Politsiya bo‘linmasiga prezident otasining ismi berildi

Turkmanistonda politsiya bo‘linmalaridan biri prezident Gurbanguli Berdimuhammedov otasining ism-sharifi bilan ataladigan bo‘ldi.

Ayon bo‘lishicha, Turkmaniston parlamenti Malikguli Berdimuhammedovning mamlakat Ichki ishlar vazirligidagi uzoq yillik xizmatlari uchun uni shu yo‘l bilan taqdirlashga qaror qilgan.

Bu haqda Turkmaniston davlat matbuoti xabar tarqatgan.

Turkmanistonda davlat rahbari ota-onasining ismi bilan ko‘cha va davlat tashkilotlari nomini atash marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozov davrida keng tarqalgan edi.

Mamlakatda bir qancha haykallar janob Niyozov ota-onasining nomi bilan atalgan, Xotin-qizlar va Nogironlar uyushmasiga ham onasi va otasining nomi berilgandi.

Prezident otasi

Turkmanistonni yorituvchi qator internet nashrlari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Malikguli Berdimuhammedov Ichki ishlar vazirligining 1001-sonli Ashxoboddashi bo‘linmasida ellik yil burun xizmat qilgan.

"Turkmenistan: zolotoy vek" internet portalining arxiv hujjatlariga tayanib yozishicha, turkman rahbarining otasi shaxsiy tarkib bilan siyosiy ish olib boruvchi yo‘riqchi bo‘lgan.

1982 yilda polkovnik vazifasida Turkmaniston Ichki ishlar vazirligidan iste‘foga chiqqan.

Malikguli Berdimuhammedov nomi berilgan politsiya bo‘linmasida uning ish kabineti qayta tiklangani va sharafiga muzey ham ochilgani aytiladi.

"Turkmenistan.ru" veb sahifasi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, kuni-kecha prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning o‘zi ham ushbu harbiy bo‘linmaga tashrif buyurib, davlat xavfsizlik kengashining ko‘chma yig‘inini o‘tkazgan.

Yangi prezident

Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmanistonda cheksiz qudratga ega.

Ammo hokimiyatining dastlabki yillarida marhum turkmanboshining shaxsga sig‘inish siyosatidan voz kechayotgandek ko‘ringandi.

So‘ngi yillarda esa, bularning barchasi anchayin o‘zgarishlarga yuz tutgan.

O‘tgan yil oxirlarida prezident Berdimuhammedovning o‘qituvchi bobosiga bag‘ishlangan ilk romani nashrdan chiqqandi.

Rus va turkman tillarida yozilgan asar o‘tgan oktyabr oyida Turkmaniston Fanlar Akademiyasi tomonidan Marida tashkil etilgan ilmiy anjuman chog‘ida keng jamoatchilikka taqdim etilgandi.

O‘shanda ham, prezident o‘g‘lining birinchi romaniga kirish so‘zini otasi – Malikguli Berdimuhammedov yozgani aytilgandi.

Bundan tashqari, Turkmaniston prezidentining sobiq Turkmanboshi, marhum Saparmurot Niyozovning "Ruhnomasi"ning o‘rniga o‘rin turkman xalqiga o‘z ilohiy yo‘l-yo‘riqlari bitilgan asarini chop etishga hozirlik ko‘rayotganiga oid xabarlar ham tarqalgandi.

Turkmaniston parlamenti yaqinda prezident Gurbanguli Berdimuhammedovga "Turkmaniston qahramoni" unvonini berishga qaror qilgandi.

Turkman prezidentining otasi bilan bog‘liq so‘nggi yangilik esa, Turkmanistonda prezidentlik saylovlariga sanoqli kunlar qolgan bir paytda o‘rtaga chiqmoqda.