Qozog‘istonda ta‘qiblar davom etmoqda

Image caption Janao‘zenda o‘tgan dekabr oyida yuz bergan to‘qnashuvlarda kamida 16 kishi qurbon bo‘lgandi

Qozog‘istonda muxolifat vakillari va mustaqil jurnalistlarni ta‘qib etish davom etmoqda.

Shu kunlarda huquq-tartibot organi xodimlari Janao‘zendagi hodisalarga aloqasi borlikda gumon qilib "Alg‘a" partiyasining joylardagi filiallarini tintuv qilgan.

Mustaqil "Respublika" gazetasining ayrim texnika vositalari olib qo‘yildi.

Qozog‘istondagi so‘nggi hibsga olinishlar mamlakatni qay tomonga boshlamoqda.

Huquq-tartibot organi xodimlari "Alg‘a" partiyasining Qo‘stanay viloyatidagi filialiga tintuv o‘tkazishga kelgan vaqt kameraga olingan.

Fuqaro kiyimidagi huquq-tartibot organi xodimlari eshikni ochishmagandan so‘ng uni buzib kirishga harakat qiladi.

Faollar partiya rahbari Vladimir Kozlovning hibsga olinganidan so‘ng Milliy xavfsizlik qo‘mitasi partiyaning barcha filiallarida mana shunday tintuvlar o‘tkazishini kutayotganini aytadi.

Shu kunlarda partiyaning Petropavlovskdagi bo‘limiga ham huquq-tartibot organi xodimlari tekshirish uchun kelgan.

- Bu narsa barcha hududlardagi filiallarimizda bo‘lishi mumkin. Bu ishlar bizlarga halaqit berish uchun, hibsga olinganlarni himoya qilishga to‘sqinlik qilish uchun amalga oshirilmoqda. Biz siyosiy qatag‘on davom etayotganini Qozog‘iston va xalqaro jamoatchilikka yetkazishda davom etamiz, - deydi "Alg‘a" partiyasining Qarag‘anda filiali rahbari Valentina Maxotina.

Maxotina xonimning aytishicha, shu kunlarda joylarda har bir faolning ortidan kuzatuv qo‘yilgan.Partiyaga noma‘lum ayollar murojaat qilib millatlararo nizo bo‘yicha masalani hal qilib berishni so‘rashgan. Partiya vakillari bu bilan hukumat ularga yana bir aybni taqamoqchi degan da‘voni olg‘a surmoqda.

"Alg‘a" partiyasi lideri Vladimir Kozlov va partiya faoli Ayjangul Amirovalar Janao‘zenda ijtimoiy adovat qo‘zg‘ash aybi bilan tergov qilinmoqda.

Nima aybi bor?

Jamoat faoli Gaziz Aldamjarov odamlarning dardini tinglash va ularga yordam qo‘lini cho‘zishda hech qanday ayb yo‘qligini aytadi.

"Barcha fuqarolar biror narsa yig‘sak va u yerga chodirlar olib borsak yoki pul bilan yordam bersak nima uyati bor. Bir-birini qo‘llab quvvatlashni dunyoning istalgan nuqtasida topish mumkin, bu xalqning uyushqoqligidan darak beradi. Agar kimdir bizni Janao‘zen qiziqtirmaydi desa, qattiq adashadi", - deydi Gaziz Aldamjarov.

Muxolifat gazetasi bo‘lmish "Vzglyad" bosh muharriri Igor Vinyavskiyga konstitutsion tuzumni ag‘darishga chaqiriq ayblari qo‘yilmoqda. Vinyavskiy janoblarining 2010 yili Qirg‘izistonda prezident Bakiyevni taxtdan ketgizgan inqilob arafasida chop etilgan varaqa tufayli ayblanayotgani ma‘lum bo‘lgan.

Varaqada sabr qilishni bas qil, yuvindiga tashla, deya Nazarboyevning portretini ko‘tarib olgan odamlarning surati aks etadi.

