Tojikiston: qahraton qish tashvishlari

Image caption Qishloqlarda odamlarning o‘tin yo ko‘mirdan islanib zaharlanish hodisalari ko‘paygan

Tojikistondagi aksariyat oilalarda shu kunlardagi suhbat mavzui deyarli bir xil: "Sovuq qachon tugarkin? Insofsizlar ko‘mirning narxini yana oshirishibdi.Topgan pulimizga ko‘mir olaylikmi, qorin to‘ydiraylikmi…"

Ommaviy matbuot vositalarida esa, etni jimirlatadigan, yurakka qo‘rquv soladigan xabarlar paydo bo‘ladi: "So‘g‘d viloyatida yosh oila isdan zaharlangan. So‘g‘d viloyati ichki ishlar boshqarmasidan xabar berishlaricha, Asht tumanidagi Do‘sti qishlog‘ida yashaydigan 24 yoshli er-xotin erta tongda bemorxonaga og‘ir ahvolda olib borilgan. Lekin shifokorlar kelinchakning hayotini saqlab qola olishmagan…"

Joriy qishning faqatgina bir haftalik ma‘lumotlariga nazar tashlanadigan bo‘lsa, Ashtdagi fojiadan tashqari, Shimoliy Tojikistonning yana to‘rtta qishlog‘ida o‘tin yo ko‘mirdan islanib zaharlanish hodisalari kuzatilgan.

Konibodomning Po‘laton qishlog‘ida 20 yoshli qiz, Isfaraning Navgilem qishlog‘ida ayni shu yoshdagi yana bir qiz, Isfaraning boshqa bir qishlog‘i-Chilgazida 23 yoshli ayol, Bobojon G‘afurov tumanida esa, 3 yoshli bola islanish natijasida vafot etgan.

Qish sovug‘idan jon asrash uchun binoni isitishga urinayotgan odamlar faqat islanib emas, boshqa sabablar natijasida ham dunyodan erta ko‘z yumishmoqda.

Dushanbe shahridagi ma‘muriy binolardan birida kelib chiqqan yong‘in natijasida ikki inson jon taslim qilgan. O‘t o‘chirish xizmatidan ma‘lum etishlaricha, yong‘in chiqishiga qorovulning qo‘lbola isitgichdan foydalanishi sabab bo‘lgan.

"Odatdagidan sovuq kelgan joriy qish davomida, afsuski, ko‘ngilsiz hodisalar yuz beryapti. Lekin aynan joriy qishda isdan zaharlanib, sovuqda muzlab yo shamollab jabrlangan odamlar to‘g‘risida umumiy rasmiy ma‘lumotlar olishning iloji yo‘q", deydi mahalliy kuzatuvchi Naim Boboyev.

"Qishloqdagilar ilojini topishadi, iloho bizda chiroq o‘chmasin!"

Tojikiston hukumati qaroriga ko‘ra bu yil poytaxt Dushanbeda, viloyat markazlari va bir qator sanoat shaharlarini kecha-kunduz elektr quvvati bilan ta‘minlash ko‘zda tutilgan. Lekin qishning birinchi oyi o‘tmasdanoq, Qayroqkum, Chkalov kabi shaharlarda aholini elektr quvvati bilan ta‘minlash muddati qisqartirilgan.

Image copyright BBC World Service
Image caption Qishloqdagilar ilojini topishadi...

"Xayriyat, bizda elektrni berib turishibdi. Qishloqdagilarga bir kunda bor-yo‘g‘i besh soat-olti soatdan elektr berishlarini eshitib, ularga achinamiz. Lekin bari-bir qishloqdagilar ilojini topishadi, sandal, pechka deganday… Iloho bizda chiroq o‘chmasin. To‘qqizinchi qavatga pechka qurishning o‘zi bo‘ladimi…", deydi Xo‘jandning 12-mahallasidagi ko‘p qavatli uyda yashaydigan Mavjuda ismli ayol.

U picha o‘ylanib bundan to‘rt yil oldingi qishni eslaydi. O‘shanda xontaxta ustiga ko‘rpa yopib, "sandal" yasab olishgani, ko‘mirni yo‘lakda yondirib, laxcha cho‘g‘ida isinib jon saqlashganini hikoya qiladi.

"U yili bir-ikki soat elektr berishardi-da. Agar tabiiy gaz bo‘lganida, yo oldingiday isitish tizimlari ishlaganda kunimiz elektr isitgichlarga qolmagan bo‘lardi", deydi Mavjuda.

