"Eronga qarshi jazo choralari tojik iqtisodiga salbiy ta‘sir qiladi"

Image copyright BBC World Service
Image caption Eron Tojikistonning ziddiyatli gidroinshoot loyihalariga sarmoya kiritgan.

Tojikiston iqtisodiyot va savdo vaziri Sharif Rahimzodaga ko‘ra, Eronga qarshi jazo choralari Tojikiston iqtisodiyotiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi.

Tojik mulozimi bu haqda Dushanbeda o‘tgan matbuot anjumanida gapirgan.

Regnum xabar agentligining janob Rahimzodadan iqtibos keltirishicha, AQSh va Ovro‘po Ittifoqining rasmiy Tehronga yangi jazo choralari Eron bilan hamkorlik qilayotgan tojik shirkatlarining ishini qiyinlashtiradi.

Ayni paytda mulozim Eron va g‘arb davlatlari o‘rtasidagi ziddiyatning yanada chuqurlashib ketmasligiga umid bildirgan.

"Eron ham, arab davlatlari ham bundan manfaatdor emas", - degan Tojikiston iqtisodiyot va savdo vaziri.

Muhim sherik

Tojikistonning yirik iqtisodiy va savdo sheriklaridan biri bo‘lgan Eron Tojikistonga 1 milliard dollardan ko‘proq sarmoya kiritgan.

Eron Tojikistonning ziddiyatli gidroinshoot loyihalariga ham sarmoya kiritgan.

Dushanba kuni Ovro‘po Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari Eronga qarshi yangi jazo choralarini qo‘llab-quvvatlashgan.

Eron neftini sotib olmaslik shular jumlasidandir.

Sharhlovchilarga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqining Eron neftini boykot qilish qarori Eron iqtisodiga ta‘sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Eron neftining beshdan bir qismini OIga a‘zo davlatlar xarid qiladi.

Bunday xaridorni yo‘qotish Eron iqtisodiyotiga kuchli zarba beradi.

Boshqa mamlakatlar ham Eron neftini sotib olishni to‘xtatishi mumkin.

Ammo Eron neftining eng yirik xaridori bo‘lmish Xitoy jazo choralarini qo‘llab-quvvatlamagan.

Eronning atom energiyasini tadqiq etishdagi muhim sherigi bo‘lgan Rossiya ham jazo choralariga qarshi.

G‘arb Eronni yadroviy qurol ishlab chiqarishga harakat qilayotganlikda ayblaydi.

Rasmiy Tehron esa bu da‘volarni rad etadi va o‘rtadagi kelishmovchilikni bartaraf etish yo‘li jazo choralari emas, balki balki muloqot ekanii aytib keladi.