Qirg‘iziston prezidentidan Azimjon Asqarovni ozod etish so‘raldi

Image caption Kuzatuvchilarga ko‘ra, Azimjon Asqarov qamoqqa olingach, davomli qiynoqlarga tutilgan.

AQSh, Ovro‘po va sobiq Sovet respublikalaridan bo‘lgan 50 dan ortiq inson huquqlari va nodavlat tashkilotlari Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevga maktub yo‘llab, taniqli huquqbon Azimjon Asqarovni insoniylik tamoyillariga asoslanib ozod etishni so‘raganlar.

Azimjon Asqarov Qirg‘iziston janubida 2010 yil yozida yuz bergan milliy nizolarga aloqadorlikda ayblanib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan edi.

Yaqinda AQShlik shifokor janob Asqarovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, huquqbon zudlik bilan davolanishi kerak degan xulosaga kelgan.

Shifokor Sondra Krosbi xulosasiga ko‘ra, Asqarov 2010 yil 15 iyunda qamoqqa olingach, uzoq payt kaltaklangan va hozirga kelib hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan surunkali kasallik alomatlari kuzatilmoqda.

"Inson huquqlari uchun shifokorlar" tashkilotining maslahatchisi doktor Krosbi qiynoqlarni aniqlash bo‘yicha dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan mutaxassislaridan biri hisoblanadi.

Shifokorga ko‘ra, Azimjon Asqarovning ko‘rish qobiliyati yomonlashib bormoqda, miyasi chayqalgan va umurtqasi jarohat olgan.

Ikki oy muqaddam Qirg‘iziston Oliy mahkamasi huquq faoli Azimjon Asqarov va yana yetti mahkum ustidan avvalgi mahkamalar chiqargan hukmlarni o‘z kuchida qoldirgan edi.

Azimjon Asqarov Qirg‘iziston janubidagi etnik nizolar chog‘ida bir militsiya xodimini o‘ldirish va milliy nafrat uyg‘otishda aybdor deb topilib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Huquqbonning o‘zi bu hodisalarni dalil sifatida faqatgina suratga tushirishga harakat qilgani va aybsiz ekanini ta‘kidlab keladi.

Qator xalqaro tashkilotlar Azimjon Asqarov ustidan chiqarilgan hukmni "adolatsiz", deya baholaganlar.

Millati o‘zbek bo‘lgan Azimjon Asqarovga chiqarilgan hukm hukumat zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishda faqat o‘zbeklar javobgarlikka tortayotgani borasidagi yangi qo‘rquvlarga sabab bo‘lgan.

Xalqaro Amnesti guruhiga ko‘ra, Asqarov hibsga olinishidan oldin militsiyaning zo‘ravonliklarga bosh qo‘shgani xususida dalillar to‘playotgan bo‘lgan.

Human Rights Watch, Xalqaro Amnesty va Freedom House tashkilotlari chiqargan bayonotlarga ko‘ra, Azimjon Asqarov hamda u bilan birga mahkamaga tortilgan yetti kishi qamoqxonada qiynoqlarga solingan.

Fridom Houzning aytishicha, Asqarov uch kun hech qanday ayblovlarsiz noqonuniy hibsda saqlangan va uning uyida rasmiy ruxsatsiz tintuv o‘tkazilgan.

Qirg‘iziston janubida o‘tgan iyun oyida qirg‘iz va o‘zbek jamoalari o‘rtasida yuz bergan zo‘ravonliklarda aksari o‘zbeklardan iborat yuzlab inson nobud bo‘ldi va 400 ming kishi boshpanasiz qoldi.