Suriya inqirozi: armiya Xomsga yangi hujumlarni boshladi

Image copyright Reuters
Image caption So‘nggi soatlarda shaharda kamida 50 kishining qurbon bo‘lgani aytiladi

Seshanba kuni ertalab Suriya armiyasi mamlakat g‘arbida joylashgan Xoms shahrini o‘qqa tuta boshladi. Muxolifat faollari so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi soatlarda shaharda kamida 50 odam halok bo‘lgan.

Dushanba kunining o‘zida 95 inson halok bo‘lgani xabar qilingan.

Ayni damda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya rasmiylari bilan muloqot o‘tkazish uchun Damashqqa yetib kelgan.

Suriya hukumati kuchlari o‘tgan haftadan buyon isyonchilar markazi bo‘lgan Xoms shahrini zambarak va tanklardan o‘qqa tutayotir.

Xomsdagi BBC muxbiri Paul Vudga ko‘ra, mahalliy aholi armiyaning shaharga bostirib kirishidan qo‘rquvda.

Hukumat shaharda "tartib" qayta o‘rnatilgunga qadar hujumni davom ettirishini bildirgan.

Xomsda joylashgan sanoqli xorijiy jurnalistlardan biri bo‘lgan Pol Vudsning aytishicha, Suriya armiyasi artileriya hujumini seshanba kuni ertalab mahalliy vaqt bilan soat 6:00 da boshlagan.

Muxolifat faoli Muhammad al-Hasanning Reyters agentligiga aytishicha, asosan Baba Amr nohiyasi bombalanmoqda.

"Chiroq yo‘q va barcha aloqa vositalari uzib qo‘yilgan," – deydi u.

Suriya Ichki ishlar vaziri "terrorchi guruhlar"ga qarshi amaliyotlar Xomsda "tinchlik va tartib o‘rnatilgunga qadar" davom etishini aytgan.

Mart oyidan buyon prezident Bashar al-Assadga qarshi isyonni bostirishga urinayotgan Suriya hukumati chet el dastagidan bahramand bo‘lgan qurolli to‘dalarga qarshi jang qilayotganini aytadi.

Armiyaning minglab sobiq askarlari isyonchilar tomoniga o‘tib Ozod Suriya Armiyasini tuzgan.

Rossiya va Xitoy Suriya yuzasidan BMT rezolyutsiyasiga veto qo‘ygan.

Rossiya Suriyani qurol-yaroq bilan ta‘minlovchi asosiy mamlakat hisoblanadi.

Suriyaning Tartus bandargohi Rossiyaning O‘rta Yer dengizidagi yagona dengiz bazasiga aylangan.