Tojikiston: yopilayotgan madrasalar va yangi ochilayotgan masjidlar

Image caption Tojikistonda ayrim madrasalar yopilayotgan paytda yangi masjidlar qurilmoqda.

Shimoliy Tojikistonda to‘rt madrasa faoliyati to‘xtatilgan. Rasmiy diniy idoralardan bildirishlaricha, bunga qaytadan qayddan o‘tish uchun zarur hujjatlar taqdim etilmagani bois bo‘lgan.

Ayni bir paytda bu yopilishlar ortidan hozirda amal qilib turgan ayrim madrasalar rahbarlari orasida xavotirlik uyg‘ongan.

Sug‘d viloyatining Asht, Mastchoh, Jabbor Rasulov va Tog‘li Mastchoh tumanlaridagi madrasalar yopilgan.

Sug‘d viloyati hukumati diniy ishlar mutasaddi rahbarlaridan birining aytishicha, agar hozirda faoliyati to‘xtatilgan to‘rt madrasada zarur hujjatlar tayyorlanib, taqdim etilsa, madrasalar qaytadan ish boshlashlari mumkin.

Aslida Sug‘d viloyatida to‘qqizta madrasa faoliyat olib borayotgandi. Endi ularning soni deyarli teng yarmiga qisqarar ekan, qolgan madrasalarda ham yopilgan madrasalar taqdiriga uchrab qolish borasida xavotirliklar paydo bo‘lgan.

"Ayniqsa keyingi paytlarda turli xil tekshirishlar ko‘payib ketdi. Goh prokuraturaga chaqirishadi, goh sanitariya-epidemiologiya xizmatidan, goh yong‘in o‘chiruvchilar kelib ketishadi. Har bir tekshiruvchi albatta qandaydir bir kamchilik topadi va madrasani vaqtincha yopish qarorini chiqaradi", deydi mahalliy madrasalardan birining mutasaddilaridan biri.

O‘z nomini oshkor etishni istamagan mudarrislardan birining fikricha, viloyatdagi mavjud madrasalardagi o‘quvchilar uchun ajratilgan o‘rinlar ham aslida islomiy ilm olishni istaydigan yigitlar va qizlarning talabini qondira olmaydi.

Isfara tumanining 25 ming nafardan ortiq aholi yashaydigan Chorko‘ qishlog‘ida yashaydiganlar esa bu yerdagi madrasaning yopib qo‘yilganiga 10 yildan ortganidan yozg‘irishadi. Chorko‘liklarning aytishlaricha bu madrasa binosi zamonaviy tarzda qurilgan va u yerda ta‘lim uchun barcha zarur sharoitlar yaratish imkoniyati bor.

"Men chet elda ta‘lim olishni istayman. Lekin bunga yo‘l berishmayapti", deydi isfaralik o‘n olti yoshli yigit.

O‘tgan yili Tojikiston hukumati qaroriga ko‘ra, chet elda islomiy ta‘lim olish uchun o‘zlari yo‘l olgan yoshlarni mamlakatga qaytarish boshlangandi. Arab mamlakatlari, Pokiston va Eronda o‘qiyotgan yuzlab yoshlar Tojikistonga qaytarildi.

Tojikiston rasmiylari esa, Sho‘rolar davrida hozirgi mamlakat hududida bironta ham madrasa bo‘lmaganligini aytishadi. Tojikistonlik iqboli kulgan sanoqli yoshlargina qo‘shni O‘zbekistonning Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasi, yo Toshkent oliy islomiy ma‘hadida ta‘lim olishgan.

Endilikda Tojikistonda 20 ga yaqin madrasadan tashqari Imomi A‘zam Abu Hanafiya nomli Islom oliy o‘quv yurti faoliyat yuritayotganligi ta‘kidlanadi.

Xukumat diniy idoralari vakillari madrasalarda o‘qitish ishlariga e‘tibor kuchaytirilayotganini urg‘ulashar ekan, jumladan, Xo‘janddagi madrasa yangi zamonaviy bino qurilishi davom etayotganligini aytishadi.

Sinovdan o‘ta olmagan imom-xatiblar

Image caption Taniqli ulamo Hoi Akbar To‘rajonzoda Tojik hukumatining diniy siyosatini tanqid qilib turadi.

Ayni bir paytda Tojikiston janubidan olingan xabarlarga ko‘ra, Ko‘lob mintaqasida 6 nafar imom-xatib sinovdan o‘ta olmagan.

Ko‘lob mintaqaviy diniy idorasidan bildirishlaricha, u yerdagi 60 ga yaqin masjidda imom-xatiblar bilimi, ularning islomiy qadriyatlarga qanchalik rioya etishlari sinalgan.

Mintaqaviy diniy idora xodimlaridan birining aytishicha, Ko‘lob shahridagi masjidlardan birining imom-xatibi oddiy talablarga ham muvofiq emasligi ma‘lum bo‘lgan. Yana besh nafar imom-xatib esa, sinovda hozir bo‘lishmagan. Bunga ularning o‘z diniy va qonuniy bilimlariga ishonmasliklari bois bo‘lgan, deydi diniy idora xodimi.

