O‘zbekiston: "Sevishganlar kuni"da Boburxonlik, kim nima deydi?

Image copyright BBC World Service
Image caption O‘zbekistonda "Sevishganlar kuni"ga munosabat bir xil emas...

O‘zbekistondan olingan xabarlarga ko‘ra, 14 fevral - Avliyo Valentin yoki yoshlar orasida "Sevishganlar kuni", deya nom qozongan sana munosabati bilan o‘tkaziladigan kontsert va dasturlar bekor qilingan.

Ushbu kun O‘zbekistonda rasman taqiqlanmagan bo‘lsa-da, rasmiy darajada bayram ham qilinmagan.

Ammo yoshlarning ushbu kunni keng nishonlashi urfga kirib borayotgani aytilardi.

Rasmiylar 14 fevralda Zahiriddin Muhammad Boburning tug‘ilgan kuni keng nishonlanishini bildirishgan.

G‘arbda keng urf bo‘lgan va tijoriylashib ketgan Avliyo Valentin kuni so‘nggi yillari Osiyoga ham kirib kela boshlagan.

Ammo ko‘plab Osiyo va musulmonlar o‘lkalari, xususan, O‘zbekistonda ham bu kabi sayoz sanalar milliy qadriyatlarga darz yetkazadi, degan xavotirlar kuchli.

BBCning O‘zbekistondagi suhbatdoshlari sevishganlar kunining nishonlanishiga turli fikrlar bildirishdi.

Har kimning shaxsiy ishi

Ayrimlar qanday bayramni nishonlash har kimning shaxsiy ishi deyishsa, yana boshqalar bunday bayram o‘zbek urf-odatlarimizga zid ekanligini ta‘kidlashdi.

Toshkentlik o‘zini Abduvali, deb tanishtirgan ziyoli suhbatdoshimiz 14 fevral kuni "Sevishganlar kuni"ga bag‘ishlab o‘tkaziladigan kontsertlar bekor qilingani ayni muddoa bo‘lganini aytadi.

"Juda ham to‘ppa-to‘g‘ri qilishgan. 14 fevral bu bobokolonimiz Boburning tug‘ilgan kuni. Nima uchun biz kelib chiqishi betayin bo‘lgan bayramni nishonlashimiz kerak. Umuman bizning mentalitetimiz, urf-odatlarimiz va madaniyatimizga to‘g‘ri kelmaydigan narsa. Nima uchun alohida sevishganlar kunini qilish kerak. Odam birortasini sevsa, yil bo‘yi sevaveradi, bir kunni bayram qilish kerak emas", - deydi Abduvali.

Suhbatdoshimiz ushbu bayramning O‘zbekistonda ommalashishiga xonanda Rayxonning ulushi katta bo‘lganini va 14 fevral kuni uning kontsertini bekor qilish to‘g‘ri qaror bo‘lganini urg‘ulaydi.

Shou va madaniyat olamidagi yangiliklarni yozuvchi Shov-shuv.uz veb sahifasi muallifi Jasur Hamroyev biror bayramni nishonlash insonlarning shaxsiy ishi ekanligi va bunga taqiq qo‘yish durust emasligini aytadi.

"Millatchilik qilish kerak emas. Bu bir millatning bayrami yoki bu dinga tegishli degan narsalar bo‘lginchilik tushunchalariga olib keladi. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, kim xohlasa bayram qilsin, kim xohlasa uyida o‘tirsin, istagan odam chiqib sevgilisini tabriklasin", - deydi Jasur Hamroyev.

Rayxonning kontserti

Image copyright afisha.uz
Image caption 14 fevral - har yili xonanda Rayxonning beradigan kontserti bilan ramziy bog‘lanib qolgan

Shou olami jurnalisti 14 fevral - har yili xonanda Rayxonning beradigan kontserti bilan ramziy bog‘lanib qolgani, sevishganlar aynan shu kuni kontsertga tushib dam olishganini aytadi. U nima uchun bu narsaga aynan bugun kelib taqiq qo‘yilayotganini tushunmasligini bildirdi...

