Yangi so‘rov: Putin baribir raqiblarini ortda qoldirdi

Image copyright Reuters
Image caption Vladimir Putin hozircha so‘rov natijalari bo‘yicha raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirgani ayon bo‘libdi

Agar prezidentlik saylovlari shu yakshanba kuni o‘tkazilsa, rossiyalik saylovchilarning qirq foizga yaqini Bosh vazir Vladimir Putinga ovoz berisharkan.

Bu kabi natija "Levada" tahliliy markazi olib borgan yangi so‘rov natijalaridan ma‘lum bo‘libdi.

Mamlakat aholisining chorak foizga yaqini esa, haliyam qaysi nomzodga ovoz berish yoki saylovlarga borish-bormasliklarini bilishmas ekan.

Markaz rahbari muovini Aleksey Grajdankinning aytishicha, so‘rov ishtirokchilariga ochiq savol berishgan, ya‘ni ularga nomzodlar ro‘yxatini taqdim etmasdan, kimga ovoz berishlarini so‘rashgan.

Ana shu tartibda o‘tkazilgan so‘rov ortidan, rossiyaliklar 37 foizining Vladimir Putinni ma‘qul ko‘rishlari ayon bo‘lgan.

Sotsiologlarga ko‘ra, Rossiya Bosh vaziri amaldagi tandem tufayli bu kabi natijaga erishgan.

"Boshqaruvdagi tandemning saylovchilari osonlik bilan biridan boshqasiga o‘tishadi. Vladimir Putinning prezidentlikka nomzodi ilgari surilishi ortidan, prezident Dmitriy Medvedev tarafdorlarining soni keskin tushib ketdi va hatto, yo‘qqa chiqdi. Ularning ovozlarini esa, Putin qo‘lga kiritdi", deydi ekspert BBC bilan suhbatida.

Bu hali hammasi emas

So‘rov yopiq usulda olib borilib, ishtirokchilar ixtiyoriga nomzodlarning saylovlar kunida Markaziy saylov hay‘atiga taqdim etiladigan rasmiy ro‘yxati havola etilganda esa, ulardan 62 foizining Vladimir Putinga ovoz berishi va Rossiya Bosh vazirining birinchi bosqichdayoq g‘alaba qozonishi ayon bo‘libdi.

Bunda halicha bir qarorga kelmagan, ya‘ni ikilanib turgan so‘rov qatnashchilarining soni inobata olinmagan.

Yanvar oyida Rossiyada xuddi shu tariqa o‘tkazilgan qolgan so‘rovlar natijalari ham janob Putinning o‘z raqiblarini ancha ortda qoldirib ketganiga dalolat qilgan.

Deylik, "Levada" markazi tomonidan olib borilgan so‘rov natijalariga qaralsa, Zyuganovga 8%, Jirinovskiyga 5%, Mironovga 4% va Proxorovga 2% rossiyalik ovoz berarkan, xolos.

Markaz tahlilchilariga ko‘ra, aholidagi so‘nggi Davlat dumasiga saylovlar ortidan kuzatilgan norozilik kayfiyati janob Putinning reytingiga jiddiy ta‘sir qilmagan.

Ammo sotsiologlarning ta‘kidlashlaricha, shunda ham, o‘tgan yilning yanvar oyi bilan taqqoslaganda, Rossiya Bosh vazirini yoqlovchilar soni qariyb 10 foizga kamaygan.

Ular janob Putinga ovoz berishga hozir bo‘lgan saylovchilarda ham toliqish va tanqidiy kayfiyat kuzatilishini ta‘kidlashadi.

So‘nggi paytlarda rossiyalik siyosatshunoslar shu yil mart oyiga rejalangan prezidentlik saylovlarining ikki bosqichga cho‘zilishi haqida ko‘p gapirishmoqda.

Bu kabi holat Rossiyada 1996 yildan buyon kuzatilmagan.