Rossiya Qirg‘izistonga harbiy yordamini kuchaytirmoqda

Image copyright Getty
Image caption Rossiya Tolibon xavfidan xavotirda bo‘lgan mintaqa davlatlarining tashvishlariga sherik ekanini aytadi

Rossiya Qirg‘izistonga qo‘shimcha harbiy yordam yuborishni boshlagan.

Berilayotgan harbiy ko‘makdan maqsad – Afg‘onistondagi xorijiy ittifoq qo‘shinlarining 2014 yilgi safarbarligi oldidan Qirg‘iziston chegaralarini mustahkamlash ekani aytilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari xorijiy kuchlarning chiqib ketishi ortidan, Tolibon jangarilarining shimolga qarab yurish qilishi va Ovro‘po uchun asosiy energiya manbaiga aylanayotgan mintaqadagi vaziyatning izdan chiqib ketishidan xavotirdalar.

Ushbu mavzu shu kunlarda britan matbuotining e‘tiborini ham o‘ziga tortgan.

Rossiya ham ularning xavotirlariga sherik, shu bois ushbu sobiq Sho‘ro respublikalariga harbiy salohiyatlarini oshirishda ko‘mak berishga va‘da bergan, deb yozadi The Telegraph.

Nashrga ko‘ra, Rossiya Afg‘onistondan boshlanuvchi asosiy narkotranzit yo‘lida joylashgan Tojikiston chegaralari nazoratini ham o‘z qo‘liga olishni istaydi.

"Reuters" axborot agentligi ma‘lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Qirg‘izistonga mo‘ljallangan qariyb 10 million dollarlik harbiy yordami Tojikiston bilan janubiy chegaralarini mustahkamlashga qaratiladi.

Agentlikka ko‘ra, Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev "Rossiya bilan o‘tmishlarini bo‘lishganliklari va kelajaklari ham xuddi shunday buo‘lishi"ni aytgan.

Shu oy boshida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondan safarbarligi ortidan, Markaziy Osiyoga tahdid kuchayishi bilan ogohlantirgandi.

Prezident Karimov Afg‘onistondagi, "terrorchilik va ekstremistik faoliyatning kengayish xavfi kuchayishi" va mintaqada beqarorlik o‘chog‘ining yuzaga kelishi ehtimoli borligini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo mintaqasi o‘zining ulkan tabiiy boyliklari sabab yirik davlatlarning strategik manfaatlari to‘qnashadigan hududga aylangan.

"O‘z tomorqasi"

AQSh va Xitoy turli ko‘rinishdagi yordamlari bilan mintaqada o‘z ta‘sirlarini kuchaytirishga urinisharkan, Kreml ham og‘iz ochib qarab o‘tiradigan ko‘rinmaydi.

Rossiya so‘nggi yillarda vaqtida "o‘z shaxsiy tomorqasi" sifatida ko‘rgan hududda yana o‘z ta‘sirini o‘rnatish harakatiga tushib qolgan.

Qirg‘izistonning strategik ahamiyati oshib borayotgani belgisi sifatida yaqinda Buyuk Britaniya ham Bishkekda o‘z elchiligini ochgandi.

Ustiga ustak, shu yaqin oylar ichida AQSh va Pokiston orasidagi munosabatlarning keskin sovuqlashishi ham Markaziy Osiyoning ahamiyatini yanada kuchaytirgan.

Chunki ikki o‘rtadagi munosabatlarga darz yetishi sabab, Nato Afg‘onistondagi kuchlariga mo‘ljallangan yuklarni Pokiston qolib, Markaziy Osiyo orqali olib o‘tishga majbur bo‘layotir.

AQSh Senatining dekabr oyidagi hisobotiga qaralsa, quruqlik orqali Afg‘onistonga o‘tkazilayotgan Natoga qarashli yuklarning 75 foizi mintaqa orqali o‘tmoqda ekan.

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi "Manas" tranzit nuqtasi ana shu ta‘minot yo‘lidagi muhim bo‘g‘inlardan biri sanaladi.