Hamas va Fatah muvaqqat hukumat tuzish bo‘yicha kelishib olishdi

Image copyright Reuters
Image caption Falastindagi ikki guruhning birlashishiga Isroil qarshi

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos birlashgan Falastin hukumatiga boshchilik qilishini e‘lon qilgan. U bu haqida raqib Hamas harakati rahbari Holid Meshal bilan ikkinchi uchrashuvidan so‘ng bildirgan.

Bu vaqtinchalik hukumat G‘arbiy Sohil va G‘azo bo‘lgasida saylovlar o‘tkazilishini tayyorlaydi.

Fatah harakati rahbari Janob Abbos va janob Meshal o‘tgan yil aprelida erishilgan yarashuv bitimi va kelgusi hukumatga kim boshchilik qilishi borasida Qatarda muzokaralar o‘tkazishmoqda.

Muxbirlarimizga ko‘ra, janob Abbosning roli borasidagi kelishmovchiliklar yarashuv bitimini hayotga tadbiq etilishini qiyinlashtirib kelayotgandi.

Fatah yangi hukumatdagi vazirlar ro‘yxati 18 fevralda Qohirada o‘tadigan uchrashuvda e‘lon qilishini aytdi.

Janob Abbos ikkala tomon ham birlashishga jiddiy yondoshayotganini bildirgan.

Uning so‘zlarini janob Meshal ham qo‘llab-quvvatladi. "Biz yaralarimizni bitirishga jiddiy yondoshayotganimizni xalqimizga yetkazmoqchimiz, chunki maqsad - asosiy kuchimizni Isroil ishg‘oliga qarshi kurashishga yo‘naltirish", - dedi u.

O‘tgan aprelda erishilgan bitim Hamas va Fath o‘rtasida Falastinda yuzaga kelgan bo‘linishga chek qo‘yishni ko‘zda tutgan. To‘rt yildirki Hamas harakati G‘azo bo‘lgasini, Fatah esa G‘arbiy Sohilni boshqarib kelishmoqda.

2006 yil yanvarida Hamas Falastin qonunchilik saylovlarida g‘olib chiqqan. Lekin, mart oyida qasamyodga keltirilgan hukumatni xalqaro hamjamiyat tan olmagan.

2007 yil boshida esa Fatah va Hamas ichki nizolarni bartaraf qilish uchun koalitsiya tuzishga kelishib oldilar.

Ayni yil iyunida Hamas G‘azoni kuch bilan egallab oldi. G‘azo va G‘arbiy sohil ayri hukumatlar nazorati ostiga o‘tgach, Isroil va Misr G‘azo ishg‘olini yanada kuchaytirdilar.

O‘tgan yil aprelida erishilgan bitimga binoan, ikki taraf muvaqqat hukumatni tuzib, prezidentlik va parlament saylovlariga tayyorlanishi kerak edi.

Lekin, Hamas hozirda G‘arbiy Sohilda bosh vazir lavozimida bo‘lgan Salam Fayyodning nomzodligiga keskin qarshi chiqqan.

Saylovlar 2012 yil mayida o‘tishi mo‘ljallangandi, lekin Falastin saylov komissiyasi endi ko‘proq vaqt kerak bo‘lishini aytayotir.

Isroil Falastinda birlashgan hukumat tuzilishiga qarshi. U Hamasni terrorchi tashkilot deb biladi.

AQSh, Rossiya, Ovro‘po Ittifoqi va BMTdan tuzilgan Yaqin Sharq to‘rtligi Hamas zo‘ravonlikni qoralashi, Isroilni tan olishi va Isroil-Falastin kelishuvini qo‘llab-quvvatlashi kerak deydi.