Rossiya Tergov Qo‘mitasi: "5 nafar o‘zbek muhojirining o‘limi tekshirilmoqda"

Image copyright RIA Novosti
Image caption O‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi qurilish inshootlarida mehnat qilishadi

Sankt Peterburg shahar tergov qo‘mitasi zaharlanishdan vafot etgani taxmin etilayotgan 5 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining o‘limini tekshirayotganini ma‘lum qilgan.

Rossiya matbuotining xabarlariga ko‘ra, 23 yanvar kuni Rossiya shimoliy poytaxtining Pushkin tumani "Slavyanka" mavzeyida barpo etilayotgan inshootlardan birida besh erkakning jasadlari aniqlangan.

Dastlabki xabarlarda ularning barchasi Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlari ekani aytiladi.

Seshanba kuni Sankt Peterburgdagi 100 TV telekanali Rossiya Tergov Qo‘mitasiga iqtibosan zaharlanish natijasida halok bo‘lgani taxmin etilayotgan muhojirlarning o‘zbekistonliklar ekani haqida xabar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha, Federal Muhojirlik Xizmati Sankt Peterburgdagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida tekshiruv o‘tkazgan.

Hozirga qadar halok bo‘lgan muhojirlarning qonuniymi yoki noqonuniy muhojirlar bo‘lgani noma‘lum.

Rasmiylar halok bo‘lganlarning jasadlarida zo‘ravonlik yoki qasddan o‘ldirilganlik belgilari bo‘lmaganini aytishmoqda.

Regnum xabar agentligining Rossiya Tergov Qo‘mitasidan iqtibos keltirishicha, hodisa yuzasidan bir qator farazlar ko‘rib chiqilmoqda.

"Jumladan, sifatsiz oziq-ovqat mahsuloti yoki tarkibida spirt bo‘lgan suyuqlikdan zaharlanish bilan bog‘liq farazlar ham tekshirilayapti", - deb aytgan Tergov Qo‘mitasi vakili.

Rossiya matbuotiga ko‘ra, mehnat muhojirlarining baxtsiz hodisa natijasida halok bo‘lishi hodisasi birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q, ammo bu kabi katta sondagi mehnat muhojirlarining birdaniga o‘limi ilk bor kuzatilayapti.

Sankt Peterbugdagi o‘zbekistonlik muhojirlarning "Umid" tashkiloti rahbari Alijon Haydarovning BBCga aytishicha, "Slavyanka"da faqat o‘zbeklar emas, balki boshqa markaziy osiyoliklar ham mehnat qilishadi.

Federal Muhojirlik Xizmatiga ko‘ra, 2011 yilda Sankt Peterburg shahri va Leningrad viloyatida 12 mingga yaqin mehnat muhojirlarining noqonuniy yashab kelganlari aniqlangan.

Jinoiy javobgarlik

Federal Muhojirlik Xizmatiga ko‘ra, 2011 yilda Sankt Peterburg shahri va Leningrad viloyatida 12 mingga yaqin mehnat muhojirlarining noqonuniy yashab kelganlari aniqlangan.

Seshanba kuni Rossiya Federal Muhojirlik Xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiy uning idorasi muhojirlik tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytgan.

Janob Romodanovskiyning bayonoti Bosh vazir Vladimir Putinning "Nezavisimaya gazeta"da chop etilgan saylovoldi maqolasidan so‘ng yangragan.

Maqolada mart oyidagi prezidentlik saylovida uchinchi muddatga nomzodini ilgari surgan janob Putin muhojirlik tartibi va ro‘yxatdan o‘tish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etishni taklif qilgan.

U shuningdek, muhojirlar nafaqat rus tili, balki rus adabiyotidan ham imtihon topshirishlari maqsadga muvofiq ekanini aytgan.

Rossiyalik mehnat muhojirlarining aksariyatini Markaziy Osiyo va qafqosliklar tashkil etishadi.

2009 yilda Rossiyadagi mehnat muhojirlarining chorak qismini o‘zbekistonliklar tashkil etgan.

O‘zbek mehnat muhojirlarining soni 2 milliondani kam emas, deb ishoniladi.

O‘tgan yilning oxirgi choragida o‘zbek mehnat muhojirlari uylariga yuborgan mablag‘lar 2 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etgan.

Mustaqil tadqiqotchilarga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi so‘nggi yillarda 10 foizni tashkil etgan.