Prezident Nazarboyev "teleradio yoyinlari" to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Image caption "Teleradio yoyinlari" to‘g‘risidagi qonun, tanqidchilarga ko‘ra, Qozog‘istonda axborot olish imkonlarini cheklab qo‘yadi

Qozog‘iston prezidenti "Teleradio yoyinlari" to‘g‘risidagi qonunga imzo chekkan.

Qonunning asl maqsadi butun Qozog‘iston hududini raqamli teleradio yoyin bilan qamrab olish ekanligi aytilmoqda.

Ammo Qozog‘istonlik huquqbonlar va mustaqil teleradiokompaniyalar qonunda axborot olish erkinligini cheklovchi bandlar borligini urg‘ulamoqda.

OHXT Qozog‘iston prezidentidan ushbu qonun loyihasiga veto qo‘yishni va muhokama uchun imkon berishni chaqirgandi.

Qozog‘istonlik rasmiylar ushbu qonun mamlakatdagi teleradio kanallar o‘rtasida raqobatni kuchaytirib, sohaning gurkirab rivojlanishiga sabab bo‘lishini aytishmoqda.

Qonun bo‘yicha 2015 yilgacha Qozog‘istondagi barcha tele va radio kanallar raqamli efirga o‘tishi kerak, oddiy formatda ishlovchilar kabel televideniyesiga yoki internetga o‘tishga majbur bo‘ladi.

Hukumat Qozog‘istondagi 30 telekanalga efirga chiqishni ta‘minlovchi multipleks tarmog‘iga ulanish imkonini yaratmoqchi.

Ammo qolgan 20 dan ortiq nodavlat, mahalliy kanallar ushbu qarordan norozi.

"Ushbu tarmoqqa davlatga qarashli telekanallar kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ovro‘pa me‘yorlari bo‘yicha, hukumatga qarashli kanallar kamayib, o‘rnini jamoat kanallari egallashi kerak", - deydi Qozog‘iston milliy teleradio yoyinlar assotsiatsiyasi ijrochi direktori Sholpan Jaksibayeva

Rasmiylar ushbu qonun adolatli raqobatni yaratib berishini va mablag‘i bor mahalliy kanallar o‘zlarining multipleks tarmog‘ini qurib olishi mumkinligini ta‘kidlamoqda.

Ammo xususiy telekanal rahbarlari ularda ushbu tarmoqni tuzish uchun yetarli mablag‘ yo‘q ekanligini va bu telekanalning yopilib ketishiga olib kelishini aytishadi.

"Rasmiylar hech qanday e‘tiroz bildirmasligi mumkin, ammo iqtisodiy jihatdan istagan telekanalini tiz cho‘ktirishi mumkin. Ammo biz ham 15-20 yildan beri ishlab kelayapmiz va chetda qolishni istamaymiz", - deydi "6 kanal" direktori Omarbek Bayuvakov.

Qonunning e‘tirozga sabab bo‘lgan yana bir tomoni shuki, endi Qozog‘iston hududida efirga ega bo‘lgan xorijlik teleradio kanallar Qozog‘iston idoralaridan ro‘yxatdan o‘tishga majbur bo‘ladi.

Huquq himoyachilari va kabelь telekanal rahbarlari ushbu amalning imkonsiz ekani va bu to‘g‘ridan to‘g‘ri axborot olish imkonini cheklashga qaratilganini aytishmoqda.

"Ushbu qonunning bosh maqsadi bor, u ham bo‘lsa Qozog‘iston jamiyatini axborot manbaidan uzib qo‘yish va jamiyatning to‘siqsiz axborot olish va tarqatish huquqini cheklashdir", - deydi "Odil so‘z" jamg‘armasi rahbari Tamara Kaleyeva.

Jurnalistlar himoyachisi qonundagi yo‘ldoshli antenalarga oid bandlar Qozog‘istonda yangi ta‘qiqlarni keltirib chiqarishi mumkinligini aytadi.

Qonun bo‘yicha mamlakatdagi yo‘ldoshli antennalar maxsus sertifikatga ega bo‘lishi kerak.

Huquqbonlar Qozog‘istondan milliondan ortiq yo‘ldoshli antennalar borligini va ularning barchasiga sertifikat olish imkonsizligini aytishadi.

Kaleyeva xonimga ko‘ra, ushbu antennalarni nazorat qilish mahalliy hokimiyatlar zimmasiga yuklanadi.

Mahalla yoki shaharning ko‘rkini buzayotganlikda ayblab ushbu antennalar olib tashlanishi mumkin.

"Albatta, hokimiyatdan hech kim yo‘ldoshli antennalarni arralab olib ketmaydi. Balki turli jarima, ogohlantirish bilan odamlarning holi joniga qo‘ymaydi va antennalarning egalari o‘zlari olib tashlaydi", - deydi Tamara Kaleyeva.

OXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Dunya Miyatovich ushbu qonun erkin axborot olish bo‘yicha inson huquqlarini buzishini aytib chiqdi.

Miyatovich xonim Prezident Nazarboyevga murojaat bilan chiqib, qonunga veto qo‘yishni va kengroq muhokama uchun imkoniyat yaratishni so‘radi.

Ammo mamlakat prezidenti ushbu murojaatlarga qaramasdan qonunni imzoladi.

Qonunni ishlab chiqqan Aloqa va axborot vazirligi shu kunlarda qisqarib ketdi.

Vazirlik mas‘ullari qonun ishlab chiqilishida barcha takliflar inobatga olinmaginin tan oladi.

"Sizning nazdingizda ayrim jihatlarni eshitmagan bo‘lishimiz mumkin. Ammo biz hammasini eshitdik, biroq hisobga ololmagan joylarimiz bo‘lishi mumkin. Imkonimiz darajasida hammasini qo‘shishiga harakat qildik. Albatta e‘tirozlar bo‘lishi mumkin, ammo biz harakat qilamiz", - deydi qonun ijodkorlaridan informatsiya va arxiv qo‘mitasi rahbari Bo‘lat Bersebayev.

Xalqaro kuzatuvchilar va huquq himoyachilari Qozog‘istonni so‘z erkinligini muttasil bo‘g‘ishda ayblaydi.

Mamlakatdagi mavjud mustaqil nashrlar so‘nggi vaqtlarda yanada bosimga uchrayotgani aytiladi.

Ushbu qonun cheklovlarning davomi sifatida qaralmoqda.