Putin muhojir ishchilar bilan bog‘liq vaziyatni tartibga solish zarurligini aytdi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Rossiyaga kelib ishlayotganlarning aksari markaziy osiyoliklar

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning aytishicha, "rezina" kvartiralar sohiblari, muhojirlarni soxta ro‘yxatga olganlar va ish ruxsati bo‘lmaganlarga ish beruvchilarni jinoiy javobgarlikka tortish kerak.

Bu haqda Putin Federal Migratsiya Xizmati majlisida gapirgan.

Vladimir Putinga ko‘ra, noqonuniy muhojirlik mamlakatda korruptsiya, jinoyatchilik va hatto milliy nizolarga ham zamin yaratayotgan ekan.

"Rossiya bosh vazirining aytganlaridan millionlab Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlarining hammasi ham xavotirga tushayotgani yo‘q", deydi tojikistonlik muhojir Furqat Abdurahmonov.

"Putinning aytgan gaplari har doim bor. Ijozatsiz ishga olgan odamlarni 800 mingga jarima qiladi. "Rezina" kvartiralar ma‘n qilinsin", degan gaplar avval ham bor edi", deydi u.

Furqat Abdurahmonov Putin janoblarining so‘nggi chiqishini prezidentlik saylovlaridan oldingi kampaniyaning bir qismi ekanini aytadi.

Shu bilan birga u Rossiya Bosh vaziri aytayotgan holatlar barchaga ma‘lum muammolar ekani, ammo mulozimlar bu muammolardan ko‘z yumishlarini ta‘kidlaydi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Ko‘p o‘zbek bolalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘raman, biz yashaydigan uyning yerto‘lasida yashashadi. Ularning sharoitlari haqiqatda ham qiyin. Necha marta buni televizordan gapirishdi, lekin bunga ko‘z yumishadi. Ma‘muriyatda ishlaydigan odamlar yaxshi bilishadi bu narsani...Ertalab soat beshda turib, qaysi o‘ris qor kuraydi yo axlat tozalaydi? Faqat O‘rta Osiyodan borgan odamlar bu ishni qiladi. Agar bularni haydab yuborsa, bu Moskva shahri axlatga to‘lib ketadi. Shuning uchun, ular bitta oylikni ikki-uch odamga bo‘lib berishadi, bir odamning o‘rniga ikki-uch odam ishlaydi", deydi Furqat.

Mehnat muhojirlari kerakmi?

Rossiyaga kelib ishlayotganlarning aksari markaziy osiyoliklardir.

Jahon banki Rossiya hukumatini mamlakatga mehnat muhojirlarini ko‘proq jalb etishga chaqirgan edi.

Jahon bankiga ko‘ra, Rossiyada tobora qisqarayotgan ishchi kuchining o‘rnini qoplash uchun yaqin 20 yilda 12 million mehnat muhojiri jalb etilishi lozim bo‘ladi.

Bank mutaxassislari fikrlaricha, Rossiya aholisi soni kamayib kamayib borayotgani iqtisodda salbiy aks etishi mumkin.

Rossiya rasmiylari mehnat muojirlari jalb etilishi lozimligini tan olishsa-da, jamiyatda muhojirlarga bo‘lgan munosabat hamon murakkabligicha qolayotir.

Irqchilik asosida muhojirlarga hujumlar soni ortib bormoqda.

Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, yaqin 10 yil ichida Rossiyada mehnatga layoqatli aholi soni yiliga bir foizga qisqarib boraveradi.

Asosan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan mehnat muhojirlari Rossiyada aksariyat holatlarda kam ish haqi to‘lanadigan "qora ishlar"ni bajarishadi va deyarli har qadamda kamsitishga duchor bo‘ladi.

Global iqtisodiy inqiroz Rossiyada mehnat muhojirlari ahvolini yanada qiyinlashtirgani aytiladi.

Hukumat 2010 yil Rossiya o‘z fuqarolarini ish bilan ta‘minlash, ularning huquqlarini himoya etish maqsadida muhojirlarga belgilangan kvota mikdorini ancha kamaytirgan edi.

2011 yil bo‘yicha butun Rossiya buyicha qariyb 2 million horijlikka ishlash kvotasi ajratilgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, birgina Moskvada 2 millionga yaqin mehnat muhojirlari ishlayotgani hisobga olinsa, ushbu kvota miqdori nihoyatda kamdir.

Federal migratsiya xizmati rahbariyatiga ko‘ra, Rossiyada hozirda 5 milliondan ziyod xorijlik ishchi mehnat qiladi.

O‘tgan yilgi raqamlarga ko‘ra, ulardan faqat 1,5 millionigina mehnat qilish ruxsatnomasiga ega.