O‘zbekiston: Pista va qurtning qayerda sotilgani ma‘qul?

O‘zbekistondan olingan xabarlarga ko‘ra, respublika epidemiologiya komissiyasi favqulodda majlis chaqirib, ko‘cha-ko‘yda o‘z holicha sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari savdosini muhokama etgan.

Bo‘lib o‘tgan majlis chog‘ida asosiy e‘tibor pista, qurt, somsa, non, tamaki va boshqa turdagi mahsulotlar savdosiga qaratilgan.

Majlisda odamlar bu kabi mahsulotlarni sotib olisharkan, ular bilan birga o‘z salomatliklari uchun zararli bo‘lgan ko‘plab mikrob va bakteriyalarni orttirib olishlaridan bexabar ekanliklari aytilgan.

Ularning qanday sharoitda tayyorlangani va saqlangani mavhum ekani bilan birga, sanitariya qoidalariga zid bir sharoitda sotilishi oqibatida yana bir bor ifloslanishi urg‘ulangan.

Komissiya ushbu sohani tartibga solish uchun barcha mas‘ul tashkilotlar o‘z faoliyatlarini muvofiqlashtirishlari lozimligini aytgan.

Ayon bo‘lishicha, mahalla, o‘quv yurtlari va ommaviy-axborot vositalari orqali aholi orasida tushuntirish ishlari ham allaqachon boshlab yuborilgan.

Qurt savdosida band odamlar...

O‘zbekistonlik mustaqil iqtisodiy tahlilchi Jahongir Shosalimov bugun bu kabi savdoda band bo‘lganlar soni butun mamlakat bo‘ylab ozmuncha emasligini aytadi.

"Poytaxt Toshkentda esa, hozir bu ish bilan asosan chekka viloyatlardan kelgan ayollar shug‘ullanishmoqda. Chunki chetga, deylik, Qozog‘iston yoki Rossiyaga borib, pul topishga salomatliklari to‘g‘ri kelmaydi, shu bois, ular shu ishni qilishadi", deydi u.

Iqtisodchi, o‘z o‘rnida, ularning davlatdan maosh olib ishlayotgan farrosh yoki hamshiradan ko‘ra, ko‘proq daromad qilishlari, ammo ishlash shart-sharoitlarini taqqoslab bo‘lmasligini ta‘kidlaydi.

"Deylik, bir stakan pista 200 so‘m tursa va u yuz stakan sotadigan bo‘lsa, qancha pul topadi".

Ammo u ushbu masalaning yechimida mas‘ullar tomonidan chaqirilayotgan majlislar yoki ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ish bermaydi, degan ishonchda.

"Hukumatning katta siyosati o‘zgarmas ekan, mavjud holatga butkul barham berib bo‘lmaydi", deydi u.

O‘zbekistonlik tahlilchi pistayu qurt sotish orqasidan tirikchilik qilayotgan odamlarning bugun risoladagidek boshqa ish topish imkoniyatlari ham yo‘q ekanini ta‘kidlaydi.

"Chunki markaziy hukumat olib borayotgan siyosat odamlarning turmushlarini yaxshilashga emas, aholining turmush kechirish darajasini pasaytirishga yo‘naltirilgan. Paxta va donning xarid bahosini past ushlab turishi, tadbirkorlarga erkinlik bermaslik, ishlab chiqarishni rivojlantirishning o‘rniga, bunga to‘siq bo‘layotganining o‘zi bu kabi holatning hali uzoq davom etishiga olib keladi", deydi iqtisodchi.

Mahalliy kuzatuvchilar shundoq ham mamlakatda kambag‘allik va ishsizlik chuqur ildiz otgani, mehnatga qobiliyatli aholining kattagina qismi o‘zga yurtlarda, mehnat muhojirligida band ekanini aytishadi.

Rasmiy xabarlarga qaralsa, ko‘rilishi rejalanayotgan yangi chora-tadbirlar pistayu yer yong‘oq yoki qurtlarning aholi iste‘molidan yo‘qolib ketishiga olib kelmaydi.

Faqat bu kabi oziq-ovqat mahsulotlarini lozim tartib-qoidalarga mos sharoitda ishlab chiqarish va risoladagidek tarzda savdo tarmoqlariga chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda, xolos.