"Diktatorlar" bilan muloqot qilgan yaxshimi?

Image copyright BBC World Service
Image caption Maqolada AQShning O‘zbekiston borasidagi siyosati Suriyadagi siyosat bilan solishtiriladi.

Britaniyada chop qilinuvchi Gardian gazetasi O‘zbekiston va G‘arb aloqalarini tanqid qilgan. Unda chiqarilgan maqola muallifiga ko‘ra, Amerika va Olmoniya kabi G‘arb mamlakatlari Suriyadagi tuzum o‘zgarishiga chaqirish bilan birga, undan ko‘p farqi bo‘lmagan O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etayapti.

"O‘zbekistonda Vashingtonga muhim bo‘lgan bir boylik bor. Bu shimoliy Afg‘onistonga cho‘zilgan temir yo‘llardir. Aynan shu yo‘l Amerikaning Shimoliy Ta‘minot yo‘li bilan nom qozondi. Mana shu "boylik"ni deb Amerika va Ovro‘po Ittifoqi Amerika elchixonasining maxfiy yozishmalarida aytilgan - misli ko‘rilmagan korruptsiya, uyushgan jinoyatchilik, majburiy bolalar mehnati va qiynoq qo‘llash holatlariga ko‘z yummoqda", deyiladi maqolada.

O‘tgan oy AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton inson huquqlari poymol etilgani uchun o‘rnatilgan harbiy yordamga ta‘qiqni bekor qildi. Biroq, O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bo‘lgan abgor vaziyat hech o‘nglanayotgani yo‘q.

"O‘zbekistonda barqarorlik haqida gapirishga erta. Ziddiyatlar uchun lozim bo‘lgan barcha shart-sharoit bu mamlakatda mavjud. Toliblar safida kurashgan o‘zbeklar bor... Amerika Afg‘onistonni tark etar ekan, islomiy jangarilar bu mamlakat darvozalariga qadar kelishi ehtimoli bor", deb yozadi Gardian gazetasi.

Gardian maqolasi, G‘arbning Suriya va O‘zbekiston kabi davlatlarga nisbatan siyosati ikkiyuzlamachilikka asoslanayotganiga ishora qiladi.

Undan kelib chiqadigan yana bir xulosa shuki, G‘arbning Prezident Karimovni dastaklash siyosati O‘zbekistonda yirik notinchlik yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu qarash naqadar asosli?

BBC bu haqda Markaziy Osiyoda faoliyat yuritgan olmoniyalik jurnalist va tahlilchi Markus Bensmandan so‘radi.

Bensman: Islom Karimovning hukumati O‘zbekistonda kelajakda beqarorlik kelib chiqishiga sabab bo‘lishiga mening ishonchim komil. Uning 20 yildan oshiq hukmronligi davrida fuqarolik jamiyatining ko‘p faollari chet mamlakatlarga chiqib ketishdi, mamlakat ichida tinch va qonuniy yo‘l bilan hukumat o‘zgarishini amalga oshiradigan odamlar deyarli qolmadi. Karimov hukm surishda davom etar ekan, uning o‘zi kelgusi beqarorlik uchun javobgar bo‘ladi. Bu beqarorlikka nafaqat Karimov, balki uning sheriklari, xususan AQSh, Olmoniya va NATO davlatlari mas‘ul bo‘ladilar. Olmoniya va AQSh kabi yirik sheriklar "O‘zbekiston bilan dialog olib borish bilangina o‘zgarishga erishish mumkin" degan jumlani qo‘llashni hush ko‘radilar. Lekin, bu Markaziy Osiyoda ish bermayapti, buning bir necha bor isbotini ko‘rdik. Aslida, bu yirik sheriklar Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlar haqida hech qayg‘urishmaydi, ularni ko‘proq o‘z manfaatlari qiziqtiradi. Bu ham bo‘lsa, O‘zbekiston orqali o‘tadigan Shimoliy Ta‘minot yo‘li va Termezdagi harbiy qo‘nalg‘a. Mana shu manfaat yo‘lida ular demokratiya va inson huquqlari kabi tamoyillarini qurbon keltirishga tayyorlar.

BBC: Lekin, realpolitikning tamoyillaridan biri shuki, ekstremistlar bilan jang qilgandan ko‘ra, diktatorlar bilan muloqot qilgan yaxshiroq. Siz bu tushunchaga qo‘shilmaysizmi?

Bensman: Bu ahmoqona tushuncha. Chunki Karimovga o‘xshagan hukmdorlar fundamentalizmga qarshi mavjud bo‘lgan kafolat emas, balki ana shu fundamentalizmning sababidir! Aynan uning hukmdorligi va mamlakat ichidagi har qanday hurfikrlilikni butkul yo‘q qilgani tufayligina fundamentalizm kelib chiqqan. Islomchilar u yoqda tursin, unga qarshi fikr bildiradigan hech kim qolmagan. Bu nimani anglatadi? Bu degani, Karimov davlatni boshqarishda davom etar ekan, u O‘zbekistonni tinch yo‘l bilan o‘zgarishlarga emas, balki Eroncha rusumdagi hukumat o‘zgarishi tomon siljitadi.

BBC: Turkmanistonda prezidentlik saylovlarida 97% aholi yana Prezident Gurbanguli Berdimuhammedovga ovoz bergani e‘lon qilindi. Nodemokratik deya tanqid qilinadigan hukmdor yana o‘z o‘rnida qoldi. G‘arb manfaatlariga kelsak, Turkmaniston borasidagi siyosat qanday?

Bensman: Ular bundan ham yomon. O‘zbekiston hozir AQSh, Olmoniya va NATO uchun Shimoliy Ta‘minot yo‘li uchun kerak, lekin Turkmanistonga bo‘lgan qiziqish iqtisodiy sabablarga taqaladi. G‘arb uchun Kaspiy dengizi ostidan o‘tadigan gaz quvuri muhim, shuning uchun bu diktator atrofida raqsga tushishayapti. Turkmanistonda ham G‘arb muloqot orqali o‘zgarishga erishishga qiziqmaydi, ularga faqat energiya zahiralari kerak. Ya‘ni, bu yerda ham gap G‘arbning o‘z manfaati haqida ketayapti.

BBC: Ammo, Qozog‘iston misoliga kelsak, u yerda muxolifat nisbatan erkin amal qiladi, lekin aynan muxolifat ijtimoiy noroziliklarni keltirib chiqarishda ayblanayapti.

Bensman: Qozog‘istonda bir narsa aniq bo‘ldiki, bu kabi diktaturalar o‘z jamiyatlarida kelib chiqadigan noroziliklarni yechishga va bu kabi muammolarni hal qilishga butunlay qodir emaslar. Neftchilar maoshi kabi muammo hal qilinishi mumkin bo‘lgan kichik muammo edi o‘zi. Lekin, avtoritar tuzumning qo‘lidan kelmadi bu ish. Bu yana bir isbot bo‘ldi, ya‘ni hukumatning o‘zi o‘sha muammoning yirik notinchlikka aylanib ketishiga sababchidir. Janao‘zen misolini tahlil qiladigan bo‘lsangiz, Markaziy Osiyodagi avtoritar tuzumlarning ojizligini ko‘rasiz. Qozog‘iston O‘zbekiston yo Turkmanistonga solishtirganda ancha ochiqroq va erkinroq, lekin shunga qaramay, hamma muammo faqat prezident tomonidan hal qilinishi kerak degan qarash paydo bo‘lgan, jamiyatning o‘zi qandaydir muammoni hal qilishga qodir emas. Va bu bora-bora, Janao‘zen va Andijon kabi hollarni keltirib chiqaraveradi.