi.

"Biz asrlar davomida yelkama-elka yashaganmiz. Eng dahshatli urushni ham birga yenganmiz. Bundan buyog‘iga ham bahamjihat yashaymiz. Bizni parchalash istagida yoki harakatida bo‘lganlarga so‘zim shuki - bunga hech qachon muvaffaq bo‘lmaysiz", deb yakunlanadi Rossiya Bosh vazirining maqolasi.