Suriya qo‘shinlari Homsni to‘xtovsiz bombardimon qilmoqda

Image copyright AFP
Image caption Homsda ommaviy dafn marosimlari davom etmoqda

Suriyaning Homs shahrini og‘ir qurollardan otilayotgan o‘qlar titratmoqda. Isyonchi jangchilar nazorati ostida bo‘lgan shaharni hukumat qo‘shinlari qaytib olishga urinmoqda.

BBCning Homsdagi muxbiriga ko‘ra, hujumlar dushanba kuni tongi 06:00da yana avj olgan va portlashlar ovozi tinmayapti.

Isyonchilar hukumat qo‘shinlari kasalxonani nishonga olishayotganini aytishgan. Ular avtomatik qurollar bilan o‘zlarini mudofaa qilishga urinishmoqda, lekin bu ish bermayotgan ko‘rinadi.

Bu aksilhukumat namoyishlar 11 oy boshlanganidan beri eng qonli hujumlardan biri bo‘lmoqda.

Suriya Prezidenti Bashar al-Assadga muxolif tomonlar BMTda Damashqni qoralovchi rezolyutsiyaga Rossiya va Xitoy qarshi chiqqanidan g‘azabdalar.

Aksilhukumat faol BBCga hukumat Homsda tikucharlar va tanklarni qo‘llayotganini bildirdi. Dushanbaning o‘zida 15 kishi halok bo‘lgani aytiladi.

Muxbirimizga ko‘ra, hukumat snayperlari o‘qidan qo‘rqqan odamlar jasadlarni tunda dafn etishmoqda.

Faollar yakshanba kuni kamida 28 oddiy fuqaro halok bo‘lganini aytishdi.

Qo‘li bog‘liq BMT

Ba‘zi suriyaliklar Xitoy va Rossiyaning shanba kuni BMT rezolyutsiyasiga qarshi veto e‘lon qilishlari rasmiy Damashq bosimini yanada kuchaytiradi degan havotirdalar. Rezolyutsiya Assadni qudratdan ketishiga chaqirishi kutilgandi, biroq qabul qilinmadi.

Mamlakatdagi eng yirik muxolifat guruhi bo‘lmish Suriya Milliy Kengashi Rossiya va Xitoy Suriyada avj olib borayotgan qotilliklarga javobgar ekanliklarini aytgan.

AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton vetoni qoralab, Suriya muxolifatiga dastagini izhor qildi.

Xitoy matbuoti Pekinning qarorini qo‘llab-quvvatlagan, hamda G‘arbni Suriyadagi tuzumni majburan o‘zgartirishga urinishda ayblab, Afg‘oniston, Iroq va Liviya misollarini keltirgan.

Inson huquqlari tashkilotlari o‘tgan mart oyida namoyishlar boshlanganidan beri Suriya qo‘shinlari 7 mingdan oshiq oddiy odamlarni o‘ldirganini aytishadi. Prezident Assad ma‘muriyati 2 ming askar terrorchi guruhlarga qarshi jangda nobud bo‘lganini aytib kelmoqda.