Shakkoklikda ayblangan saudiyalik jurnalist Malayziyadan chiqarib yuborilgan

Image copyright AFP
Image caption Saudiya ulamolari 23 yoshli Hamza Qoshg‘ariyning yozganlarini shakkoklik deya qoralaganlar.

Malayziya rasmiylari Twitter Internet mikroblogida Muxammad Payg‘ambarni haqoratlaganlikda ayblangan saudiyalik jurnalistni vataniga deportatsiya qilganlar.

Malayziya politsiyasi Hamza Qoshg‘ariy taxallusli Saudiya Arabistoni fuqarosi 12 fevral kuni vataniga qaytarib yuborilganini BBCga tasdiqlagan.

Inson huquqlari tashkilotlari saudiyalik jurnalistning mamlakati ixtiyoriga topshirilishiga qarshi chiqqan edilar.

O‘tgan haftada Hamza Qoshg‘ariyning Twitterda yozgan yozuviga 30 mingdan ortiq munosabat bildirilgan, ularning ayrimlarida Qoshg‘ariyni qatl etish chaqiriqlari bo‘lgan.

Muhammad Payg‘ambarning tavallud ayyomi munosabati bilan Twitterdagi yozuvida 23 yoshli Hamza Qoshg‘ariy Islom payg‘ambari borasida shubha bildirgan.

Saudiya ulamolari uning yozganlarini shakkoklik deya qoralaganlar.

Jurnalist o‘zining yozganlarini Twitter mikroblogidan o‘chirib tashlagan va yozganlari uchun kechirim so‘ragan, biroq o‘lim tahdidlari bois mamlakatini tark etishga majbur bo‘lgan.

Muhammad Payg‘ambarni haqorat qilish bandida aybdor deb topilgan inson Saudiya Arabistonida o‘lim jazosiga hukm etiladi.

Vatanida o‘lim jazosiga tortish chaqiriqlaridan keyin Hamza Qoshg‘ariy Saudiya Arabistonini tark etgan, 9 fevral kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurga yetib kelishi bilan hibsga olingan edi.

BBCning Kuala-Lumpurdagi muxbiri Jennifer Pakning aytishicha, Saudiya Arabistoni bilan Malayziya o‘rtasida rasman ekstraditsiya haqidagi bitim imzolanmagan, biroq musulmon mamlakati bo‘lgan Marlayziya Saudiya Arabistoni bilan yaxshi aloqalarga ega.

Hamza Qoshg‘ariyning himoyachilari uning ishi mahkamada ko‘rib chiqilgunicha Malayziyada qolishi mumkinligi haqidagi mahkama qarorini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lganlar.

Biroq himoyachilar mahkama qarori bilan yakshanba kuni politsiyaga borishganida 3 soat oldin Qoshg‘ariyni olib uchgan uchoq Saudiyaga uchib ketgani ma‘lum qilingan.

Malayziya Ichki ishlar vazirligi Qoshg‘ariy ishi bo‘yicha bayonot e‘lon qilgan, unda Qoshg‘ariyga qo‘yilayotgan ayblov tabiati Saudiya Arabistoni rasmiylari vakolatiga tegishli, deyilgan.

Qator inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Hamza Qoshg‘ariyni Saudiya Arabistoni rasmiylariga topshirmaslikka chaqiriq bilan chiqqanlar.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti uning mamlakatida agar aybdor deb topilsa, qatl etilishi mumkinligidan ogohlantirgan.