Qochqin garov evaziga ozod etilmaydi

Image copyright registan.net
Image caption O‘zbekistonlik muhojir terrorchilar safiga kirmoqchi bo‘lgani aytiladi

O‘zbekistonlik qochqin Jamshid Muxtorov garov puli evaziga ozod etilmaydi.

Federal mahkama hakami bu haqda qaror berar ekan, uning mamlakatdan chiqib ketish va boshqalarga xavf solish ehtimolini urg‘ulagan.

Ayblovchilar Jamshid Muxtorofni terrorchi guruhlarga qo‘shilish niyatida bo‘lganini aytishgan.

Jamshid Muxtorov 21 yanvar kuni Turkiyaga ketayotgan payti Chikago aeroportida hibsga olingan.

2 fevral kuni o‘tgan mahkamada u o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etgan.

AQSh matbuotining federal himoyachi Brayn Lididan iqtibos keltirishicha, Jamshid Muxtorov o‘zini hibsga olgan Federal Qidiruv Byurosi josuslariga "xato qilishganini" aytgan.

"Oilamni zo‘rg‘a boqayotgan bo‘lsam, qanday qilib terrorizmni qo‘llab-quvvatlashim mumkin?", - deya Jamshid Muxtorovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Assoshieyted Press xabar agentligi.

Jamshid Muxtorov 2007 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qochqin maqomini olgan va AQShning Kolorado Shtatiga joylashtirilgan edi.

Jamshid Muxtorovni tanigan o‘zbekistonliklar uning Qo‘shma Shtatlarda boshpana olgunga qadar inson huquqlari himoyachisi bo‘lganini aytishadi.

AQSh Davlat Departamentining 2005 yilda O‘zbekistondagi inson huquqlariga oid hisobotida ma‘lum qilinishicha, Jamshid Muxtorovning singlisi Dildoro Muxtorova qotillikda ayblanib, hibsga olingan.

Jamshid Muxtorov hibsga olingunga qadar oilasi bilan Denver shahri yaqinidagi Avrora mintaqasida yashagan va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Kolorado Shtatida 2005 yildan buyon 157 nafar O‘zbekiston fuqarosi boshpana olgan.