Bollivudda gap: "Shohrux Xon meni kaltakladi"

Image copyright Reuters
Image caption Shohrux Xon ushbu xabarlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabat bildirmagan

Hindistonlik rejissyor Shirish Kunderning da‘vo qilishicha, Bollivud yulduzi Shohrux Xon uni "kaltaklab, sochidan ham tortgan".

Ammo, rejissyor yuz bergan hodisa yuzasidan politsiyaga shikoyat qilish niyatida emasligini aytmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, hodisa dushanba kuni erta tongda Mumbay shahrida yuz bergan.

Shirish Kunderning matbuotga aytishicha, Xon o‘sha paytda "mast" bo‘lgan.

Shohrux Xon ushbu xabarlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabat bildirmagan.

Ammo, tweet qilib, "ularni ko‘rib, o‘qib, istehzoda ekani"ni bildirgan.

Kunderning rafiqasi va taniqli Bollivud rejissyorlaridan Farah Xonning Indian Express gazetiga aytishicha, Shohrux Xon, "erining sochidan tutib, yerga ag‘dargan, tepkilab, do‘pposlagan".

Er-xotin ikkovlonning da‘vo qilishlaricha, Shohrux Xon ularni "yo‘q qilish" va "Bollivuddan uchirib yuborish" bilan tahdid ham qilgan.

Farah Xon hammasiga erining Shohrux Xonning Ra.One filmi haqida yozgan tweeti sabab bo‘lganini ham taxmin etgan.

Unga ko‘ra, Shirish filьmning tomoshabinlar orasida ommabop bo‘lmaganiga ishora qilgan.

Bazm ishtirokchilaridan ayrimlarining aytishlaricha esa, Shohrux Xon Shirish Kunder bilan shunchaki urishib qolgan.

"Shohrux Hon unga qo‘lini tekkizgani ham yo‘q. Faqat uni divanga taqab borib, o‘z holiga qo‘yishini so‘rovdi", deb aytgan Shohrux Xonga yaqin manbalardan biri.

Ammo, xabarlarga ko‘ra, o‘zi ham o‘sha bazmda ishtirok etayotgan Sanjay Dat ikkovlonni ajratib qo‘ygan.

Shundan so‘ng unisi ham, bunisi ham o‘z uylariga yo‘l solishgan.