Tojikiston Mudofaa vazirligi: Afg‘onistonda qulagan bizning tikucharimiz

Image copyright PA
Image caption Tikuchar ekipajining 4 a‘zosi tojikistonlik harbiy uchuvchilar bo‘lganlar

Tojikiston Mudofaa vazirligi Afg‘oniston janubidagi Zabul viloyatida halokatga uchrab to‘rt inson umriga zomin bo‘lgan MI-8 tikuchari vazirlikka tegishli bo‘lganini e‘lon qilgan.

"MI-8 MTV tikuchari Tojikiston harbiy-havo kuchlari va Raketaga qarshi mudofaa tizimi tarkibida bo‘lgan", deb aytgan vazirlik voizi.

Tikucharning 11 fevral kuni Zabul viloyatining yetib borish qiyin bo‘lgan mintaqasida halokatga uchragani ma‘lum qilingan.

Tojikiston Mudofaa vazirligi shu munosabat bilan e‘lon qilgan bayonotida tikuchar halokatiga yomon ob-havo sharoiti sabab bo‘lgani aytiladi.

"Uchish apparatining halokati sabablari o‘rganilmoqda. Lekin o‘sha kuni ob-havo sharoiti yomonlashgani, dovul bo‘lib qor yog‘ayotgani aniq bo‘lgan", deb aytgan vazirlik mulozimi.

Tikuchar ekipajining 4 a‘zosi tojikistonlik harbiy uchuvchilar bo‘lganlar.

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, MI-8 tikuchari 2011 yilning may oyidan boshlab Afg‘onistondagi AQSh boshchiligidagi xalqaro kuchlar ta‘minotiga yordam yetkazishga jalb etilgan.

Tikucharning Afg‘onistondagi xalqaro koalitsiya kuchlari tarkibida yetib borish qiyin bo‘lgan mintaqalarga oziq-ovqat, ichimlik suvi va dori-darmonlar yetkazish bilan shug‘ullangani aytilgan.