O‘zbekistonda kollej bitiruvchilari fermer xo‘jaliklarida ishlashga majburlanmoqda

Image caption Xalqaro tanqidlarga qaramay, bolalarning majburiy mehnatidan foydalanishning yangi va yangi usullari o‘ylab topilmoqda

O‘zbekistonda "Bir fermerga – bir bitiruvchi" loyihasi amalga oshiriladi.

Mavjud 66 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklariga kasb-hunar kollejining bittadan bitiruvchisini biriktirish orqali ish bilan ta‘minlash rejalanmoqda.

O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu tadbir kollej bitiruvchilarini ish bilan ta‘minlashning optimal variantlaridan biri sifatida talqin qilinmoqda.

Qishloq xo‘jaligi mutaxassislari fermerning qo‘lida ishlash uchun kollejni bitirish shart emasligini va ayni damda fermerlar kollej bitiruvchilariga maosh bera olmasligini aytishmoqda.

Majburiy mehnat

O‘zLiDeP tomonidan uyushtirilgan va qonun chiqaruvchi hamda ijro hokimiyati bilan bir qatorda nodavlat tashkilotlar ham ishtirok etgan davra suhbatining asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari bo‘lgan.

Partiya veb sahifasida keltirilgan hisobotda fermer xo‘jaligidagi yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham muhokama qilingan.

O‘zLiDeP 2012 yilda 66 ming kollej bitiruvchisini fermer xo‘jaliklariga yuborib ish bilan ta‘minlash tashabbusi bilan chiqqan.

Partiya rahbariyati va Fermer xo‘jaliklari uyushmasidan ushbu loyiha borasida izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Uyushmada go‘shakni ko‘targan xodim BBCdan so‘rayotganimizni eshitib, rais Fayzulla Berdiyevning Vazirlar Mahkamasiga yig‘ilishga ketganini bildirdi.

Jizzaxlik kasb hunar kolleji bitiruvchi Sardorbek(ismi o‘zgartirilgan) bu kabi amal o‘tgan yili ham bo‘lganini va har bir kollej bitiruvchisi ish beruvchidan ishga olingani haqida mehnat daftarchasiga muhr bostirib kelganini aytadi.

"Fermerdan mehnat daftarchasiga ishlayapti degan pechat bostirib keldik. Bitiruvchilarning hammasi fermer yoki zavoddan mana shunaqa qilib olib bordi. Ammo birontasi ham ishlagani yo‘q. Kollejni bitirganlarning 30 foizi ishlash uchun Rossiyaga ketib qolgan", - deydi kollej bitiruvchisi Sardorbek.

Cho‘l hududidagi kollej o‘qituvchisi agar talaba mana shunday hujjat olib kelolmasa, kollej ish topib berishga majbur bo‘ladi deydi.

- Bolalar to‘ldirib kelolmasa, o‘qituvchisi bilan kollej ish topib beradi. Misol uchun, men kollejdan shartnoma qilib kelsam, o‘sha yerda ishlashga majbur bo‘laman. Bu shartnomani 100 foiz hamma bola to‘ldirishi shart. Birorta ham bola qolib ketmasligi kerak. Qolib ketsa, yuqoridagilar qo‘ymaydi, ish bilan ta‘minlash kerak, - deydi kollej o‘qituvchisi.

Kollej xodimining qo‘shimcha qilishicha, fermer bilan shartnoma tuzgan bitiruvchilar, odatda fermer xo‘jaligida ishlamaydi. Shartnoma nomiga tuziladi.

"Fermerdan to‘ldirib kelganlar, paxta terish vaqtiga shartnoma tuzadi. O‘ziga maosh topolmayotgan fermer bitiruvchiga qanday oylik to‘laydi. 4 foizlik nafaqa jamg‘armasiga fermer qayerdan to‘lab beradi?", - deydi kollej o‘qituvchisi.

"Diplomli ishchilar"

Qishloq xo‘jaligidan yaxshi xabardor jizzaxlik sobiq fermer Ma‘murjon Azimov 2010 yildan boshlab kollej o‘qituvchilari fermerlarning uylariga kirib, mehnat shartnomasiga muhr bostirib yurganini ko‘rganini aytadi.

Ma‘murjon aka fermerlarga diplomli emas, balki tajribali ishchilar kerakligini urg‘ulaydi.

- Fermerning qo‘lida ishlash uchun diplomli bo‘lish shart emas. Ishchilar faqat bitta yo‘nalishda ketadi. Masalan, suv taraydi, chopiq qiladi. O‘g‘it berish uchun bilimli ishchi bo‘lishi shart emas. Hech yerda o‘qimagan, ammo o‘qiganlardan tajribali ishchilar bor, - deydi Ma‘murjon Azimov.

Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi ko‘pchilik fermerlarning davlatdan qarzdor bo‘lib qolganini va ishchilarga oylik berishda naqd maosh berolmasligini aytadi.

"Shu vaqtgacha birorta fermer ish haqi bilan ta‘minladi degan gapni eshitmaganman. Baribir ham natura shaklida ish olib borishadi. Bug‘doy bilan ta‘minlashadi, 30-40 sotix tomorqa yeri berishadi. O‘sha yerdan foydalanib shuning hisobidan ishlaydi", - deydi Ma‘murjon Azimov.

"Navbatdagi yolg‘on"

Kollej bitiruvchilarini fermerlarga biriktirish tashabbusi O‘zbekistondagi veb sahifalarda ham keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Olam.uz sahifasida chop etilgan xabar ostiga qoldirilgan izohlarning deyarli barchasi ushbu tashabbusni qoralaydi.

"Bitiruvchilarning o‘zidan fermerning qo‘lida ishlashni istashini so‘rab ko‘rdingizlarmi? Yerda ishlash uchun uni sevish kerak, tayoq ostida yer haydab bo‘lmaydi. Navbatdagi yolg‘on. Xo‘ja ko‘rsinga ishsizlik bilan "kurashishmoqda"", deydi anonim yuzerlardan biri.

Jizzaxlik sobiq fermer Ma‘murjon Azimov ham ushbu tashabbus rasmiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun amalga oshiriladi, degan fikrda.

"Bu kimlargadir kerak va shuncha ishsizlarni ish bilan ta‘minlayapmiz, degan maqsadda qilinayapti, deb o‘ylayman. Kollej o‘quvchilari yuribdi, ammo ularning birortasi ham fermer xo‘jaligiga borib ishlamaydi. Marhamat o‘sha davra stollariga fermerlarning o‘zlarini jalb qilsin-da, ularning ham fikrini o‘rgansin. Ularga oliy ma‘lumotli yoki o‘qimishli talabalar kerakmi yoki tajribali ishchilar", - deydi Ma‘murjon Azimov.

Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi bitiruvchilarni ish bilan ta‘minlashning boshqa yo‘llarini topish kerakligi, zavod-fabrikalar qurib, ish o‘rinlari yaratish lozimligini aytadi.