Kristofer Martius: "O‘zbekiston paxtadan voz kechsa, qishloq xo‘jaligida dunyoda yetakchilardan bo‘ladi"

Image caption "Paxta, Suv, Tuz va So‘m" kitobi Xorazm misolida yer va suvdan qanday foydalanish bo‘yicha ilmiy xulosalar va yo‘riqlarni o‘zida jamlagan

Kristofer Martius - O‘zbekistonda jadal o‘zgarayotgan ekologik hamda iqtisodiy vaziyatda yer va suvdan qay asno unumli foydalanish mumkinligi borasidagi kitob mualliflaridan biri.

Olmoniyaning Bonn Universiteti tadqiqotchisi Doktor Martius va hamkasblari Xorazm vohasidagi holatni chuqur o‘rganmoqdalar.

Yaqin bu olimlar birgalikda chop etgan "Paxta, Suv, Tuz va So‘m" nomli kitob O‘zbekistonda yer va suvdan foydalanishni yaxshilash hamda iqtisodiy boshqaruv usullarini isloh etishga e‘tibor qaratadi.

O‘zbekistonda suv va yerdan unumli foydalanish va tabiatni asrab qolish yo‘lida tadqiqot olib borgan olim Kristofer Martius BBC O‘zbek Xizmati tinglovchilari va o‘quvchilari savollariga javob berdi.

BBC: Ilk savolimiz siz tadqiqot olib borgan Xorazmdan kelgan. Unda Orol dengizi dunyoda ham unutilayotgani ta‘kidlanadi va Orol muammosini hal qilish uchun O‘zbekiston biron ish qilishga qodirmi yo‘qmi, deb so‘ralgan. Chunki Qozog‘iston shimolda to‘g‘onlar tiklab, dengizni to‘ldirmoqda ekan.

Kristofer Martius: Avvalo aytish joizki, Orol dengizining qurishi ulkan fojea bo‘ldi va hozir bu dengizning 90% qurib bitgan. O‘n yillar davomida tabiiy boyliklarni noto‘g‘ri ishlatish oqibatida Orol halokatga yuz tutdi, unga suv kelmay qoldi. Qozog‘iston qurigan dengiz shimoliga suv keltirmoqda. Ammo bu - O‘zbekiston uchun juda qiyin vazifa. Tasavvur qiling, O‘zbekiston sug‘orishga ketadigan barcha suvni burib, Orolga yo‘llashi kerak. O‘zbekistonning 30 millionga yaqin aholisining esa 70% qishloq hududlarida yashaydi. Ularga qarata, o‘rtoqlar, uzr endi, sizni suvingizni bo‘g‘ib, Orolga oqizamiz, deb bo‘lmaydi. Xullas, bu ishni O‘zbekiston sharoitida amalga oshirish mumkin emas.

BBC: O‘zini Vatanparvar, deb atagan o‘quvchimiz esa O‘zbekistondagi mavjud paxta va bug‘doy yetishtirish ish beradimi? Agar ketgan xarajatini qoplamasa, balki bu ekinlarni ekishni to‘xtatish kerakdir, deb aytadi.

Kristofer Martius: Paxta va bug‘doy ekish qaysidir ma‘noda ishlamoqda, ya‘ni u muayyan natija berayapti. Biroq bu qanday sharoitda ishlayapti? Paxta uchun ko‘p narsa kerak, deylik, ko‘p suv va kimyoviy o‘g‘itlar bo‘lmasa, paxta hoisl bermaydi. Bunday holat esa eng maqbul yo‘l emas. Shu bois, O‘zbekiston yerni ishlatish yo‘llarini rang-baranglashtirishi, yer unumdorligini, suvdan keladigan foydani oshirishi lozim. Bu mamlakat uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Meva-sabzavot yetishtirish ko‘payadi, daromad keltiradigan ekinlar turi kengayadi. To‘g‘ri, paxta hozir eksport mahsuloti va mamlakatga valyuta keltirmoqda. Lekin paxta xomashyosi sotgandan ko‘ra, paxtadan ishlangan tayyor mahsulotlarni sotish ko‘proq daromad keltirardi. Ana o‘shanda ozgina paxta ekib, kamroq suv va kimyoviy o‘g‘it ishlatib, qaytaga ko‘proq daromad ko‘rasiz. Paxtadan ortgan yerga esa meva-sabzavot ekib, yana boshqa daromad manbalariga ega bo‘lasiz.

BBC: Demak, O‘zbekistonning meva-sabzavot yetishtirish salohiyati ulkan, degan fikrlar haqiqatga yaqin. Shundaymi?

