Musulmon da‘vatchi Abu Qatada uy qamog‘iga o‘tkaziladi

Image caption Abu Qatada o‘zining deportatsiya qilinishiga qarshi olti yildan buyon kurashib kelgan

Britaniyalik musulmon da‘vatchi Abu Qatada yaqin soatlarda Britaniya qamoqxonasidan ozod qilinadigan bo‘ldi.

Ba‘zi bir ommaviy axborot vositalari uni allaqachon qamoqxonadan ozod qilinib, uy qamog‘iga o‘tkazilganini xabar berishgan.

O‘tgan haftada Britaniya mahkamasi Abu Qatada inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasida Iordaniyaga deportatsiya qilinishiga qarshi qarorni yutib chiqqanidan so‘ng uni kafolat ostida ozod qilib, uy qamog‘iga o‘tqazish qarorini chiqargan edi.

Britaniya hukumati uni milliy xavfsizlikka xavf solishini aytgan.

Abu Qatada Iordaniyada terrorchilikda ayblangani bois, go‘yoki u xavfsizlik xavotirlarini tug‘diradi.

Qatada o‘zini deportatsiya qilinishiga qarshi mahkama qaroriga qarshi olti yildan buyon kurashib kelgan.

Oldinroq Ovro‘po mahkamasi Abu Qatadaning Britaniyadan Iordaniyaga deportatsiya qilinishini to‘xtatib qolgandi.

Ovro‘po mahkamasi agar u deportatsiya qilinsa, ma‘lumot olish uchun qiynoqqa solinishi mumkin degan,xulosaga kelgan.

Shuningdek, Britaniya va Iordaniya hukumati agar u deportatsiya qilinsa, qiynoqqa solinmasligi haqida oldindan kelishishgan.

O‘z navbatida, Britaniya hukumati uch oy ichida Abu Qatadani deportatsiya qilmaslik bo‘yicha aniq harakat qilishi lozim yoki uni kafolat ostida ozod qilish shartlari bekor qilinadi.

Abu Qatada qattiq kafolat talabi bilan ozod qilinishi aytilgan.

U Soat 22:00 dan keyin kommendantlik vaqtiga rioya qilishi va elektron soat taqib yurishi shart.

Qatada o‘z uyidan bir kunda ikki marta eng ko‘pi bilan bir soatga tashqariga chiqishi mumkin.

Internet va qo‘l telefonidan foydalanish ta‘qiqlanadi.

BBC muxbiri Ben Andoning Britaniya rasmiylari ma‘lumotiga tayanib xabar berishicha, Qatada dushanba kuni kechgacha ozod qilinishi kerak.Biroq aniq vaqti noma‘lum.

O‘tgan haftada Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron va Iordaniya qiroli Abdulla o‘zaro telefon muloqotida Qatada ishida birgalikda "qaror" berishga kelishishgan.

Devid Kemeron inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi chiqargan qarordan "hafsalasi pir bo‘lgan"ini aytgan.

Janob Kemeronga ko‘ra, islom da‘vatchisi allaqachon Iordaniyaga deportatsiya qilinishi kerak edi. Uning aytishicha, London bunga erishish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishi kerak.

Haqiqiy ismi sharifi Umar Usmon bo‘lgan Abu Qatada, Ovro‘poda jihod g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan eng nufuzli da‘vatchilardan hisoblanadi.

Abu Qatadaning islom dunyosidagi ta‘siri kuchli bo‘lishi bilan birga u Britaniya qonunlariga doimo amal qilib kelgan.

Abu Qatadaning himoyachisi Ed Fitjerald o‘zining himoyasidagi odam qariiyb 10 yil davomida kuzatuvda va 6 yil qamoqda bo‘lgan bo‘lsada, unga hech qanday rasmiy ayblov qo‘yilmagani, hibsda faqat "milliy xavfsizlik" nuqtai nazaridan ushlab turilganini aytgan.