Qahraton qish: "Bitta kalishni almashib kiyayotgan odamlar bor..."

Qirg‘iziston janubidan olingan xabarlarga ko‘ra, o‘tgan yilgi iyun qirg‘inidan jabr ko‘rgan barcha besh tuman aholisi qishning qirovli kunlarida favqulodda yordamga ehtiyojmanddir.

Bu yil qish mintaqaning barcha davlatlarida nihoyatda sovuq kelgan, Qirg‘izistonning tog‘li hududlarida havo haroratining -50ga qadar tushib ketgani aytilgandi.

Janubiy O‘sh shahrining iyun qirg‘inidan eng ko‘p ziyon chekkan Cheryomushki mahallasida jabrdiydalarga huquqiy yordam ko‘rsatish markazini yurituvchi faol Izzatulla Rahmatullayev bugun yordamga muhtoj xonadonlar o‘nlab ekanini ta‘kidlaydi.

"Bugun ishga kelsak, qirqqa yaqin erkak va ayol qabulxonamiz yonida turishibdi. Hammalari o‘tin, ko‘mir, oziq-ovqat taqchilligidan shikoyatdalar. Yana oyoq kiyimlari yo‘qligidan arz qilishdi", deydi u.

Faolga ko‘ra, ehtiyojmandlarning shikoyatlari asosida BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi, UNICEF Bolalar jamg‘armasining mahalliy vakolatxonalari va mahalliy hokimiyat idoralariga murojaat etgan bo‘lishsa-da, bugungi kunga qadar ulardan hech bir yordam bo‘lmagan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ular, "Bu yil Qirg‘iziston janubidagi milliy nizo jabrdiydalariga insonparvarlik yordamlari ko‘zda tutilmagan, deb, lo‘nda qilib javob berishdi", deydi faol.

Vaziyat

Izzatulla Rahmatullayev yashab turgan vaziyatlaridan boxabar bo‘lish uchun shaxsan o‘zi ehtiyojmand xonadonlarda ham bo‘lib qaytganini aytadi.

Unga ko‘ra, etnik zo‘ravonliklar ortidan xalqaro tashkilotlar tomonidan qurib berilgan vaqtinchalik uylar aksariyatining pechkasi yo‘q.

"Odamlar sandal qurib olib, u yer, bu yerdan ozgina shoxcha yoki nimadir yoqilg‘i topib, yoqib, cho‘g‘ qilib, o‘shaning atrofida o‘tirishibdi. Kecha xorijiy jurnalistlar bilan birga borgan boshqa bir xonadonimizda esa, oltita yosh bola bor ekan. Hammasining oyog‘ida Xitoyning rezina shippagi. Dahlizda ikkita kalish turibdi, o‘shani navbat bilan kiyib, eshikka kirib, chiqisharkan", deydi faol.

Ayon bo‘lishicha, yerda haliyam 20 santimetrgacha qor bor, kunduzlari havo harorati -5 bo‘lsa, kechasi -10, -12 darajagacha sovuq.

Faol jabrlangan tumanlarda umuman gaz yo‘qligi, elektr ta‘minotining ham uzuq-yuluq ekani, elektr tokining o‘chib qolishi o‘zlari yashab turgan hududda hayotning to‘xtab qolishini anglatishini aytadi.

Unga ko‘ra, Qirg‘iziston janubidagi beshta jabrlangan tumanning barchasida vaziyat bir xil.

"Ehtiyojmand odamlar qarindosh-urug‘laridan qarz olishyapti, Rossiyada ishlayotgan yaqinlari yuborayotgan besh-o‘n so‘m pul orqasidan tirikchiliklarini o‘tkazishayapti, nizolar chog‘ida qurbon bo‘lgan yaqinlari uchun tovon puli olgan odamlar qo‘ni-qo‘shnilariga ozginadan yordam berishayapti. Yozi bilan mavsumiy ishlarda ishlab, bugungi kunda ishsiz qolgan oilalarning ahvollari juda-juda og‘ir", deydi faol.

Iyun voqealari yuzasidan tekshiruv ishlari olib borgan xalqaro hay‘at xulosalariga ko‘ra, to‘rt kunlik nizolar chog‘ida Cheryomushkidagi hovli-joylarning 75 foizchasi vayron bo‘lgan.

Qirg‘iziston janubidagi mavjud vaziyat qish arafasida agar ehtiyojmand jabrdiydalarga o‘z vaqtida insonparvarlik yordami ko‘rsatilmasa, insoniy bo‘hron ham yuz berishi mumkin, degan xavotirlarga yetaklagandi.

Chorasiz ahvol

Qirg‘izistonlik mas‘ullarga ko‘ra, o‘tgan iyun oyida mamlakatning janubiy mintaqalarida kechgan milliy zo‘ravonliklar oqibatida o‘n minglab ish o‘rinlari yo‘qotilgan.

Ularning ta‘kidlashlaricha, qarz olib, savdo-sotiq bilan shug‘ullanayotgan tijoratchilar bor-budlari qolib, ish joylaridan ham ayrilishgan.

Unga ko‘ra, shu sababdan ham eng avvalo ushbu muammo hal etilmog‘i lozim.

Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklar asosan tijorat bilan shug‘ullanib kelishgan. Do‘kon, nonvoyxona, turli kichik korxonalarni yuritib, shuning orqasidan daromad qilishgan.

O‘tgan iyun oyidagi qonli zo‘ravonliklar ortidan ularning aksariyati vayron etilgan yoki o‘t qo‘yilgan.

Milliy nizolar chog‘ida, bundan tashqari, yuzlab odamlar qurbon bo‘lgan, ko‘plab turar-joylarga ziyon yetgan va o‘n minglab odamlar o‘z turar-joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishgandi.

Xalqaro hamjamiyat esa, o‘tgan avgust oyida janubiy mintaqalarini qayta tiklash uchun Qirg‘izistonga bir milliard dollardan ortiqroq mablag‘ ajratishga va‘da bergandi.