Huquq himoyachisi Sergey Utkin ushbu varaqada konstitutsiyani kuch bilan ag‘darishga da‘vat yo‘qligi va tergov jarayoni ochiq bo‘lishi kerak, degan fikrda

"Ushbu varaqani tahlil qilarkan, hukumatni kuch bilan ag‘darish haqida hech qanday chaqiriq yo‘qligini ko‘rish mumkin. Afsuski, ekspertiza matnlari yo‘q. Matn yashirilmoqda. Agar biror narsa yashirilsa, uning hali xom ekanligini, noqonuniy yoki ko‘rsatishga uyalar darajada ekanligini tushunamiz", - deydi Sergey Utkin.

Hukumatga yaqin doiralar muxolifat xorijda qochqinlikda yurgan qozoq boylaridan moliyaviy ko‘mak olib, Qozog‘iston g‘arbida to‘palon boshlashni va shu yo‘l bilan hukumatni ag‘darishni maqsad qilganini da‘vo qiladi.

Kurash

Chegaralararo hamkorlik uyushmasi tahlilchisi Marat Shibutov ayni damlarda amaldagi hukumat va qochqindagi qozog‘istonlik muxolifatchi Muxtar Ablyazov o‘rtasida kurash ketayotganini urg‘ulaydi. Tahlilchi muxolifat faollarini hibsga olayotgan hukumat qonuniy jihatdan to‘g‘ri yo‘l tutayotganini aytadi.

"Agar qonuniy jihatdan gapiradigan bo‘lsak, albatta hukumat to‘g‘ri yo‘l tutmoqda. Qozog‘iston qonunchiligi bo‘yicha ushbu shaxslarga jinoiy ish ochishga asos bor. Ammo norasmiy tomondan yondashadigan bo‘lsak, albatta, ushbu hibslar Qozog‘istonning xalqaro miqyosdagi obro‘yiga salbiy ta‘sir qilishi mumkin", - deydi Marat Shibutov.

"Liberty" jamg‘armasi rahbari Galim Ageleuov Qozog‘iston Janao‘zen hodisalaridan so‘ng muxolifatga nisbatan betoqat bo‘lib qolganini va qattiqroq bosim o‘tkazib, uni o‘z izmida yurgizishga harakat qilayotganin aytadi. Jamoat faoliga ko‘ra, G‘arb jamoatchiligining Qozog‘iston hukumatiga nisbatan yumshoq siyosatni tanlagani Oq o‘rdaning o‘zini yanada erkin his qilishiga olib kelgan.

- Albatta demokratiya evaziga neft printsipi oldindan bor va hozir ham davom etmoqda. So‘zsiz, Janao‘zendagi hodisalarga munosabat bildirmaslikning imkoni yo‘q edi, ammo bu yetarli darajada bo‘lmadi, - deydi Galim Ageleuov.

Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi mustaqil jurnalist Joanna Lillis Qozog‘iston so‘nggi hodisalar tufayli mintaqadagi o‘ta avtoritar davlat Turkmaniston va O‘zbekistonga o‘xshab borayotganini, ammo shunday bo‘lsa-da, fuqarolik jamiyatining uchqunlari saqlanib qolayotganini aytadi.

"Ushbu yo‘nalish tomon qandaydir qadamlarni ko‘rayapmiz. Ammo shunday bo‘lsa ham, Qozog‘iston Turkmaniston va O‘zbekistonga qarganda birmuncha ochiq jamiyatdir. Zaif bo‘lsa-da, fuqarolik jamiyati bor. Faollarning Qozog‘istonda nimalar sodir bo‘layotganini yetkazishga harakat qilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Muxolif gazetalari bu haqda yozishda davom etmoqda", - deydi Joanna Lillis

Jamoat faoli Galim Ageleuov Qozog‘iston demokratik jarayonlar borasida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida bo‘lishini aytadi. Unga ko‘ra, mamlakatda muxolifatni ochiqdan ochiq qo‘llab-quvvatlay oladigan fuqarolar kamchilikni tashkil qiladi.