Svetlana Ortiqova: "siyosiy mahbuslar yo‘q, davlatga qarshi jinoyatchilar bor"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright BBC World Service
Image caption Senat qabul qilgan oxirgi amnistiya avvalgilaridan farq qilmaydi

O‘zbekiston Senati Qonunchilik va sud-huquq qo‘mitasi raisi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi bo‘yicha mahkum etilganlarga nisbatan amnistiya qo‘llash ehtimolini istisno etmadi.

BBCga gapirgan Svetlana Ortiqovaning ta‘biricha, davlat tuzumiga qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblanganlarga nisbatan amnistiya qo‘llash-qo‘llamaslik masalasi amnistiya haqidagi qonunni ijro etuvchi tizimlar-prokuratura va sud idoralariga bog‘liq.

Jinoyat Kodeksining 159-moddasi konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzni nazarda tutadi.

O‘zbekistondagi tajriba bo‘yicha ushbu modda diniy va siyosiy o‘zgacha fikrlovchilarga nisbatan qo‘llanadi.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, mamlakat qamoqxonalarida ayni modda bo‘yicha mahkum etilgan siyosiy mahbuslar soni bir necha ming kishini tashkil etadi.

"Davlat jinoyatchilari"

BBC bilan suhbatda Svetlana Ortiqova O‘zbekiston qamoqxonalarida siyosiy mahbuslarning yo‘qligini ta‘kidladi.

"Bizning milliy qonunchiligimizda siyosiy mahbus tushunchasi yo‘q, shuning uchun siyosiy mahbuslar ham yo‘q", - dedi Ortiqova xonim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 159 - modda bo‘yicha mahkum etilganlar "davlatga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslar"dir.

Ortiqova xonimning aytishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 19 yilligi munosabati bilan qabul qilingan oxirgi amnistiya 5 yanvardan boshlab ijro etila boshlangan.

Uzmetronom nashrining O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga tayanib tarqatgan xabariga ko‘ra, hozirning o‘zida amnistiya 9643 kishiga nisbatan qo‘llangan.

Svetlana Ortiqovaning izoh berishicha, ularning hammasi ham qamoqxonadagi mahbuslar emas.

"Ularning ichida mahbuslar ham, shu bilan birga, tergov va sud jarayonida ozod etilayotganlar shaxslar bor", - deydi Senatning Qonunchilik va sud-huquq qo‘mitasi raisi.

Ichki tartib

So‘nggi amnistiya "jazoni o‘tash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslarga" nisbatan qo‘llanilmaydi.

Amnistiya ijrosi boshlanadigan sana arafasida siyosiy mahbuslardan ayrimlarining ichki tartib-qoidalarni buzganlik uchun jazoga tortilgani haqida xabarlar olingan.

Jumladan, 1999 yil Toshkent portlashlarida ayblanib, mahkum etilgan "Erk" partiyasi faoli Muhammad Bekjonning yaqinlari uning "qamoqxona ma‘muriyatiga bo‘ysunmaslik"da ayblanayotgani haqida xabar berishgan.

Himoyachisiga ko‘ra, o‘tgan hafta Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan Bekjonga prokuror yana 4 yilu 8 oylik qamoq jazosi berilishini talab qilgan.

Muxolifat faoli Dilorom Ishoqovaning ishonishicha, yangi mahkama jarayoni 12 yildan buyon qamoqda o‘tirgan Muhammad Bekjonni ozodlikka chiqarmaslik uchun o‘tkazilmoqda.

1999 yil fevral portlashlarida u bilan birga mahkum etilgan taniqli adib Mamadali Mahmudovning yaqinlari ham amnistiyadan umid qilishayotganini aytishgan.

Avvalroq "Erk" partiyasining boshqa bir faoli Murod Jo‘rayevning qamoq muddati uzaytirilgani ma‘lum bo‘lgan edi.

Svetlana Ortiqovaning aytishicha, mahbuslar qamoqxona ma‘muriyatining noqonuniy xatti-harakatlaridan prokuratura va sudga shikoyat etishlari mumkin.

Ammo kuzatuvchilar amalda bu kabi shikoyatlarning adolatli ko‘rib chiqilishiga shubha qiladilar.

O‘zbekiston tarixida siyosiy mahbuslarga nisbatan amnistiya ommaviy ravishda faqat bir marta, 2003 yilda qo‘llanilgan.

O‘shanda 3000 mahbus, jumladan, 391 nafar diniy-siyosiy ayblar bilan qamalganlar ozodlikka chiqarilgandi.