Qozog‘istonda yangi namoyishlarning oldi olindi

Image copyright Reuters
Image caption Qozog‘istonlik mas‘ullar bu gal zudlik bilan norozi ishchilarning talablariga quloq tutishgan...

Qozog‘iston hukumati Janao‘zendagisidan farqli tarzda, Atirau shahrida ish tashlagan ishchilarning oylik maoshlarini zudlik bilan chorak foizga oshirishga rozi bo‘lib, vaziyatni tinchitishga muvaffaq bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, "Senimdi qurylys" shirkatining uch yuzga yaqin xodimi ish haqlarining 100 foizga oshirilishi talabi bilan 25 yanvar kuni ish tashlashgan.

Ushbu shirkatning mijozlari orasida Amerikaning Chevroil shirkati hammezbonlik qiluvchi Tengizchevroil kompaniyasining ham borligi aytiladi.

Mahalliy mas‘ullarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, maoshlarining yuz foizga oshirilishini talab qilgan ishchilar hukumatning 25 foizlik taklifini qabul qilib, yangi mehnat shartnomalarini ham allaqachon imzolashgan.

So‘nggi hodisa britan nashrlarining e‘tiboridan ham chetda qolmagan.

The Telegraph nashrining yozishicha, bu borada "Senimdi qurylys" shirkatining o‘zidan rasman izoh olishga imkonli bo‘lmagan.

Atirau janubidan 700 chaqirimcha uzoqlikda joylashgan Janao‘zendagi neftchilarning norozilik chiqishlari olti oycha davom etgan edi.

Ammo "O‘zenmunaygaz" shirkati ular bilan bir necha hafta muzokaralar olib borgan esa-da, mingga yaqin ishchining maoshlarini oshirishga rozi bo‘lmagandi.

Muzokaralar ish bermagach, shirkat norozi neftchilarni ishdan bo‘shatishga kirishgan va ularning namoyishlariga ortiq e‘tibor bermay qo‘ygandi.

To‘qnashuvlar

Qozog‘iston mustaqilligining 20 yilligi sanasi, ya‘ni 16 dekabrda esa, namoyishlar chog‘ida zo‘ravonliklar kelib chiqqan va politsiya xodimlarining o‘t ochishi natijasida kamida 16 kishi qurbon bo‘lgandi.

Janao‘zenda yuz bergan ushbu hodisalar Qozog‘istonning xalqaro miqyosdagi obro‘siga putur yetkazgan va prezident Nursulton Nazarboyev mahalliy mulozimlarni bu kabi hollarga qaytib yo‘l qo‘ymaslik bilan ogohlantirgandi.

Qozog‘iston rahbari mahalliy mulozimlarni norozi ishchilarning talablariga quloq tutmaslikda tanqid qilgandi.

Janao‘zendagi hodisalar yuzasidan e‘lon qilingan hisobotda esa, zo‘ravonliklarda mintaqada yangi ish o‘rinlari yaratishga mo‘ljallangan mablag‘larni yeb yuborgan poraxo‘r mulozimlarning ham ayblari borligi aytilgandi.

O‘tgan yil oxirlarida Qozog‘iston g‘arbidagi Atirau shahrida ikkita portlash hodisasi yuz bergan, rasmiylar bu portlashlardan biri xudkush hujumchining ishi ekanini aytishgandi.

Qozog‘iston rasmiylari Atiraudagi portlashlarda shu paytgacha nomi tanilmagan "Jund al-Xilafa" guruhini ayblashgandi.

Ushbu portlashga aloqador shaxslar qo‘lga olingani va hukumat organlariga Internet orqali tahdid qilgan "Jund al-Xilafa" guruhi a‘zolari qozog‘istonliklar ekani ma‘lum qilingandi.