Qozog‘istonda 10 kishi sovuqdan o‘ldi

Image caption Mintaqada sovuq havo energetika inqiroziga ham sabab bo‘lgan

Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatida qahraton sovuq 10 kishining umriga zomin bo‘lgan.

O‘lganlar orasida 10 yoshli qizaloq ham borligi aytilmoqda.

Bu yil mintaqada qish har doimgidan qattiqroq bo‘lgani bois, shifoxonaga sovuq urgan kishilarning ko‘plab murojaat qilgan.

Qozog‘istonning sharqidagi uylarda isitish tizimlari sovuqqa bardosh berolmay, ishdan chiqqan va odamlar mushkul ahvolda qolgan.

Qozog‘iston shimolida joylashgan Oqmo‘la viloyatida yil boshidan beri 25 kishi sovuq urish tashxisi bilan shifokorga murojaat qilgan, shularning 10 tasi jon taslim qilgan.

Viloyat Ichki ishlar departamenti matbuot kotibi Gulnar Pinchuk vafot etganlarning faqat bittasi uysiz bo‘lganini va qolganlar o‘z uylarida turli sharoitlarda sovuq urganini aytdi.

10 yoshli qizaloqning sovuqdan o‘lishi eng qayg‘uli xabar deya qabul qilinmoqda. Qizaloq Yermentau tumanidagi poselkalarning birida ukasi bilan buvisining qaramog‘ida yashagan.

"Buvisi pechkani qizdirmoqchi bo‘lgan, ammo radikulit xastaligi tutib qolib, xatto turishga ham madori bo‘lmaydi. Qizcha buvisining yoniga tez-tez borib, xabar olgan va keyin uxlashga yotgan. Uyqusida sovuq urgan bo‘lishi mumkin", - deydi Gulnar Pinchuk.

Qizchaning ukasi shifoxonaga tushgan va qo‘llarini sovuq olishidan davolangan.

Sovuq mintaqa

Oqmo‘la viloyati Qozog‘istonning eng sovuq mintaqalaridan hisoblanadi.

Ayni kunlarda viloyatda havo harorati – 25 daraja bo‘lib turibdi va shaharliklar ushbu havoni me‘riy ekanligini aytishmoqda. Qahraton kunlari havo harorati 35-40 darajagacha sovub ketgani aytiladi.

Viloyat gazlashtirilmagan va odamlar o‘z uylarini yog‘och hamda ko‘mir kabi o‘tinlar bilan isitadi.

O‘tgan yilgi sovuq natijasida viloyatda 2 haftaning ichida 16 odamning o‘lgani ma‘lum.

Qozog‘istonning sharqiy qismi ham qattiq sovuq ostida qolgan. Mahalliy matbuotning yozishicha, shifoxonalarda sovuq urib murojaatlar qilganlar ko‘pligidan joylar yetishmay qolgan.

Ko‘p qavatli uylarning isitish tizimi sovuqqa dosh berolmay ishdan chiqqan. Semey shahar hokimiyati qozonxonalar bor quvvati bilan ishlayotganini, uylardagi quvurlar maxsus o‘ralmagani uchun muzlab qolayotganini aytgan.

Odamlar elektr isitish moslamalari orqali jon saqlagan. Sovuq tufayli Sharqiy Qozog‘iston viloyatida elektr energiyasining iste‘moli 20 foizga ortgan.

Bir oydan buyon sharqiy va shimoliy viloyatlarda maktab darslari bekor qilingan. Qorli bo‘ron va keskin sovuq tufayli ayrim xalqaro yo‘llarda harakatlanish to‘xtatilgan.

Dizelь bilan yuruvchi ulovlarda yonilg‘ining muzlab qolishi oqibatida yo‘lovchilar yo‘lda qolib ketayotgani xabarlarda aytilmoqda.

Minglab o‘zbekistonlik mehnat muxojirlari ishlash maqsadida Qozog‘iston orqali Rossiyaga yo‘l oladi.

2012 yil boshidan buyon yuzlab o‘zbekistonliklarning Qozog‘iston yo‘llarida qolib ketgani va qutqaruv xizmatlariga murojaat qilgani ma‘lum.