Somali islomiy guruhi "Al-Qoida" bilan birlashadi

Image copyright AP
Image caption Somalining Al-Shabab islomiy guruhi katta hududni nazorat qiladi

Somalidagi Al-Shabab islomiy guruhi ulkan terrorchi guruh deb qaraladigan "Al-Qoida" bilan birlashishini e‘lon qilgan.

Ikki guruh birgalikda chiqargan videoyozuvda Al-Shabab yetakchisi, Muxtor Abu Zubayr ismi bilan ham mashhur Ahmad Abdu Hodan o‘zining jangchilari nomidan "Al-Qoida" rahbari Ayman az-Zavohiriyga sodiqligini aytib qasamyod qilgan.

Al-Shabab va "Al-Qoida" bir necha yillardan buyon aloqador ko‘riladi.

Somalilik islomiylar safida chet elliklar ham mavjudligi aytib kelinadi.

Keyingi paytlarda Al-Shabab guruhi bir vaqtning o‘zida bir necha joyda faoliyat yuritib kelgan.

Somali hukumatining BMT va Afrika ittifoqi ko‘magidagi kuchlari Somali poytaxti Mogadishuni qaytarib olishga erishgan.

Shunday bo‘lsada, Somalining markazi va janubi Al-Shabab guruhining nazorati ostida.

Muxbirlarning xabar berishicha, Al-Shabab nazoratidagi hududda xayriya tashkilotlari faoliyatining taqiqlanganligi, Sharqiy Afrika boshidan kechirayotgan 60 yil asnosidagi eng yomon qurg‘oqchilik guruhni mahalliy aholining qo‘llab-quvvatlashidan mahrum qilgan.

BBCning Somali xizmati bosh muharriri Yusuf Horadning fikricha, Al-Shabab va "Al-Qoida"ning birlashishi Somalidagi vaziyat yo‘nalishini o‘zgartirishi va "Al-Qoida" ta‘sir doirasini mustahkamlashi mumkin.

Jihodchilar saytiga qo‘yilgan arab tilidagi videoyozuvda "Al-Qoida" rahbari Ayman az-Zavohiriy uning safdoshlari voqeaning bunday rivojini quvvatlashlarini aytgan.

"Al-Qoida" yirik xalqaro operatsiyalar paytida o‘z mavqe‘ini mustahkamlashi juda muhim", - degan avstraliyalik ekspert Lea Farral Reyter agentligiga bergan intervyusida.

Al-Shababning "Al-Qoida" qanoti ostiga o‘tganligi g‘arb mamlakatlaridagi faoliyatning boshlanishiga belgi bo‘lishi mumkin.

1990 yillarning boshidan buyon Somalida fuqarolik mojarolari davom etib keladi.

Mamlakatda muqim markazlashgan hukumat mavjud emas.