Nukus muzeyida 100 yillik surat ostidan yangi surat topildi

Image caption Mixail Sokolovning "Daryo ustidagi tuman" asari

Jahon bo‘ylab "Savitskiy kollektsiyasi" deya tanilgan Nukusdagi Qoraqalpoq Davlat San‘at Muzeyi noyob topilma haqida xabar tarqatdi.

Muzeydagi restavratsiya bo‘limi xodimlari va frantsiyalik restavratorlar taniqli rassom Mixail Sokolovning 1920-yillarda chizilgan "Daryo ustidagi tuman" asarini qayta tiklayotganlarida, uning ostida boshqa rasm chizilgani ayon bo‘lgan.

BBC bilan suhbatda muzey direktori Marinika Babanazarova bu kutilmagan kashfiyot bo‘lganini bildirdi.

"Bu topilma tasodifan yuz berdi. Muzeyimizda axir rasmlarning kimyoviy va texnologik tarkibini aniqlaydigan uskunalar yo‘q. Restavratorlarning tajribasi va sezgirligi ish berdi. Ular rasmning ba‘zi qismlarida begona bo‘yoqlar qatlamini ko‘rib qolishdi. Keyin Nukus shahridagi oddiy kasalxonaga uni olib borib rentgentga tushirganimizda, restavratorlarning shubhasi asoslandi", - deydi Babanazarova xonim.

1885-1948 yillar orasida yashab ijod qilgan rus rassomi Mixail Sokolovning "Daryo ustidagi tuman" asarida daryodagi kichik kema va qalin kulrang tuman ortidagi katta ko‘prik va binolar chizilgan.

Image caption Surat ostidagi qariya portreti kimning mo‘yqalamiga mansubligi noma‘lum qolmoqda

Rentgentda aniqlangan ostki suratda esa butkul o‘zga manzara - qimmatbaho toshlar bilan bezangan ustbosh va qalpoq kiygan qariyaning portreti namoyon bo‘ldi. U yuqori martabali katolik ruhoniysiga o‘xshaydi.

Sokolov nima uchun qariyaning portretini qalin bo‘yoq qatlami bilan qoplab "Daryo ustidagi tuman" asarini yaratgani hozircha noma‘lum.

"Topishmoqlar ko‘p"

Mixail Ksenofontovich Sokolov - 20-asrning taniqli rassomlaridan. U 1930-yillar oxirida Sibirning Tayga posyolkasidagi siyosiy mahbuslar lageriga surgun qilingan. Uning asarlari jahonning mashhur muzeylari va xususiy kollektsiyalarida saqlanadi. Nukus muzeyining o‘zida uning 18ta surati va 288ta grafik asarlari mavjud.

"Bu bizning tajribamizdagi ilk shunday topilma, lekin aminmanki, kollektsiyamizda bu kabi topishmoqlar hali ko‘p. 1920-30-yillarning naqadar dramatik bo‘lganini hisobga olsak, bu kabi eksperimentlar boshqa suratlarimiz ostida ham topilishi mumkin", - deydi muzey direktori.

Babanazarova xonim, muzey kengashi "Daryo ustidagi tuman" asaridagi yuqori qatlamni saqlab qolish va restavratsiya qilish qaroriga kelganini bildirdi.

Hozirda asar muzeyning doimiy ko‘rgazmasi tarkibidan o‘rin olgan.

"Albatta, bu kabi holatlar jahon bo‘ylab tez-tez yuz beradi. Lekin bu asarga bo‘lgan qiziqish endi boshqacha bo‘ladi, chunki ostki surat muallifi kim ekanini hali noma‘lum. Intriga saqlanib qolayapti. Bu topilma Sokolov taqdiriga yana bir qo‘shimcha chizgi bo‘ldi", - dedi Marinika Babanazarova BBCga.

Nukusdagi Qoraqalpoq Davlat San‘at Muzeyiga asos solgan Igorь Savitskiy Ikkinchi Jahon Urushidan avval O‘zbekistonga ko‘chib o‘tgan va o‘z kollektorlik faoliyatini qoraqalpoq osori-atiqalarini yig‘ishdan boshlagan.

U so‘ngra yillar davomida Rossiya va O‘zbekistonda sovet targ‘iboti va sovet realizmiga to‘g‘ri kelmaydigan avangard asarlarni to‘play boshlagan.

Uning yordami bilan sovet hukumati qora ro‘yxatiga tushgan rassomlarning ko‘rgazmalari uyushtirilgan.