Bahraynda namoyishchilar xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashgan

Image copyright AFP
Image caption Maydonga qarab yurish boshlagan minglab namoyishchilarga qarshi olomonni tarqatish vositalari ishga solingan.

Bahrayn poytaxti Manamada 13 fevral kuni boshlangan namoyishchilar bilan politsiya kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar seshanba tongigacha davom etgan.

Namoyishchilar Bahraynda demokratik talablar bilan boshlangan chiqishlarning bir yilligi munosabati bilan to‘planganlar.

Ularni tarqatish maqsadida xavfsizlik kuchlari yig‘ilganlarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiradigan gazlar va falaj qiluvchi granatalarni ishga solganlar.

Muxolifat norozilik namoyishlarining bir yilligi sanasida poytaxtdagi Marvarid xiyoboniga tomon yurish tashkil qilish va maydonni egallab olishga chaqirgan edi.

Maydonga qarab yurish boshlagan minglab namoyishchilarga qarshi olomonni tarqatish vositalari ishga solingan.

Butun Bahrayn podsholigi hududi bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, muhim joylarga politsiya va xavfsizlik kuchlari joylashtirilgan.

Poytaxt Manamaga yaqin Sitra shialar qishlog‘ida yashovchilardan birining BBCga aytishicha, tun bo‘yi ko‘zdan yosh oqizadigan gaz va shovqin granatalari otilgani ovozlari eshitilgan.

Dushanba kechqurun Marvarid xiyoboni tomonga harakatlangan namoyishchilar 2 kilometrcha oldinga yura olganlar, biroq politsiya kuch qo‘llashi ortidan chekinishga majbur bo‘lganlar.

Namoyishchilarning aksari Bahrayndagi aholining ko‘pchiligini tashkil etadigan shia musulmonlari ekani xabar qilinadi.

Shialar mamlakatni boshqarayotgan sunniy podshoh Al-Xalifa hukmronligidan noroziliklarini izhor etadilar.

Bahrayn podsholigidagi yirik muxolifat partiyasi hisoblangan "Al-Vefaq" partiyasi siyosatchisi Halil al-Marzuq namoyishchilarni zo‘ravonlik qo‘llamaslikka chaqirgan.

O‘tgan oy Bahrayn podshosi Hamad bin Iso al-Xalifa namoyishchilar talablari bajarilayotganini e‘lon qilgan, yanada ko‘proq erkinliklar ko‘zda tutilgan konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilishini aytgan.

Bahrayn podshosi hukumat tomonidan buzib tashlangan Shia masjidini qayta qurishga buyruq bergan, ish joyini yo‘qotganlarning ishlariga qayta tiklanishlari e‘lon qilingan, adliya tizimini isloh qilish maqsadida ikki britaniyalik huquqshunos jalb etilgan.

Ammo muxolifat hamda inson huquqlari tashkilotlari hamon Bahrayn xavfsizlik kuchlari jilovlanmagan, deya tanqid qiladilar.

Mamlakatdagi inson huquqlari poymol etilishi hollari xalqaro miqyosda qoralanganidan keyin Bahrayn podshosi mustaqil komissiya tuzishga farmon bergan, ushbu komissiya 2011 yil noyabrida e‘lon qilgan hisobotida xavfsizlik

kuchlarini haddan ziyod kuch qo‘llagani, mahbuslarga nisbatan muntazam ravishda qiynoq qo‘llashlari tasdiqlanganini bildirgan.

O‘tgan yil fevralida namoyishchilar Marvarid maydonini bir oy mobaynida egallab turishgan, Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazidagi boshqa sunniy mamlakatlar Bahrayn hukumatiga ko‘maklashish maqsadida qo‘shinlar yuborganlaridan keyin namoyishchilar maydondan siqib chiqarilgan edilar.

Hukumat ulkan Marvarid haykalini buzib tashlagan edi.

G‘alayonlar boshlangan o‘tgan yili fevralidan buyon Bahraynda kamida 60 inson halok bo‘lgan.