Xo‘janddagi kabi Chkalov, Qayroqqum, Taboshar shaharlarida ham markaziy isitish tizimlarining oxirgi marta qaysi yilda ishlaganini eslaydigan odamlar tobora oz qolyapti.

Mavjuda eslagan 2007 yilning qattiq qishida Chkalov shahrida ko‘pchilik yolg‘iz yashaydigan qariyalar sovuq uyda qattiq shamollab, ayrimlari dunyodan o‘tgan paytda maxalliy hukumat qari chol-kampirlarni mehmonxonalardan biriga joylashtirgan edi. Bu yilgi qattiq qishda ham Chkalovda ana shu tajriba esga olindi. Yolg‘iz yashaydigan qariyalar ro‘yxatga olinib, ularga qishni mehmonxonada o‘tkazish taklif etildi. Lekin bu taklifga faqatgina besh nafar kampir rozi bo‘ldi. Hozir ular Chkalovdagi “Xo‘jand” mehmonxonasida yashashyapti. Kampirlar turgan uylar elektr isitgichlar bilan isitilmoqda. Keksa ayollarga uch mahal ovqat berilmoqda. Oziq-ovqat mahalliy tujjorlar tomonidan xayriya tarzida berilmoqda.

“Beshta kampirni boqishayotgan bo‘lsa, yaxshi. Lekin qolgan ming-minglab odamlarchi? Hech zamonda ko‘mirning bir tonnasi 250 dollarga chiqqanmidi? Odamlar ilgarigiday tonnalab emas, bir qop-bir qop ko‘mir olishadi. Buning ustiga oziq-ovqat narxi ham oshib ketgan. Quruq choy-non bilan kun o‘tkazadigan oilalarning sanog‘i yo‘q. Hayriyat, ko‘pchilikning o‘g‘il-qizi Rossiyadan pul yuborib turibdi. Yo‘qsa odamlarning holi nima kechardi, bir Xudoga ma‘lum”, deydi kuzatuvchi Naim Boboyev.

"O‘zingda yo‘k, qo‘shningda yo‘q, olamda yo‘q"

Tojikiston o‘zini elektr quvvati bilan to‘la ta‘minlash chora-tadbirlarini ko‘rayotir. "Sangto‘da-1" GESi ishga tushirildi. Navbatdagi "Sangto‘da-2" GESining to‘la quvvatda ishlash muddati yaqinlashmoqda. Lekin hozircha mamlakatning o‘zida ishlab chikarilayotgan elektr energiyasi aholi va sanoatni to‘liq ta‘minlash uchun yetarli emas.

Tojikistonning o‘z tabiiy gazi esa, mamlakat janubining bir qismiga yetadi, xolos. Mamlakatning qolgan asosiy qismi, ayniqsa Shimoliy Tojikiston qo‘shni O‘zbekiston gaziga qarab qolgan. O‘zbekiston esa gaz narxini har yili oshirmoqda.

Tojikiston o‘z hududida aniqlangan gaz manbalarini ishga tushirish choralarini tezlashtirishga kirishgan. O‘tgan hafta Tojikiston bosh vaziri Oqil Oqilov Rossiyaning "Gazprom" shirkati rahbarlari bilan uchrashib, hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishni tezlatishni muhokama etishgan.

Jumladan, janob Oqilov rossiyalik sheriklarga "Sariqamish" neft-gaz manbaidagi ishlarni tugatishni tezlashtirish va "G‘arbiy Shohambari" neft-gaz havzasidagi geologik-qidiruv ishlarini boshlashni taklif etgan.

Dastlabki baholarga ko‘ra, birgina Sariqamishda 20 milliard kub metr gaz va 17 million tonna neft mavjud.

Lekin tojikistonlik mutaxassislarga ko‘ra, hali tabiiy gaz konlari ishga tushirilguncha mamlakatdagi ikkinchi yoqilg‘i boyligidan foydalanishni yaxshilash zarur.

"Ko‘mir qazishni ko‘paytirish mamlakatning gaz va neft mahsulotlari sotib olishini kamaytirishi mumkin", deb aytgan Tojikiston Energetika va sanoat vazirligi ko‘mir va muqobil energiya turlari boshqarmasi boshlig‘i Bahriddin Abdurahimov "Aziya plyus" agentligi bilan suhbatda.

