Qirg‘iziston qamoqxonalarida 7 mingga yaqin mahkum ochlik qilmoqda

Image caption BMT ma‘ruzachisiga ko‘ra, Qirg‘iziston qamoqxonalarida sharoit juda yomon

Qirg‘izistonda 1300dan ko‘proq mahkum qamoqxonalarda sharoitning yomonligiga e‘tirozan o‘z og‘izlarini tikib tashlagan.

O‘tgan hafta Bishkekdagi qamoqxonada mahkumlar g‘alayon ko‘tarishi ortidan yuzlab mahkumlar ochlik e‘lon qilishganedi.

G‘alayon paytida bir mahkum halok bo‘lgan va yana o‘nlab odam yaralangan edi.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, 1300dan ko‘proq mahkumlar og‘izlarini tikib tashlashgan va 7 mingga yaqin mahkum ochlik qilmoqda.

Mahkumlar o‘z og‘izlarini qamoqxona ma‘muriyati ularni kuch bilan ovqatlantirishga qaror qilishlari ortidan tikib tashlashgan.

Mahkumlar 16 yanvar kuni Bishkekdagi qamoqxonalardan birida politsiyaning mahkumlarga nisbatan kuch ishlatishiga e‘tirozan ochlik amalini davom ettirishmoqda.

Rasmiylarning da‘vo qilishlaricha, ochlik amali qamoqxonada tartib-intizomning kuchaytirilishiga qarshi bo‘lgan jinoiy guruhlar tomonidan tashkillashtirilgan.

Ammo chorshanba kuni ba‘zi mahkumlar bilan uchrashgan Qirg‘iziston Ombutsmeni Tursunbek Akun ularning asosiy talabi qamqoxonalarda tahqirlashlarni to‘xtatish ekanini aytgan.

"Ularning vaziyati halokatli darajada. Ularning ba‘zilari holsizlikdan yiqilib qolgan, ba‘zilarining gapirishga majoli yo‘q. Ular qamoqxona nozirlaridan kaltaklashlarni to‘xtatishni talab qilishmoqda. Ular 16 yanvar hodisasi takrorlanmaydi deb kafolat berilishini istaydi. Ular, agar ochlikni to‘xtatsak, kaltaklashlar yana boshlanadi, degan xavotirda," - deydi Tursunbek Akun.

Qirg‘iziston qamoqxonalarida ochlik va namoyishlar tez-tez yuz berib turadi.

Mahkumlar asosan jazoni o‘tash muassisalarida sharoitlarning yaxshilanishini talab qilishadi.

Rasmiylar qamoqxonalarda sharoitni yaxshilash uchun mablag‘ yetarli emasligini aytishadi.

O‘tgan oy Qirg‘izistonga safar qilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining qiynoqlar bo‘yicha ma‘ruzachisi ba‘zi qamoqxonalarda sharoitlar o‘ta yomon, qiynoqlar va noinsoniy munosabatlar keng tarqalgan degan xulosaga kelgandi.