Afg‘oniston: 23 yoshli ayol 1 yoki 2 emas, bir martada 6 farzandni dunyoga keltirdi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida 23 yoshli bir ayol birvarakayiga olti farzand - uch kiz va uch o‘g‘ilni dunyoga keltirgan.

Image copyright none
Image caption Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning uch nafari

Mazori Sharif shahri shifoxonasi mulozimlari chaqaloqlarning onasi, turkman millatiga mansub Soragul hozirda o‘zini yaxshi his qilayotganini aytganlar.

Bosh shifokor Hamida Ilmiy BBC bilan suhbatda chaqaloqlarning o‘zlari ham omon ekanini bildirdi.

Hamida Ilmiyga ko‘ra, bu ayolning birinchi homila bo‘lgan va ikki oylik payti shifokor ko‘rigidan o‘tgach, unga birdan ortiq farzand ko‘rishi mumkinligini aytilgan.

"Ona qo‘rqmasin, deb unga to‘rtta deyishgan. O‘shanda Soragul betoqatlik qilib yig‘lab, "men qanday boqaman, qanday katta bo‘ladi, hatto o‘zimni o‘ldiraman" deb ko‘p xafa bo‘lgan ekan", deydi u.

Shunda shifokorlar ayolni tinchlantirib, o‘zlari ko‘maklashishni aytishgan va har oyi uni ko‘rikdan o‘tkazib turishgan.

Image copyright none
Image caption Chaqaloqlarning onasi Soragul shifokor bilan

Soragul shifoxonaga 9 kun oldin dard bilan kelgan va kechaga kelib, 6 farzandni dunyoga keltirgan.

"Vaznlari birlariniki 1 kilodan ko‘proq, bittasi 700 grammcha keladi. O‘shani ahvoli yaxshi emas. Uch bolasi qiz, uchtasi o‘g‘il", deydi shifokor Hamida Ilmiy.

Shifokor bunday hollar juda kam-kadan uchrashini va bu o‘zining qariyb 20 yillik faoliyati davomida ilk bor duch kelganini aytadi.