Frantsiya Senatining qarori Turkiyani g‘azabga soldi

Image copyright Reuters
Image caption Frantsiya Senatining qarori Turkiyada g‘azab va nafrat bilan qarshilandi

Frantsiya Senatining Usmoniy Turklar tomonidan 1915 yilda armanilar o‘ldirilishini qatliom deb tanilgani va buni rad etishni jinoyat deb belgilanishi haqida qaror olishi Turkiyani g‘azabga solgan.

Turkiya rasman Frantsiya Senatining ayni qaroriga qarshi javobiy amalga qo‘l urajagini aytmoqda.

Hozirga qadar Turkiya Frantsiyadagi elchisini maslahat uchun chaqirib oldi, savdo va iqtisod vazirlari uchrashuvini bekor qildi va barcha madaniy dasturlarni to‘xtatib qo‘ydi.

Turkiya 1915 yil voqealari qatliom emasligini, balki urush taloto‘pida ko‘plab turklar ham qurbon bo‘lganini urg‘ulaydi.

Frantsiya Prezidenti Nikolya Sarkoziy Senat tasdig‘idan o‘tgan qonun loyihasini fevral oxirlarida imzolashi kutilmoqda.

Bemavrid qaror

Frantsiya Tashqi Ishlar vaziri Alan Jyuppe bu qonun bo‘yicha olingan qarorni bemavrid ekanini aytgan va Turkiya rahbarlarini bosiqlikka chaqirgan.

"Men Tashqi ishlar vaziri o‘laroq, bu qarorni bemavrid qabul qilindi, deb bilaman. Ammo, parlament qaror qabul qildi. Men Turkiyadagi do‘stlarimni bugun bosiqroq bo‘lishga chaqiraman", deb aytgan Alan Jyuppe.

Frantsiya Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Turkiya bilan aloqalar yaxshilanishiga umid qilishini bildirgan.

"Turkiya katta mamlakat, yirik iqtisodiy salohiyatga ega va katta siyosiy kuchdir. Biz yaxshi munosabatlarni saqlab qolishimiz kerak. Men bu taloto‘plardan o‘tganidan keyin, yana ikki orada konstruktiv aloqalar tiklanadi, deb o‘ylayman va Turkiya tomon o‘z qo‘limni cho‘zaman. Qo‘lim qaytarilmasligiga umid qilaman", deb aytgan u.

"Ammo, bu chiqishlar yetarli emas..."

BBC Turkiyada Frantsiya Senati ayni qarori qanday qarshilanayotgani haqida Xabar Turk gazeti sharhlovchisi Soli O‘zelga murojaat qilgan:

Soli O‘zel: Turkiyada bu xabar g‘azab va nafrat bilan qarshilandi. Odamlar Frantsiya senati qanday qaror olar ekan deb qariyb besh soat bir yangilikka mushtoq o‘ltirishdi. Aksariyat ozgina bo‘lsa ham Fransa Senati ayni qarorni qabul qilmaydi degan umidda edi. Chunki, xabaringiz bor, Fransa konstitutsion qo‘mitasi agar armanilar qatliominini rad etish jinoyat degan qonun qabul qilinsa, bu qonun Fransa konstitutsiyasiga zid bo‘ladi degan maslahat bergan edi. Ya‘ni, shu maslahatga ko‘ra ish tutilar degan umid bor edi. Ayrimlar esa Senatdagilar bu loyihani rad etishadi deb ham o‘ylashgan edi. Ammo unday bo‘lmadi. Endilikda esa, bu qaror ustidan oltmish nafar senator bosh qo‘shishib Konstitutsion mahkamaga murojaat qilishsa, qatliomni rad etish jinoyat degan yangi qonun rad bo‘ladi deb umid qilinmoqda.

BBC: Frantsiya Tashqi Ishlar vaziri Turkiya rahbarlarini bosiqlikka chaqirdi, Turkiya bilan do‘stona aloqalar o‘rnatamiz, ularga do‘stlik qo‘lini cho‘zamiz, Turkiya yirik iqtisodiy salohiyatga ega qabilida chiqish qildi. Ya‘ni, maqsad o‘zaro munosabatlarni sovuqlashtirib yubormaslik, tabiiyki... Ammo, ayni ruhdagi chiqishlarning o‘zi yetarlimi?

Soli O‘zel: Yo‘q, yetarli bo‘lmasa kerak. Albatta, Alan Jyuppe Tashqi ishlar vaziri bo‘lganidan beri Turk-Farang munosabatlarini yaxshilash uchun ancha ter to‘kdi va qaysidir ma‘noda muvaffaqiyatlarga ham erishdi. Ammo, ayni holatda faqat gap bilan biror narsaga erishish mushkul. Boshqa tomondan, Turkiya bu masalaga doir yana qanday qadamlar qo‘yadi, hozircha noma‘lum, hukumat Konstitutsion mahkama buni ko‘rib chiqqaniga qadar sabr qilishini ham aytmoqda. Ammo, Turkiya va Frantsiya o‘rtasidagi muammolar faqat bundan yuz yil avval kechgan qatliomni jinoyat deb tanish kerakmi yo‘qmi degan masaladan iborat emas. Frantsiya Prezidenti Turkiya bilan yaxshi aloqalar o‘rnataman, deb ortiqcha jonbozlik ko‘rsatmasligi ma‘lum. Chunki, Frantsiya O‘rta Yer dengizi mintaqasida - geosiyosiy ma‘noda Turkiyani raqib sifatida ko‘radi. Har holda, Turkiyada shunday deb bilishadi.