Turkiya Frantsiyaga qarshi sanktsiya qo‘llash bilan tahdid qilmoqda

Image copyright AFP
Image caption Frantsiya parlamenti quyi palatasi 1915 yil Turkiya sharqida yuz bergan hodisalarni qatliom deb tan olgan

Turkiya, agar Frantsiya Senati armanilar qatliomini inkor etganlarni jazolash haqidagi qonunni tasdiqlasa, Frantsiyaga qarshi "doimiy sanktsiyalar"ni joriy etish bilan tahdid qildi.

Turkiya 1915 yilda yuz bergan hodisalarni hukumatning armanilarni yo‘q qilishga qaratilgan siyosat emas, balki urush natijasi deb biladi.

Frantsiya 1915 yilda armanilar turklar tomonidan qatliom qilingan deb allaqachon rasman tan olgan.

Shu tufayli oxirgi yillarda Frantsiya va Turkiya o‘rtasidagi aloqalar ancha sovuqlashdi.

Bundan tashqari Frana prezidenti Nikolya Sarkozi Turkiyaning Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo bo‘lib kirishiga keskin qarshilik bildirib keladi.

Agar Frantsiya Senati qatliomni rad etishni jinoyatga tenglashtirishni nazarda tutgan qonun loyihasini tasdiqlasa, Turkiya hukumati keskin choralar ko‘rish bilan tahdid qilmoqda.

Bunday choralar jumlasiga Frantsiyadan elchilarini chaqirib olish va Turkiyadagi frantsuz ishbilarmonlariga qo‘shimcha to‘siqlarni yaratish kiradi.

Rasmiy Anqaraning aytishicha, bundan bir asrcha muqaddam Turkiya sharqida armanilarga nima bo‘lgani yuzasidan hukm chiqarish tarixchilar ixtiyoriga topshirilishi kerak siyosatchilarga emas.

Turkiya hukumatiga ko‘ra, yangi qonun Frantsiyada so‘z erkinligini cheklab qo‘yadi.

Frantsiya prezidenti Nikolya Sarkozi Turkiya Bosh vaziriga maktub yo‘llab, qonun biror mamlakatga qarshi qaratilmaganini qayd etgan.

Janob Sarkoziga ko‘ra, ushbu qonun armanilar tarixidagi mudhish davrga oydinlik kiritadi.

Frantsiyada yarim millionga yaqin armani istiqomat qiladi.

Yaqin Sharqdagi hodisalar Frantsiya va Turkiyani yana yaqinlashtira boshlagan edi.

Ham Turkiya va ham Frantsiya Suriya muxolifatini ochiqcha qo‘llab-quvvatlagan davlatlar hisoblanishadi.

Ammo armanilar masalasida Turkiya o‘ta qat‘iy mavqe‘ni egallagan.

Bu mavqe‘ ularning Suriya masalasida hamkorlik istiqbollarini yo‘qqa chiqaridi.