Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyadagi zo‘ravonliklarni to‘xtatishni talab qilgan

Image copyright BBC World Service
Image caption BMT rezolyutsiyasiga Rossiya va Xitoy vakillari yana qarshi chiqishgan

BMT bosh qarorgohi Suriyadagi vaziyat borasida qabul qilgan rezolyutsiyada rasmiy Damashqni inson huquqlarini paymol qilish va qon to‘kilishlarini to‘xtatishga chaqirgan.

Arab Ligasi a‘zolari taklif qilgan hujjatda ham Suriya prezidenti Bashar Assad iste‘fosi talab qilingan.

137 ovoz qo‘llagan, 12 qarshi va 17 betaraf ovoz bilan tasdiqlangan hujjat, yaqinda BMT Xavfsizlik kengashiga taqdim qilingan, Rossiya va Xitoy tomonidan veto qo‘yilgan matn nusxasi bilan deyarli bir xil.

Pekin va Moskva Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini bir tomonlama, martdan buyon davom etayotgan qonli to‘qnashuvlarning ishtirokchi tomonlaridan biri Suriya muxolifatiga ko‘mak berishini aytib qarshi chiqishgan edi.

Rossiya va Xitoy vakillari bu safar ham rezolyutsiyaga qarshi chiqqanlar.

Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Gennadiy Gatilovga ko‘ra, ilgari surilgan rezolyutsiya Suriya muxolifatining oldiga huch qanday majburiyat yuklamaydi.

"Albatta biz bunga ovoz berolmaymiz. Chunki, u avvalgidek nomutanosib, hamma talablar hukumatga qaratilgan. Muxolifatga nisbatan hech qanday talab yo‘q bu yerda",- deb aytgan Gatilov Interfaks agentligi muxbiriga.

Bosh qarorgohdagi ovoz berish Xavfsizlik kengashidagidan farqli ravishda, unda veto qilish huquqi berilmaydi.

Lekin Bosh Qarorgoh qabul qilgan rezolyutsiya majburiy kuchga ham ega bo‘lmaydi.

Suriya rasmiylarining aytishicha, qabul qilingan bu hujjat krizisni yanada kuchaytiradi va rasmiy Damashq "terroristlar" deb atayotgan tuzumning qurolli muxolif kuchlariga yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

BBC muxbiri Barbara Pletga ko‘ra, BMT bosh qarorgohi rezolyutsiyasi tarafdorlari bu hujjat Suriya hukumatining muxolifatga ko‘rsatayotgan qattiq zo‘ravonliklarini to‘xtatishlari uchun siyosiy bosimni kuchaytirishiga umid qilmoqdalar."Guvohlarning aytishicha, hukumat kuchlari tinch fuqarolarni ham ota boshlashgan. Keyin ularni mashinalarga solib olib ketishgan. Ularning taqdiri noma‘lum bo‘lib qolmoqda"

"Suriya hukumati arab dunyosi, Suriya xalqi talablarini bajarishini va qon to‘kilishini to‘xtashini so‘raymiz",- deb aytgan BMT ning Misrdagi elchisi o‘rinbosari Osama Abdulxoliq.

Payshanba kuni BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Suriya hukumati insoniyatga qarshi jinoyat sodir etayotganligi mumkin, deb aytgan.

"Suriyada biz turar joy binolariga qanday hujum qilinayotganini, kasalxonalar qiynoqlar markaziga aylanganini ko‘ryapmiz. Suriyada endigina 10 yoshga kirgan bolalar o‘ldirilyapti. Biz deyarli aminmizki, bu yerda insoniyatga qarshi jinoyat sodir etilyapti", - degan janob Pan Gi Mun.

Juma kuni Xitoy tashqi ishlar vaziri Chjay Tszyunning Damashqqa yetib borishi kutilmoqda.

Safar oldidan janob Chjay Tszyun Suriya hukumatini tinch aholiga nisbatan kuch ishlatishni to‘xtatish va fuqarolarining huquqini hurmat qilishga chaqirgan.

O‘tgan haftada Chjay Tszyun Suriya muxolifati vakillari bilan Pekinda uchrashgan edi.

Muxolifatga ko‘ra, payshanba kuni Suriyada kamida 40 kishi o‘ldirilgan.

Hukumat kuchlari muxolifatning chiqishlari bo‘lib o‘tgan Suriya janubidagi Daraa shahriga ham hujumlar qilishgan.

Londonning Syrian Observatory for Human Rights tashkiloti vakillari Daraa shahrida ommaviy qotilliklar bo‘lgan, degan shubhani bildirishgan.

Shahardan bir nechta odam izsiz yo‘qolgani aytilgan.

Suriya hukumati Homs va Hama shaharlarini artilleriya hujumiga tutishda davom etmoqda.

Mahalliy faollarning aytishicha, Damashqda Suriyadagi taniqli inson huquqlari vakili Mazen Darvish va bir necha kishi hibsga olingan.

Qamoqqa olinish sabablari aytilmagan.

Mazen Darvish siyosiy mahbuslarni ozod qilish talabi bilan chiqqan namoyishda qatnashganida hibsga olingan.

Inson huquqlari himoyachilariga ko‘ra, Suriyada Bashar Assad tuzumiga qarshi qo‘zg‘olonlar boshlangan o‘tgan yilning mart oyidan buyon qariiyb 7 mingga yaqin tinch fuqaro o‘ldirilgan.