NATO: Pokiston afg‘on Toliboniga yordam bermoqda

Image copyright Reuters
Image caption Hisobot Pokiston-NATO aloqalaridagi nozik bosqichda sirqib chiqmoqda

BBC qo‘liga tushgan maxfiy NATO hisobotiga ko‘ra, Afg‘onistondagi Tolibonga Pokiston xavfsizlik xizmatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam bermoqda.

Sirqib chiqqan hisobot minglab tergov va so‘roqlarga asoslangan bo‘lib, Tolibon taslim bo‘lish niyatida emasligi va afg‘on xalqi orasida keng dastakka ega ekanini namoyon qiladi.

BBC muxbiriga ko‘ra, mazkur hisobot xalqaro kuchlar va afg‘on hukumatini katta xavotirga soladi.

Pokiston tashqi ishlar vazirligi voizi ayblovlarni "bema‘ni" deb atagan.

"Biz Afg‘oniston ichki ishlariga aralashmaslik siyosatiga sodiqmiz va boshqa barcha mamlakatlardan ham bu tamoyilga bo‘ysunishlarini kutamiz", - deb aytgan Abdul Basit BBCga.

"Barqaror va tinch Afg‘onistondan biz manfaatdormiz. Biz bu maqsadimizga bo‘lgan yo‘lni izdan chiqaradigan amallarga qo‘l ura olmaymiz", - deya qo‘shimcha qildi u.

Hisobot Pokiston yuqori darajali Tolibon rahbarlari qayerda joylashganini biladi deya da‘vo qiladi.

"Biz ISI (Pokiston josuslik xizmati)ning ba‘zi qismlari va ba‘zi ekstremist oqimlar orasidagi aloqalardan ko‘pdan beri xavotir olib kelamiz", - dedi AQSh mudofaa vazirligi voizi Kapitan Jon Kerbi. Biroq, u Pentagon hali hisobot bilan tanishib chiqmaganini aytdi.

Pokiston Tashqi Ishlar Vaziri Hina Rabboniy Xar hozirda Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Kobulda safardadir.

"Ma‘lumot"

BBCning Kobuldagi muxbiri Kuentin Sommervilga ko‘ra, yangi hisobot Pokiston josuslik xizmati va Tolibon o‘rtasidagi aloqani ilk marta to‘laligicha fosh qilmoqda.

Hisobot 4 mingdan oshiq qo‘lga olingan Tolibon, al-Qoida jangarilari va boshqa xorijiy jangchilar, hamda oddiy fuqarolar bilan olib borilgan 27 mingta so‘roqqa asoslanadi.

Hisobot Pokiston Tolibonning yuqori rahbariyatini avval qanday boshqargan bo‘lsa, shunday boshqarishda davom etayotganini aytadi. Unga ko‘ra, Pokiston Tolibon rahbarlari qayerdan turib amal qilayotganidan boxabardir.

Unda, "Nasriddin Haqqoniy kabi yuqori martabali Tolibon vakillari Islomoboddagi ISI qarorgohining yonginasidan uy olishgan"i aytiladi.

Unda qo‘lga olingan al-Qoida a‘zosi "Pokiston hamma narsani biladi, hamma narsani nazorat qiladi. Men Kunarda turib daraxtga siysam ham ular qarab turgan bo‘lishadi", - deb aytadi.

"Tolibon Islom emas. Tolibon bu Islomobod", - deya qo‘shimcha qiladi u.

Muxbirimizning aytishicha, hisobot Tolibon Pokiston josuslik xizmati nazorati ostida o‘zini qopqonga tushib qolgandek va hech qachon uning ta‘siridan qochib qutila olmaydigandek sezayotganini ko‘rsatishga urinadi.

Lekin, ayni damda hisobotda "Bu hujjat isyonchilar so‘zlaridan tuzilgani uchun faqat ma‘lumot sifatida qabul qilinishi kerak, tahliliy hujjat sifatida emas", deyiladi.

NATOning mamlakatning afg‘on qo‘shinlari qo‘liga topshirish strategiyasiga qaramay, maxfiy hujjat isyonchilar va afg‘on harbiylari va politsiyasi o‘rtasidagi keng hamkorlikning tafsilotlarini taqdim qiladi.

NATOning xalqaro xavfsizlikni ta‘minlash kuchlari (Isaf)ning voizi Jimmi Kammings mazkur hujjat "ommaga oshkor qilinishi ko‘zda tutilmagan ichki hujjat" bo‘lganini aytdi.

"Maxfiy deya belgilangan hujjatlar hech qanday sharoitda muhokama qilinmasligi kerak", - dedi u.

Hisobot, shuningdek, afg‘on xalqi orasida Tolibonga ko‘rsatilayotgan davomiy dastakni ham tasvirlaydi. Unga ko‘ra, al-Qoida ta‘siri susaymoqda, lekin Tolibon ta‘siri oshib borayapti.

Tolibon ta‘siri

Hisobot xulosada o‘tgan yili Tolibon g‘oyasiga qo‘shilishga hatto afg‘on hukumati vakillari orasida ham misli ko‘rilmagan ko‘p qiziqish bo‘lgani aytiladi.

"Afg‘on fuqarolari odatda hukumatning poraxo‘rligi tufayli Tolibon boshqaruvini afzal ko‘radilar", deyiladi unda.

Hisobot Tolibon ba‘zi hududlarda o‘z hujumlari sonini ataylab kamaytirib, NATOning Afg‘onistondan chiqib ketishini tezlashtirishga urinayotganiga isbot keltiradi.

Unda yozilishicha, xorijiy kuchlar chiqib ketgan hududlarda Tolibon ta‘siri oshgan va bunga odatda hukumat qo‘shinlari qarshilik ko‘rsatmagan. Ko‘p hollarda afg‘on politsiyasi va armiya bunga faol yordam bergan.

Xorijiy askarlar chiqib ketganidan so‘ng afg‘on xavfsizlik qo‘shinlari to‘la nazoratni qo‘lga olishlari kutiladi.

Hisobot Tolibon taslim bo‘lish haqida o‘ylamayotganini ham aytadi.

"Hozircha ular jangni davom ettirish va Tolibon boshqaruvini kengaytirish yagona yo‘l deb bilishadi", deyiladi unda.

Hujjatda aytilishicha, afg‘on xavfsizlik kuchlari miltiqlar, to‘pponchalar va og‘ir qurollarni Pokiston bozorlarida sotmoqda.

U Tolibon a‘zolari o‘z ishlari uchun maosh yoki moliyaviy imtiyozlar olmasliklari, lekin ularning amaliyotlari giyohvand moddalar savdosi bilan moliyalanishini aytadi.

Lekin, hisobotga ko‘ra, Tolibonning asosiy daromadi hayriyadan keladi, "Tolibon a‘zolari kimliklarini yashirmay eshikma-eshik yuradilar", deydi u.