Qozonda o‘ldirilgan o‘zbekning yaqinlari rasmiy versiyadan gumonsirashmoqda

Image caption Rustam Yusupovning yaqinlari uning terror amaliyotini tayyorlayotganiga ishonishmaydi

Tataristonda ikki hafta avval militsiya xodimi tomonidan otib o‘ldirilgan o‘zbekistonlik Rustam Yusupovga aloqador yana ikki kishi qo‘lga olingan. Tatarston Tergov Boshqarmasi rahbarining bosh yordamchisi Eduard Abdullinning matbuotga xabar qilishicha, 44 yoshli o‘zbekistonlik Radik Valiyev va 37 yoshli Tatarston fuqarosi Rauf Sitdiqovlar hibsga olingan.

Ayni damda, 12 yanvarda Qozondagi xonadonda otib o‘ldirilgan Rustam Yusupovning ishi bo‘yicha uning yaqinlari va do‘stlari huquq-tartibot organlarining versiyasidan shubha qilishmoqda.

Tatarston Ichki Ishlar Vazirligi Rustam Yusupov va uning rafiqasi Leniza Yusupova terror amaliyotini tayyorlayotgan bo‘lgani, Memdel qishlog‘idagi uylardan birida yuz bergan portlash ortidan Qozondagi xonadonda yashirinib o‘tirganlari, qishloqdagi uydan portlovchi jihoz va moddalar topilgani haqida xabar tarqatgandi.

Vazirlik ma‘lumotiga ko‘ra, portlashdan ikki kun o‘tib Yusupovlar Qozondagi xonadondan topilganda Rustam Yusupov militsiya xodimiga pichoq bilan hujum qilgan va shu tufayli otib o‘ldirilgan.

"Qo‘lga olish chog‘ida u pichoq bilan ichki ishlar boshqarmasining tergov bo‘limi xodimiga tashlandi. Politsiyachi bir necha jarohat olgan va qurol ishlatishga majbur bo‘lgan. Yusupov voqea joyida jon bergan, politsiyachi kasalxonaga yotqizilgan", - deyilgandi rasmiy xabarda.

Mazkur masalani yaqindan o‘rganayotgan moskvalik inson huquqlari faoli, "Memorial" markazi xodimi Bahrom Hamroyevning aytishicha, Leniza Yusupova xonadondagi hujumdan so‘ng yaqinlari va onasiga qo‘ng‘iroq qilishga ulgurgan va eri hech sababsiz otib o‘ldirilganini aytgan.

Uning qo‘shnilari xabar qilishicha, Leniza Yusupova bir necha kundan beri noma‘lum kishilar uning izidan yurganidan xavotir bildirgan.

Rustam Yusupovning yaqinlari uning terror amaliyotini tayyorlayotgani yoki ekstremistik tashkilotlarga aloqadorligini rad etishadi.

Bahrom Hamroyevga ko‘ra, mazkur masala bo‘yicha aniq ma‘lumot yig‘ish atayin qiyinlashtirilmoqda.

"Mening iltimosim bilan Yusupovning tanishlari imkoni boricha bo‘lgan voqeani o‘rganish uchun xonadonga borishgan. Orqalaridan bir necha fuqarolik kiyimidagi odamlar tushgan, ularni ko‘p tekshirib, ogohlantirgan, keyin ikkinchi marta borib, qo‘shnilari bilan suhbatlarni yozib olishgan. Hukumat bergan ma‘lumot umuman noto‘g‘ri ekanini aniqlashgan", - deydi faol.

Ayni damda marhumning yaqinlari Leniza Yusupovaga tergovchilar tomonidan qattiq tazyiq o‘tkazilayotgani va u o‘zi guvohi bo‘lgan voqeani jamoatchilikka oshkor qilmasligi uchun tergov izolyatorida ushlab turilganini da‘vo qilishmoqda.

BBC Rustam Yusupovning xavotirlari va shubhalariga javob olish uchun Tatarston Ichki Ishlar Vazirligi matbuot bo‘limi va Tatarston Tergov Boshqarmasi rahbarining bosh yordamchisi Eduard Abdullinga bog‘landi, biroq rasmiylar suhbatga rozi bo‘lmadilar.

"Memorial" markazi ayni damda bu ish bo‘yicha ko‘proq ma‘lumot yig‘ayotganini bildirdi.

"Fevral oyining oxirida biz Tatarston va Boshqortistonga boramiz. Biz bu holatni albatta chuqur o‘rganib, Rossiya Bosh prokuroriga murojaat qilamiz", - dedi Bahrom Hamroyev.