Xalqaro Amnistiya: Liviya jangarilari nazoratdan chiqib ketgan

Image copyright Reuters
Image caption "Qurollilarni hech kim nazorat qila olayotgani yo‘q"

Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti ogohlantirishicha, Liviyadagi qo‘lida quroli bor jangarilar mamlakat xavfsizligiga tahdid solmoqdalar.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti Liviyani uzoq vaqt boshqargan polkovnik Muammar Qaddofiyning hokimiyatdan ag‘darilishiga olib kelgan aksilhukumat g‘alayonlari boshlanganining bir yilligiga bag‘ishlab hisobot e‘lon qilgan.

Ushbu hisobot shu yilning yanvar va fevral oylarida Liviyadagi vaziyatni o‘rganish asosida tayyorlangani bildirilgan.

Bu hisobotda eng tashvishlanarlisi Liviyaning muvaqqat hukumatiga bo‘ysunmaydigan jangarilarning ko‘pligi va ular sodir etayotgan o‘zboshimchaliklar ko‘pligi urg‘ulanadi.

Xalqaro Amnistiyaga ko‘ra, 2011 yilning sentyabr oyidan buyon qurolli guruhlar tutqunlikda ushlab turgan kamida 12 ta Qaddofiy tarafdori qiynoqlar tufayli hayotdan ko‘z yumgan.

O‘tgan oy Birlashgan Millatlar tashkiloti Liviyada Muammar Qaddofiy tarafida turib jangarilarga qarshi jang qilgan 8000 cha kishi hibsda ushlab turilganini aytgandi.

Liviyaning o‘tish davri hukumati qurolli guruhlarni nazoratga olishga urinmoqda, biroq hozirgacha buning uddasidan chiqa olayotgani yo‘q.

Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko‘ra, o‘zlarining jazosiz qolishlariga ishongan jangarilar inson huquqlarini poymol etmoqdalar, bunday holatlar chindan ham hukumat tomonidan tekshirilmasdan qolib ketmoqda.

Tashkilot hisobotida aytilishicha, tutqunlikda ushlab turilganlar bir necha soat mobaynida qamchilar, simlar, plastik va metal buyumlar bilan kaltaklanganlar, haqiqiy va qo‘lbola elektr shokiga solinganlar.

"Qurollilarni hech kim nazorat qila olayotgani yo‘q", deb aytgan Xalqaro Amnistiya vakili Donatella Rovera.

Tekshiruvchilar Tripoli shahridagi qamoqxonalardan birida so‘roqqa tutuvchilar yashirishga harakat qilgan juda og‘ir qiynoqlarga solingan mahbuslarni topganlar, deyiladi xalqaro tashkilot hisobotida.

Xalqaro Amnistiyaga ko‘ra, Liviyada tahqirlanganlar orasida Afrikaning boshqa mamlakatlaridan borgan muhojirlar va qochqinlar ham bor, ularni jangovor amaliyotlar paytida Muammar Qaddofiyga jangchi bo‘lib yollanganlikda ayblaganlar.

So‘nggi oylarda poytaxt Tripoli va boshqa shaharlarda bir necha inson o‘limiga olib kelgan qurolli to‘qnashuvlar uchun ham jangarilarning mas‘ulligi aytiladi.