Qahraton sovuq tufayli Tojikistonda barcha maktablar yopildi

Image caption Tojikistonda ham, ayniqsa, qishloq joylaridagi sharoitning og‘ir ekani aytiladi

Tojikiston Maorif vazirligi ob-havo haroratining nihoyatda sovuq ekani bois, mamlakat bo‘ylab barcha o‘rta ta‘lim maktablarida 6 fevraldan boshlab, 4 kunlik ta‘til e‘lon qilgan.

Rejadan tashqari ta‘tilning 10 fevralga qadar davom etishi va xususiy yoki davlatniki ekanidan qat‘inazar, barcha maktablar uchun birdek taalluqli ekani aytiladi.

Tojikistondan olingan xabarlarga ko‘ra, bu haqdagi qaror dushanba kuni, vazirlikning favqulodda yig‘ini chog‘ida olingan.

O‘quvchilar shundoq ham bir oylik qishki ta‘tildan bor-yo‘g‘i bir hafta burun, ya‘ni 31 yanvar kuni qaytishgandi, xolos.

Tojikistonda so‘nggi kunlarda havo haroratining kunduzlari Tselsiy shkalasi bo‘yicha -15, tog‘i tumanlarda esa, -25 darajaga yetishi aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, bu kabi holat Tojikistonda o‘tgan 2008 yildan buyon kuzatilmagan.

Sabablar

Mamlakatdagi aksariyat maktablarda markaziy isitish tizimi ishlamasligi, elektr ta‘minoti yo‘qligi sabab, sinfxonalarni isitish uchun ko‘mir va o‘tindan foydalanilmoqda ekan.

Ayniqsa, Tojikistonning chekka qishloq hududlaridagi maktablarda ahvolning nihoyatda og‘ir ekani aytiladi.

Tojikistonda, shundoq ham, har yili elektr toki iste‘moliga keskin cheklovlar kiritiladi.

Xabarlarga ko‘ra, joriy paytda poytaxt Dushanbedan tashqari, mamlakatning qolgan barcha hududlariga kuniga 4-5 soat elektr toki berilayapti, xolos.

Tojikistondagi muxbirlarimizga ko‘ra, mazkur holat vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.

"To‘g‘ri, mas‘ullar yoz vaqtida qishning g‘amini yeb, maktablarni isitish uchun o‘tin, tappi va ko‘mir g‘amlab qo‘yishadi. Ammo maktablarning moliyalanishi bilan bog‘liq abgor vaziyat tufayli, to‘plagan zaxiralarining miqdori ham shunga yarasha bo‘ladi. Maorif vazirligining rasman bildirishicha esa, sovuqdan xasta bolalarning soni ko‘payib ketmasligi uchun shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lishgan", deydi muxbirimiz Iskandar Firuz.

Bu yil qishning nihoyatda sovuq kelishi Tojikistonda ko‘plab ijtimoiy muammolarni keltirib chiqargan.

Amal-taqal qilib...

Ayon bo‘lishicha, majburiy ta‘til e‘lon qilinmasidan avval, o‘qituvchilar o‘quvchilari bilan birga har o‘n daqiqada badan tarbiya qilib turishlariga to‘g‘ri kelgan.

Sinfxonalarida havoning harorati minus darajada sovuq ekani bunga sabab bo‘lgan.

Dushanbedagi muxbirimiz Anora Sarkorova suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan boshlang‘ich ta‘lim o‘qituvchisi Tojiniso o‘zi ona tili va adabiyotidan dars bersa-da, bolalarni sovuqdan asrash uchun tibbiyot va hatto, yogani o‘rganayotganini aytadi.

"Lekin shunda ham, isishingiz qiyin,..", deydi u.

"Hamma joy sovuq. Ayniqsa, yozish qiyin bo‘layapti. Uy vazifasini tayyorlash uchun ham sharoit yo‘q. Bitta xonani isitishga pulimiz yetgani uchun, hamma shu yerga tiqilib ketadi", deydi uning o‘quvchisi Farruh.

4 kun nimani o‘zgartiradi?

Tojikistonlik ob-havoni kuzatuvchi mutaxassislarning bashoratlariga ko‘ra, mamlakat hududida o‘rnashib olgan o‘ta sovuq havo oqimi ana shu davr ichida o‘tib ketadi.

Ular hafta oxiriga borib, Tojikistonda havoning biroz ilib ketishiga umid qilishmoqda.

Vazirlikning ushbu qarori tojikistonlik o‘qituvchilar uchun biroz noqulaylik tug‘dirishi tabiiy, deydi muxbirimiz Iskandar Firuz.

"Chunki majburiy ta‘til sabab, o‘quvchilarning qolib ketgan darslarini o‘zlashtirishlari uchun ular o‘quv dasturiga tuzatishlar kiritishlari lozim bo‘ladi".

Muxbirimizga ko‘ra, bir oylik qishki ta‘tildan endi qaytgan bolalarning yana tahsildan uzilishlari ularga ruhan ta‘sir etmay qo‘ymaydi.

Lekin Tojikistonda vazirlikning ushbu qarorini o‘z vaqtida ko‘rilgan chora sifatida baholayotganlar ham oz emas.

Tojikiston maktablarida bir millionga yaqin o‘quvchining tahsil olishi aytiladi.