Dushanbe shahridagi yirik masjidlardan biri - "Qozoqon" Jo‘me masjidining imom-xatibi Mullo Abdurahim iste‘fo bergan. Uning izohlashicha, bu iste‘foga mamlakat Ulamolar kengashining o‘tgan yil dekabrida aka-uka To‘rajonzodalarning shialarga xos "Ashura" marosimini o‘tkazganliklariga oid ma‘vizasini o‘qimasligi sabab bo‘lgan.

Image caption Tojikistonda Islom dini va bugungi zamon munosabatlarida murakkablik ko‘zga tashlanadi.

Tojikistonlik taniqli ruhoniy Hoji Akbar To‘rajonzoda Mullo Abdurahimni Tojikistondagi eng kuchli imom-xatiblardan biri sifatida ta‘riflagan.

Mullo Abdurahimdan oldinroq Tojikistonning turli mintaqalaridagi masjidlarning yana yetti nafar imom-xatibi vazifasidan bo‘shatilgandi. Jumladan, Dushanbedagi Bahovuddin Naqshbandiy nomli Jo‘me masjidining yigirma yillik ish tajribasiga ega imom-xatibi nafaqaga chiqarilgan. Mahalliy hukumat rahbari unga uzoq yillik faoliyati uchun rahmat aytgan.

Tojikiston qonunlariga ko‘ra imom-xatiblarni namozxonlarning o‘zlari saylashlari zarur.

Tojikiston Diniy idorasi esa imom-xatiblarning ishdan ketishlarini ularning sinovlardan o‘ta olmaganliklari bilan izohlashgan.

Soliqlar qanday hisoblanadi?

Ko‘lob mintaqasi diniy idorasi xodimining aytishicha, ayrim imom-xatiblar namozxonlar tomonidan beriladigan xayriyalar miqdorini yashirishadi. U bunga ana shu xayriyalar hisobidan davlat byudjetiga pul topshirmaslik uchun intilish bois bo‘layotir, deydi. Ayni shu xodim imom-xatiblarning bu kabi xatti-harakatlarini o‘zlari targ‘ib etayotgan Islom qadriyatlarini buzish deya baholaydi.

Ayni bir paytda Tojikiston Diniy ishlar qo‘mitasi mamlakatdagi barcha masjidlarga ish haqi oladigan xodimlar ro‘yxatini taqdim etishni topshirgan. Bu masjidlarning moliyaviy faoliyatini tartibga solish bilan izohlangan.

Shu paytgacha imom-xatiblar va masjidlarning boshqa xodimlari namozxonlar xayriyalari hisobiga oladigan ish haqlaridan soliq to‘lashmasdi.

Soliq to‘lash borasidagi boshlanmani qo‘llab-quvvatlagan Tojikiston Ulamolar kengashi rahbarlari bu yangilik mamlakat byudjetini to‘ldirish omillaridan biri bo‘ladi, deya hisoblashadi.

Ayni bir paytda Dushanbe shahrida Rasht vodiysidagi 15 ta jome masjidiga faoliyat yuritish uchun hujjatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Bu masjidlar vakillariga hujjat bilan birgalikda tojik tilidagi "Qur‘on" topshirilgan.

Tojikiston Diniy ishlar qo‘mitasi rais muovini Mavlon Muxtorov hujjatlarni topshirar ekan, masjidlar ibodat, tavba-tazarru makoni ekanligini, aslo ziyofatlar, siyosiy o‘yinlar, qo‘ni-qo‘shnilarni muhokama etish, g‘iybatlar yeri bo‘lmasligini ta‘kidlagan.

U imom-xatiblarga qarata ularning mas‘uliyati qattiq ortganligi, o‘zlari bilan birga namozxonlarga nisbatan mas‘uliyat sezishlari zarurligini urg‘ulagan. U imom-xatiblarni mavjud nizomlarga ko‘ra masjid mehroblarida ularning o‘zlari va hukumat vakillaridan tashqari hech kim so‘zlay olmasligi borasida ogohlantirgan.

Tojikiston Diniy ishlar qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘zida 47 ta yangi masjid ro‘yxatga olingan. O‘tgan yili bu raqam 151 tani tashkil etgandi. Rasmiy ma‘lumotlarda nechta masjid yopilgani borasida gap ketmaydi.

Ayni shu qo‘mita ma‘lumotlariga qaraganda 2011 yilda Tojikistonda 3 ming 370 nafarga yaqin imom-xatib sinovdan o‘tkazilgan. Ulardan 106 nafari sinovdan o‘ta olmagan.

Imom-xatiblarni sinovdan o‘tkazish davom ettirilmoqda. Sinovdan o‘tganlar uchun malaka oshirish o‘quvlari tashkil etilmoqda. O‘tgan yil oxirrog‘ida e‘lon qilingan rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda 3746 ta masjid faoliyat yuritgan. Shuningdek, bitta Ismoiliylar jamoatxonasi va 74 ta islomiy bo‘lmagan diniy uyushma mavjud.

O‘z o‘rnida kuzatuvchilar masjidlardagi namozxonlar soni o‘tgan yili boshidagiga qaraganda hozirda ancha kamayib ketganligini ta‘kidlashadi. Ularning aytishlaricha, bunga hukumat tomonidan maktab yoshidagi bolalar (umuman) va oliy o‘kuv yurtlari talabalarining o‘qish paytida masjidga borishlari taqiqlangani sabab bo‘lgan.