Kristofer Martius: To‘g‘ri, bu ham bir yo‘l. Biz paxta va bug‘doydan boshqa ekinlar ekishning ustunligi borasida bozor tadqiqotlari o‘tkazganmiz. Masalan, O‘zbekiston qovunlari juda yaxshi va bu mamlakat chetga qovun sotadi ham. Bilasizmi, ayni o‘rinda O‘zbekiston o‘z bozor imkoniyatlarini rivojlantirishi kerak. Mahsulotni saqlash, qayta ishlash, uni tashish uchun transport tizimini, bozorni yaratish kabi vazifalarni sanash mumkin. Bu uchun esa mamlakat o‘z dehqonchiligini bozorga yo‘naltirishi darkor.

BBC: Unda O‘zbekiston meva-sabzavot ortidan jahonda yana yetakchi ziroat mamlakatiga aylana oladimi?

Kristofer Martius: Albatta. Bunga ishonchim komil va ayni masalada juda ko‘plab mutaxassislar bilan gaplashganman. Faqat bu uchun dehqonchilikni zamonaviylashtirish, rang-baranglashtirish lozim. Keyin zahiralardan foydalanishni takomillashtirish ham muhim. To‘g‘ri, davlat nazoratida bo‘lgan va keng miqyosdagi sanoat dehqonchligini kichik xo‘jaliklarga aylantirish uchun vaqt kerak. Biroq O‘zbekiston uzoq kelajakda paxtadan voz kechsa, u jahon qshiloq xo‘jaligi olamida yetakchi o‘ringa chiqishga qodir bo‘ladi. Paxta ekishni ham davom ettirish mumkin, lekin u yetakchi ekin bo‘lib qolmasligi kerak.

BBC: Vatanparvar taxallusi bilan maktub yo‘llagan o‘quvchimiz, O‘zbekistondagi yer sho‘rlanishini eslatadi va hozirgi sug‘orish tajribasi davom etaversa, O‘zbekiston tuprog‘i yaqin kelajakda yaroqsiz holga tushib qolmaydimi, deya xavotir izhor etadi.

Kristofer Martius: Hozirgi sug‘orish tizimi yer tuzlanishini to‘xtatmaydi. Bu esa hosilga ham, daromadga ham salbiy ta‘sir etadi. Keyin esa boshi berk ko‘chaga kirib qolasan. Sho‘rni yuvish uchun yanada ko‘proq suv kerak bo‘ladi. Tuz bilan birga yuvilib ketgan boshqa minerallar o‘rnini qoplash uchun esa ko‘proq kimyoviy o‘g‘it solishga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistondagi mavjud sug‘orish tizimi o‘tmishda butunlay boshqa maqsadlar uchun ishlab chiqilgandi. Bundayin sug‘orish usuli mamlakatdagi hozirgi talablarga javob bermaydi.

BBC: Qator tinglovchilarimiz shunday holatda tomchilatib sug‘orish usulini eslatishgan. Ammo uning qimmatligini aytib, balki yer osti suvlaridan foydalanish kerakmikan, deb savol so‘raganlar.

Kristofer Martius: Shaksiz, tinglovchingiz aytgani kabi tomchilatib sug‘orish juda samarali. Biroq uni yo‘lga qo‘yish qimmatga tushadi. Katta daromad keltiradigan ekinlarni tomchilatib sug‘orsangiz, foyda ko‘rasiz. Lekin paxtazorlarni tomchilatib sug‘orishdan naf yo‘q. Paxtazorlarni qisqartirib, o‘rniga boshqa ekinlar ekilsa, odamlar ham yaxshigina daromad ko‘ra boshlashadi. O‘shanda sekin-asta bo‘lsayam tomchilatib sug‘orish tajribasiga sarmoya kiritadigan odamlar paydo bo‘ladi. Biroq boshida arzon sug‘orish usullarini yo‘lga qo‘yib borish mumkin. Bunday usullar ko‘p.

BBC: Xorazmdan maktub yo‘llagan tinglovchimiz esa har kuni suv muammosiga duch kelishlarini aytib, Amudaryo yana loyqalanib, to‘lib oqishi uchun nima qilish darkor? Yoki mintaqada suv ustidan urushlar kelib chiqish ehtimoli kuchayadimi, deb so‘raydi.