Uning aytishicha, hozirda Tojikistonda 36 ta ko‘mir manbai aniqlangan.

Keyingi yillarda Tojikistondagi g‘isht, shisha tayyorlash, temir eritish, oziq-ovqat ishlab chiqarish sanoati chetdan sotib olinadigan qimmat tabiiy gaz o‘rniga tobora ko‘proq ko‘mirdan foydalanishga o‘tmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda mamlakatda ko‘mir qazish bundan o‘n yil oldinga qiyoslaganda 11 yarim baravar ortgan.

Yaqin yillarda mahalliy ko‘mir bilan ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalarini qurish mo‘ljallangan.

"Elektr yoqyapsanmi, qarzingni to‘laginda…"

Image copyright RIA Novosti
Image caption "Hayriyat, ko‘pchilikning o‘g‘il-qizi Rossiyadan pul yuborib turibdi. Yo‘qsa odamlarning holi nima kechardi, bir Xudoga ma‘lum"

"Barqi tojik" energoxoldingi e‘lon qilgan ma‘lumotlarga ko‘ra mamlakatda elektr quvvatidan foydalanuvchilar vaqtida haq to‘lamasdan, katta karzdor bo‘lib qolishmoqda.

Ma‘lumotlarda keltirilishicha, Ko‘lobda ishlatilgan elektr quvvatining faqat uchdan biriga haq to‘langan. Bu ko‘rsatkich Xo‘jandda 60 foizga, Qo‘rg‘ontepa va Dushanbeda 70 foizga yaqin.

Elektr tarmoqlarida ishlayotganlar "Elektr yoqyapsanmi, qarzingni to‘laginda", deyishdan charchashmayotir. Ayni bir paytda aholi elektr pulini vaqtida to‘layotganini, ko‘proq muassasa va tashkilotlar to‘lashmayotginini ta‘kidlaydi.

Elektr tarmog‘i mutaxassislari esa elektr quvvatidan o‘g‘rincha foydalanish hollari oz emasligini urg‘ulab kelishadi. Keyingi paytlarda xonadonlardagi elektr hisoblagichlar bilan qanoatlanmasdan, bevosita transformatorlarning o‘ziga hisoblagichlar o‘rnatila boshlandi.

Transformator va undan elektr quvvati oladigan uylardagi hisoblagichlar ko‘rsatkichi solishtirilmoqda. "Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri simyog‘ochdan sim tortib tushirganimiz ko‘rga hassadek ko‘rinib turibdi. Hisoblagichdagi ko‘rsatkichga qarab vaqtida pulini to‘laymiz. Lekin transformator ko‘p ishlabdi, o‘rtadagi farqni hammaga bo‘ldik. Yigirma somoniydan tushdi, siz ham to‘lashingiz shart, deb qo‘yishmayapti", deydi Bobojon G‘afurov tumani qishloqlaridan birida yashaydigan 65 yoshli sobiq o‘qituvchi Xayri Bobojonova.

Xayri opaning qo‘shnisi besh bolaning onasi Halima esa boshqa narsadan noliydi: "Ko‘mirga pul yo‘q, qattiq o‘tinning tagi ko‘rinib qoldi. Bu qish deganlari qachon tugarkin!"

Lekin qishning ortga chekingisi yo‘q. Bugun yana havo sovib, qor yog‘di. To‘g‘ri, sovuqning shasti biroz pasaygan. Bir-ikki hafta oldingiday vodiylarda 20-25 daraja emas, lekin baribir etni dildiratadi. Bir zumda oyoq uchidan boshlab quloqlargacha sovuq qota boshlaydi.

Butun boshli yanvar oyidagi ta‘tildan so‘ng bir-ikki kun o‘qish bo‘lib, 10 fevralgacha yana yopilgan, endi go‘yo havo isib qolganday dars boshlangan. Sovuq sinfxonalarda xayolida issiqqina tancha cheti, qishki kiyimda dildirab o‘tirgan bolalar, kuniga o‘n-o‘n ikki soat elektr o‘chiriladigan, elektr isitgichlardan boshqa isitish vositasi yo‘q bemorxonalardagi junjikayotgan bemorlar, bugun uyini ne ilojda isitib, erta nima bo‘lishini bilmaydigan qariyalarga esa ilgarilari orziqib kutiladigan qor ham yoqmay qolgan.