"Kulgim kelgani, nimaga 10 yildan beri kontsert berayotgan xonanda kimningdir esiga tushib qolgani g‘alati narsa", - deydi Jasur Hamroyev.

Toshkentdagi kollejlardan birida tahsil oluvchi talaba 14 fevralni nishonlash o‘quv yurtlarida uchrab turishini aytdi.

"Bir-ikkita bo‘ladi, ammo ko‘pchilik emas. Bir biriga sovg‘a beradi. Yigit qizga, qiz yigitga sovg‘a beradi. Oddiy esdalik sovg‘alari beriladi", - deydi kollej talabasi.

"7x7" gazetasi "Sirdosh" ruknining muallifi Ra‘no Mahmudova voyaga yetgan qizning onasi sifatida "Sevishganlar kuni"ning o‘zbek urf-odatlariga yot va zararli ekanligini ta‘kidlaydi. Ra‘no opa shu kun munosabati bilan Toshkent shahridagi gazeta muxlislaridan biri boshidan kechirgan hikoyani aytib beradi.

"Ikki yoshning birga bo‘lishiga ikki tomon kelishib qo‘ygan. Sevishganlar kunidan ikki kun o‘tganidan so‘ng, qiz yigitning onasiga yig‘lab telefon qilib dardini aytadi. "Men sizning o‘g‘lingizga turmushga chiqmayman. Sababi - sevishganlar kunida kelib meni tabriklamadi va hamkasblarim oldida sharmanda qildi", - deydi. Shu sababdan oila tuzilmay qolgan", - deydi Ra‘no Mahmudova.

Buyuk shoir tug‘ilgan sana

Image caption O‘zbekiston 14 fevral kuni buyuk shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tug‘ilgan kunini keng bayram qilmoqchi

1 fevral kuni Zahiriddin Muhammad Boburning tug‘ilgan kunini keng miqyosda nishonlanishi ma‘lum bo‘lgan.

Xonanda Rayxonning kontserti bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan "Istiqlol" saroyida ushbu kunga bag‘ishlab kecha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shou olami jurnalisti Jasur Hamroyev buyuk shoirning tug‘ilgan kuni bu tarzda nishonmasligi kerakligini aytadi.

"Intellektual salohiyat bilan ko‘ngilochar kunlarni solishtirish umuman kerak emas. Shundoq ham bobokolnimizga bo‘lgan mehr-muhabbatimiz qalbimizda jo, uni hech kim sug‘urib ololmaydi. Bu tavallud kuni katta bayram qilib nishonlab yurilmaydi. 14 fevralda Bobur Mirzo tug‘ilgan deb kontsert qo‘yib, sakrash kerak emas", - deydi Jasur Hamroyev.

Toshkentlik Abduvali esa, yoshlar "Sevishganlar kuni"ga ko‘proq ko‘ngil berishini va Bobur Mirzoni umuman bilmasligini aytadi. U bunday bo‘lishiga O‘zbek madaniyatiga yot bayramlarning keng nishonlanishi ham sabab bo‘lishini ta‘kidlaydi.

Bu sana tarixi hali qadim Rim davrlariga borib taqaladi.

Ammo hozirgi nomini eramizning 5 - asrida olgan, ya‘ni ushbu kun eramizdan avvalgi 290 yilda imperator Klavdiy tomonidan qatl etilgan ruhoniy ismi bilan atalgan.

Rivoyatlarga ko‘ra, Valentin ismli mahbus turma nozirining ko‘zlari so‘qir qizini sevib qoladi.

Qatl etilishidan avval, hatto, qizning ko‘zlarini davolab, ochishga muvaffaq bo‘lgani va o‘limidan avval "Valentiningdan", degan so‘zlar bitilgan otkritka yozib qoldirgani aytiladi.