Oyatulloh Xomanaiy: Eron har qanday harbiy tahdidga javob qaytaradi

Image copyright khamenei.ir
Image caption Janob Xomanaiyga ko‘ra, sankitsiyalar Eronni yadroviy dasturni amalga oshirishdan to‘xtatib qololmaydi

Eron oliy rahbari Oyatulloh Xomanaiy mamlakatida g‘arb sanktsiyalariga qarshi javob berish uchun yetarli vositalar mavjudligini aytdi.

Janob Xomanaiyning bu ogohlantirishi Tehronda juma namozi paytida o‘qigan xutbasida yangradi.

Shu kunlarda Eronga qarshi Ovro‘po Ittifoqi neft embargosini va Qo‘shma Shtatlar esa moliyaviy sanktsiyalarni joriy qildi.

Oliy rahbarning aytishicha, sanktsiyalar Eronning yadroviy yo‘ldan qat‘iyat bilan borishiga hech qanday ta‘sir ko‘rsata olmaydi.

"Neft embargosi va urush tahdilariga javoban bizda, mavrida kelganda, qo‘llaydigan o‘z vositalarimiz bor", dedi Oyatulloh Xomanaiy.

Biroq Eron oliy rahbari bu vositalar nimalardan iborat bo‘lishini ma‘lum qilgani yo‘q.

O‘tgan oylarda Eron siyosatchilari va rasmiylari Fors ko‘rfazidagi Hurmuz bo‘g‘osini berkitib qo‘yish bilan tahdid qilishgan edi.

O‘ta tor bo‘lgan ushbu bo‘g‘oz orqali dunyo neftining beshdan bir qismi o‘tadi.

Oyatulloh Xomanaiy ogohlantirishi Isroil Mudofaa vaziri Ehud Barak izohi ortidan yangramoqda.

Ehud Barak agar sanktsiyalar Eronni yadroviy qurolni barpo etish harakatlaridan to‘xtatib qololmasa, Isroil Eronga hamla qilish masalasini ko‘rib chiqadi deb aytgandi.