Kristofer Martius: Bu juda yaxshi, juda qiziqarli savol. Agar hech ish qilinmasa, Markaziy Osiyo suv ustidan urush yoqasiga borib qolishi mumkin. Hozir juda tezlik bilan xalqaro kelishuvlarga borish, ularin aniqlashtirib olish kerak. Markaziy Osiyoning aksar suvi tog‘li Qirg‘iziston va Tojikistondan keladi. Bu suvni esa quyi oqimdagi O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston ishlatishadi. Shu uchun ushbu mamlakatlar birga o‘tirib, mazkur boyliklarni baham ko‘rish yo‘llarini topishlari kerak. Ayni muammo faqat Markaziy Osiyoga xos emas. Mana qarang, Olmoniyadagi Reyn daryosi suvidan Niderlandiya va Frantsiya ham foydalanadi. Chunki ular xalqaro kelishuvlarga mos ish tutishmoqda. Ba‘zida qandaydir murosalarga borish kerak bo‘ladi. Biroq kelishuvga erishish - muhim masala.

BBC: Ilhom ismli tinglovchimiz ham shu masalaga doir savol yo‘llagan va Tojikiston qurayotgan "Rog‘un" GESi O‘zbekiston ekologiyasi hamda qishloq xo‘jaligiga qanday ta‘sir qilishi mumkin, deb so‘ragan.

Kristofer Martius: Daryo boshida quriladigan har qanday to‘g‘on daryo oqimini buzadi. Bu suv oqishini nazorat qilish demakdir. Tepadagi mamlakatlar qishda elektr ishlab chiqarishi kerak, ammo pastdagi mamlakatlar esa yozda suvga ko‘proq ehtiyojmand bo‘ladilar. Xullas, bu yerda manfaatlar to‘qnashadi va nizo urug‘i sepiladi. Shu bois mamlakatlar o‘tirib, xalqaro kelishuvlarga mos tarzda masalani hal qilishlari kerak.

BBC: Surxondaryodan maktub yo‘llagan Abdulla Azamov so‘nggi parlament saylovida O‘zbekiston ekologlar uchun maxsus o‘rin ajratganini ta‘kidlaydi va bu qaror ortidagi sabablarni so‘raydi.

Kristofer Martius: Men O‘zbek hukumati ne bois parlamentda ekologlar uchun o‘rin ajratganiga javob bera olmayman. Lekin bu mamlakat yuz tutayotgan ekologik muammolar e‘tiborga tushayotganini ham anglatishi mumkin. Keyin xalqaro doirada ham ekologiya masalalarida hamkorlik qilish tobora ko‘proq dolzarblik kasb etmoqda. O‘zbekiston ham bu jabhada qo‘shnilari bilan birga ishlashi lozim.

BBC: Navbatdagi savolimiz esa ham siyosat, ham ekologiyaga bog‘liq. Ayrimlar yerni xususiylashtirish balki paxta kabi sanoat ekini hajmini kamaytirib, ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qilmaydimi, deb aytishadi.

Kristofer Martius: Rahmat. Bu juda yaxshi savol. Yer xususiylashtirilsa, dehqon uni yaxshiroq asrab-avaylaydi, degan fikrlar kuchli. Chunki yerning egasi bo‘lgan dehqon uni yaxshi holatda kelasi avlodlariga qoldirishga intiladi, deb aytishadi. Ammo har doim ham shunday bo‘lmaydi. Xususiy yer egalari yerni ishdan chiqarib qo‘ygan holatlar ham ko‘p bo‘lgan. Dehqon o‘sha yer sharoitini bilgan holda ish tutishi muhim. Chunki Lotin Amerikasida yerni xususiylashtirish oqibatida bioyoqilg‘i uchun ekinlar ekildi. Ammo ekin ekib bo‘linganidan keyin yerning ahvoli nima kechishi borasida ko‘p qayg‘urishmadi. Xullas, bu yerda xususiylashtirishning o‘zi yagona yechim bo‘lolmaydi.

BBC: O‘zbekistonda mintaqa aholisining yarmi yashaydi va bu mamlakat aksar sahrodan iborat. Sahrolashish kuchaymoqda, suv manbalari kam va aholi jadal o‘smoqda. Shunday sharoitda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi kelajakda o‘z xalqini mahalliy oziq-ovqat bilan ta‘minlay oladimi?

Kristofer Martius: O‘zbekiston aholisi 28 million atrofida, ammo O‘zbekiston o‘z dehqonchiligini zamonaviylashtirsa va samarasini oshirsa, u holatda chetdan keladigan oziq-ovqatga hech qachon qaram bo‘lib qolmaydi. Lekin mana hozir iqlim o‘zgarishi borasida gapirilmoqda va bu degani daryolardan keladigan suv hajmi qisqaradi. Ob-havo harorati yanada ko‘tariladi. O‘zbekiston esa bu o‘zgarishlarga tayyorlanishi kerak. Dehqonchilik texnologiyalarini kuchaytirishi va yangilashi, yerdan foydalanishni o‘zgartirib, ekinlarni rang-baranglashtirishi darkor.

BBC: Katta rahmat, Doktor Martius.