Norvegiyada terrorchilikda gumon qilingan o‘zbek ozod qilindi

Image caption Devid Jeykobson (Alisher Abdullayev) politsiyaga o‘z sheriklari haqida axborot yetkazib turganiga qaramay mahkamaga tortilgan

Norvegiya mahkamasi ikki kishini Muhammad payg‘ambarni aks ettirgan karikaturalarni chop qilgan Daniya gazetasiga qarshi hujum rejalashda aybdor deb topgan, lekin uchinchisi - asli o‘zbekistonlik Devid Jeykobsonni ozod qilgan.

Mazkur ish Norvegiyaning yangi aksil-terror qonunlari ostida o‘tgan ilk mahkama ishidir.

Al-Qoidaga aloqasi borligi aytilgan asli xitoylik uyg‘ur Maykl Dovud yetti yillik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Iroqlik kurd Shavan Sodiq Said Bujak esa uch yarim yilgan qamalgan.

Asli ismi Alisher Abdullayev bo‘lgan Devid Jeykobsondan terror ayblari olib tashlangan.

U ikki sherigiga portlovchi moddalarni topishda yordam berganlikda aybdor deb topilgan.

Jeykobson 2009 yil noyabrida poytaxt Oslodagi dorixonadan vodorod peroksidini sotib olganidan so‘ng, darhol Norvegiya politsiyasining xavfsizlik xizmatini ogoh qilganini aytgan.

U to‘rt oy qamoq jazosiga mahkum qilindi, lekin bu muddatni allaqachon panjara ortida o‘tkazgani tufayli mahkama zalidan ozod etildi.

Asli toshkentlik Deyvid Jeykobson 2002 yildan beri Norvegiyada yashab keladi. Uning siyosiy boshpana uchun bergan arizasi muvaffaqiyatsiz bo‘lgan esada, mahkama u norvegiyalik ayolga uylangani va farzandlari borligi tufayli O‘zbekistonga qaytarilmasligi kerak deya qaror chiqargan.

Karikaturalardan g‘azab

Hakam Dovud "hujumni al-Qoida bilan birga rejalagan"ini aytdi.

2010 yilning iyulida hibsga olingan uchovlon ayblarni rad qilishgan, lekin Dovud etnik uyg‘urlarni tahqirlagani uchun Norvegiyadagi Xitoy manfaatlariga qarshi hujumlar tayyorlayotganini tan olgandi.

Mahkama chog‘ida qoralovchilar Dovud portlovchi moddalar haqida Pokistondagi al-Qoida jamlog‘ida o‘rgangani, va so‘ng Bujak bilan birga bu moddalarni Daniya gazetasiga qarshi ishlatmoqchi bo‘lganini aytishdi.

Ular, shuningdek, karikaturalarning ba‘zilarini chizgan Kurt Vestergardni o‘ldirmoqchi bo‘lganlari ham da‘vo qilindi.

Bujak karikaturachi rassomdan nafratlanishini tan oldi, lekin Dovud bilan faqat Kurt Vestergard va gazetani jazolashni og‘zaki muhokama qilganini aytdi.