Janao‘zenda namoyishchilarni otishda kim aybdor?

Image copyright BBC World Service
Image caption Janao‘zendagi to‘qnashuvlar bilan aloqadorlikda 5 politsiya mas‘uli ustidan jinoiy ish ochildi

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Janao‘zendagi qonli to‘qnashuv tashkilotchilari va namoyishchilarni otishda aybdorlarni ma‘lum qildi.

5 politsiya mas‘uli ustidan jinoiy ish ochildi va shahar hokimi korruptsiyaga aloqadorlikda ayblanib hibsga olindi.

Yana bir necha muxolifat vakillari va namoyish ishtirokchilari tartibsizliklarga aloqadorlikda gumon etilib, so‘roq qilinmoqda.

Janao‘zen shahrida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda ayblanib, 6 kishiga jinoiy ish ochilgan.

Qozog‘iston Bosh prokurori Asxat Daulbayev tashkilotchilarning faqat familiyasini aytgan va ularning hibsda ekanligini ma‘lum qilgan.

Bundan tashqari, prokuror tartibsizliklarning yana 23 faol ishtirokchisi va talon-tarojda ishtirok etgan 11 kishining hibsga olinganini bildirdi.

"Ular ommaviy tartibsizliklarga oldindan tayyorgarlik ko‘rganliklarini bildirishdi. Shu maqsadda shishalarga yonilg‘i solib tayyorlagan va qo‘lbola qurollar bilan qurollangan yoshlar guruhini jalb qilishgan", - deydi Bosh prokuror.

Namoyishga chiqqan neftchilar va politsiya o‘rtasida dekabrda bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvda rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra 14 kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi ushbu otishmalarga aloqasi bo‘lmagan holda o‘lgan. 64 odam o‘q yeb yaralangan. Ommaviy tartibsizliklar vaqtida shahardagi 100 dan oshiq bino talangan yoki yoqib yuborilgan.

Janao‘zendagi to‘qnashuvlarni o‘rganish maqsadida tuzilgan mustaqil komissiya mahalliy aholiga tayanib, tartibsizliklardan so‘ng politsiya o‘ta shafqatsiz bo‘lganini va ommaviy ravishda erkaklarning ushlanayotganini bildirgandi. Hukumat ushbu ayblovlarni keskin rad qildi.

Politsiyachilar...

Bosh prokuror, shuningdek, tartibsizliklarni qurol bilan bostirishda vakolatini suiiste‘mol qilganlikda ayblab, politsiyachilarning ham javobgarlikka tortilganini bildirdi.

Bosh prokuratura politsiyaning harakatlari asosan qonun doirasida bo‘lganini, ammo ayrim hollarda qon to‘kilishiga olib kelgan vakolatni suiiste‘mol qilish hollari ham bo‘lganini ma‘lum qildi.

Uch nafar politsiya mansabdori nohaq qon to‘kilishiga bevosita aybdor deya so‘roq qilinmoqda.

Yana ikki politsiya amaldori ustidan jinoiy ish ochilgan. Janao‘zen shahar Ichki ishlar boshqarmasi vaqtincha saqlash izolyatori rahbari Temirov tergov izolyatorida Bazarbay Kenjabayevni noqonuniy ravishda ushlab turishda va uning o‘limiga sabab bo‘lgan o‘z vaqtida xastaxonaga yotqizmaslikda ayblanmoqda.

Qo‘l ostidagilarning noqonuniy harakatlarini to‘xtatmaganlikda ayblanib, Mang‘istau viloyat ichki ishlar departamenti rahbarining o‘rinbosariga ham jinoiy ish ochilgan.

Bungacha rasmiylar Janao‘zendagi ommaviy tartibsizlikni bostirishda politsiya kuchlari mutlaq qonun doirasida harakat qilganini ta‘kidlagandi.

"Huquq-tartibot organlarining tartibsizliklarni to‘xtatish talabiga bir guruh bezorilar politsiya xodimlarining qurollarini tortib olish maqsadida hujum bilan javob berdi. Ammo ular bunga yo‘l qo‘yishmadi", - degan edi davlat rahbari Nursulton Nazarboyev.

Ammo

Biroq internetga sizdirilgan videotasvir buning aksini ko‘rsatadi. Ushbu tasvirlarda politsiya qochib ketayotgan odamlarga qarata o‘q uzgani aks etgan.

"Oqibatda ommaviy tartibsizlikka olib kelgan ijtimoiy tanglikning ko‘tarilishi va neftchilarning uzoq muddat ish tashlashiga mahalliy ijroiy organ mas‘ullari va neft kompaniyalari rahbarlarining noqonuniy harakatlari ham sabab bo‘ldi", - deydi Bosh prokuror Asxat Daulbayev o‘z hisobotida.

Janao‘zen shahrinnig sobiq va hozirgi hokimlari ijtimoiy-iqtisodiy maqsadda ajratilgan pullarni o‘zlashtirishda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi.

Bosh prokuratura ommaviy tartibsizliklarning kelib chiqishiga "uchinchi shaxslarning ishdan haydalgan neftchilarni norozilikni davom ettirishga va hukumatga qarshi turishga chaqirishi ham sabab" bo‘lganini urg‘uladi.

Bundan tashqari, Vladimir Kozlov, Ayjangul Amirova va Serik Sapargali kabi muxolifatchilar Janao‘zenda ijtimoiy adovat qo‘zg‘ashda ayblanib hibsga olindi.

"Vzglyad" muxolifat gazetasi Bosh muharriri Igor Vinyavskiy konstitutsion tuzumni ag‘darishda ayblanib, hibsda ushlab turilibdi.

Huquq himoyachilari muxolifatga nisbatan ayblovlar qalbaki ekanligini va ularning ozod qilinishini talab qilishmoqda.

Bir necha xalqaro tashkilotlar Qozog‘iston hukumatiga murojaat bilan chiqib, muxolifat vakillarining hibsga olinishini qoralashgan va inson huquqlariga rioya qilishga chaqirishgan.